"Korruptsiya-Oʻzbekiston jismidagi saraton"

Poraxoʻrlik Image copyright facebook

Oʻzbekiston matbuoti prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatda korruptsiyaga qarshi kurashning 2 yillik dasturini imzolagani haqida xabar berdi.

Dastur yaqinda qabul qilingan korruptsiyaga qarshi qonunni amalga tadbiq qilish chorlarini oʻz ichiga olar ekan.

Bu choralar aynan nimalar iborat ekanligi matbuotda keltirilmagan. Ularni gov.uz hukumat portalidan ham topmadik. Lex.uz Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi vebsahifasidagina topdik.

26 sahifadan iborat ushbu dastur chora-tadbirlar nomi, ijro muddati va masʼul ijrochilar ismlari doxil uch boʻlimda keltirilgan.

Huddi shu dasturga ilovan Korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha idoralararo komissiya tarkibi ham keltirilgan. Komissiya raisi - Oʻzbekiston Bosh prokurori I. Abdullayev.

Ammo BBC bilan suhbatda boʻlgan siyosiy faol Namoz Normoʻminning aytishicha, bu kabi mufassal va koʻp moddali choralar roʻyxatiga qaramay Oʻzbekistonda "siyosiy rejim oʻzgarmas ekan, korruptsiya bilan bogʻliq vaziyat oʻzgarmaydi".

Lekin Oʻzbekistonda, deylik, yaqinda rahbariyat oʻzgargani guvohi boʻldik va yangi rahbariyat soʻzlariga tayanadigan boʻlsak, koʻplab islohotlar va oʻzgarishlar amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda. Nima uchun bu intilishlar savol ostiga olinmoqda?

"Islom Karimovdan meros qolgan avtokratik tizim oʻzgarmas ekan, poraxoʻrlikka chek qoʻyishning imkoni boʻlmaydi. Bunga ilovan korruptsiyaga qarshi chora-tadbirlar uchun masʼul etib Bosh prokuratura, Ichki ishlar organlari va mahkama tizimi, mahalliy organlar rasmiylari tayinlangani. Axir bu organlar eng koʻp poraxoʻrlikka botgan tizim deb koʻriladi. Bundan-da koʻproq kinoya yoki kulgili holatni tasavvur qilish qiyin", dedi Namoz Normoʻmin oʻz suhbatida.

Gurjiston muvaffaqiyatining siri

Sobiq Ittifoq respublikalari misolida korruptsiyaga qarshi muvaffaqiyatli kurash misollarini qidirib, Gurjiston tajribasiga nazar tashlasak.

Gurjiston nisbatan qisqa vaqt ichida bir vaqtlar korruptsiya eng koʻp tarqalgan davlat qatoridan bu illat deyarli yoʻqotilgan davlat sifatida koʻriladi.

Gurjistondagi BBC muxbiri Rayhon Demitriyaning Namoz Normoʻmin soʻzlariga tasdiqan aytishicha, u yerda ham huquq-tartibot organlari eng korruptsiyalashgan tizim deya koʻrilardi va shuning uchun ham kurash aynan ana shu tizimdan boshlangan.

"Hukumat tomonidan korruptsiyaga qarshi kurash rejasi eʼlon qilinishi bilan shunchaki yuzaki islohotlar bilan cheklanishgani yoʻq. Minglab militsiya xodimlari ishdan boʻshatilib, baʼzida butun boshli vazirliklar xodimlari yoppasiga vazifasidan chetlashtirilib, oʻrniga yangi xodimlarni qisqa muddatda tayyorlab, butun tizimni deyarli yangidan tashkil etishdi", dedi Rayhon Demitriya.

Image copyright Gerogia government

Uning aytishicha, haqiqatan ham hozirda Gurjistonda aholi kundalik hayotida poraxoʻrlik holatlari bilan deyarli yuzma-yuz kelmaydi.

"Qoʻshni respublikalarga sayohat qilgan vaqtingiz Gurjiston va qoʻshni davlatlardagi ahvol oʻrtasida farq yaqqol koʻzga tashlandi. Deylik Armaniston chegarasini kesib oʻtishingiz bilan oʻsha-oʻsha shoʻrolar davridan qolgan munosabat, shubhali hujjat tekshiruvlar va toʻlovlar hanuz saqlanib qolganini koʻrsak, bu yerda shahar koʻchalarida tayoqcha koʻtarib, yoʻl chekkassida turgan DAN xodimlarni umuman koʻrmaysiz. Ularning nafaqat tashqi koʻrinishi, yaʼni formasi, ishlash uslubi, yondoshuvi, munosabatini mutlaqo oʻzgartirishga muvaffaq boʻlganlar".

Transparency International xalqaro tashkilotining Gurjistondagi vakolatxonasidan Irakliy Urushadzega koʻra, mamlakatning bu sohadagi muvaffaqiyatlaridan yana biri davlat muassasalaridagi poraxoʻrlikni yoʻqota bilganlari.

Bunga aynan qanday choralar orqali erishildi, degan savolimizga Irakliy Urushadzening aytishicha, "poraxoʻrlikda ayblanganlarni jinoiy javobgarlikka tortish, davlat xizmatchilarining maoshlarini oshirish va nihoyat ushbu tizimdagi oshkoralikni tadbiq qilish orqali" muvaffaq boʻlingan.

Transparency International vakili keltirgan choralardan birinchisi, yaʼni poraxoʻrlik uchun jinoiy javobgarlikka tortish chorasi Oʻzbekistonda hamisha mavjud boʻlgan. Lekin nima uchun u qadar ish bermagan? Bundan tashqari poraxoʻrlikda ayblanib, javobgarlikka tortilganlar aksar hollarda kimgadir "yoqmay qolgan" yoki "halaqit bergan" shaxsning "boshqalarga oʻrnak boʻlsin" qabilidagi javobgarlikka tortilishi koʻrinishida boʻladi. Holatlar esa davom etaveradi. Bu ahvolni qanday toʻgʻrilash mumkin?

Irakliy Urushadzening aytishicha, bu oʻrinda oshkoralik va hisobdorlik oʻta muhim omildir.

"Lekin afsuski avtoritar va nodemokratik boʻlgan tizimlarda tom maʼnoda ana shularga erishish imkonsizdir", deydi u.

Haqiqatan ham atrofga nazar tashlasangiz, mamlakatda demokratiya darajasi ne qadar "past" boʻlsa, korruptsiya darajasi shu qadar yuqori ekanligi deyarli isbot talab qilmaydigan faktdek. Goʻyoki bu ikki koʻrinish orasida proportsional bogʻliqlik bordek.

Image copyright Social media

Demokratiya darajasini koʻtarmay turib, bu kabi islohotlarni samarali ravishda amalga oshirish imkonsizligi haqida Namoz Normoʻmin ham toʻxtalib oʻtdi.

Unga koʻra, "fuqaro jamiyati, jamoatchilik ishtiroki, erkin matbuot, diniy va turli boshqa ijtimoiy tashkilotlar faolligisiz yuqoridangina tushirluvchi farmon va buyruqlar bilan biribir koʻp narsaga erishish mumkin emas. Poraxoʻrlik Oʻzbekiston jismidagi saraton kasalligi kabidir. Hammayoqqa tarqab ketgan saraton. Bunda eski uslubdagi jarrohlik yoʻli ish bermaydi. Mufassal, chuqur islohot startegiyasi ishlab chiqilmas ekan, oʻzgarishlarni kutish qiyin. Hozirda taklif qilinayotgan dastur va rejalar Islom Karimov davridagi hujjatlardan koʻpda farq qilmayapti".

Suhbat mobaynida biz poraxoʻrlik nafaqat uni "oluvchilar" bilan bogʻliq muammo ekanligi, balki aksar oʻzbekistonliklar tomonidan oddiy holat sifatida qabul qilinishi, "ishlarini tezroq bajarish" ilinjida boʻlganlar tomonidan qaysidir maʼnoda ragʻbatlantirilishi muammosini ham tilga oldik.

Namoz Normoʻminga koʻra, "albatta insonlarning zehni va ongidagi munosabat" illatga qarshi kurashdagi asosiy omillardan boʻlishi kerak.

Lekin Transparency International dan Irakliy Urushadzening aytishicha, korruptsiya koʻpda milliy madaniyat va zehnga bogʻliq emas.

"Gurjiston aholisining korruptsiyaga munosabati hukumatning "vaziyat oʻzgaradi, bundan buyogʻiga endi poraxoʻrlik qabul qilinmaydi" deya qatʼiy ravishda maʼlum qilgan vaqti tez orada oʻzgardi. Agarda buni madaniyat va ongning bir qismi, deya qabul qilganimizda bunday boʻlmasdi. Demak, hamma narsa hukumatning jiddiy va samimiy siyosiy irodasiga bogʻliqdir", dedi Transparency International vakili.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring