Oʻzbekiston Senatining raisi: "Tovuq boqing"

Nigʻmatulla Yoʻldoshev Image copyright Asiaterra
Image caption Nigʻmatulla Yoʻldoshev oʻtgan yil sentyabrida Prezident vakolatlarini bajarishdan bosh tortgan edi.

Oʻtgan yil sentyabrida Prezident vakolatlarini bajarishdan bosh tortgan Nigʻmatulla Yoʻldoshev Prezident Mirziyoyevning aholini qashshoqlikdan olib chiqish uchun tovuq boqish haqida qilgan chaqirigʻiga qoʻshilgan.

Oʻzbekiston parlamenti yuqori palatasi - Senat raisi Nigʻmatulla Yoʻldoshev Fargʻona viloyatining Buvayda tumaniga safar qilgan.

Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentning har ikki palatalari spikerlari hamda deputatlarni "kabinetlarida oʻtiravermasdan" viloyatlarga safar qilish va joylardagi vaziyatni yaqindan oʻrganishga chaqirgandi.

Bu oʻtgan yil sentyabrida Islom Karimov vafoti ortidan Prezident vakolatlarini bajarishdan bosh tortgan Senat raisining mintaqalarga ilk safaridir.

Oliy Majlis palatalarining 2016 yil 8 sentyabrda oʻtgan qoʻshma yigʻilishida Nigʻmatulla Yoʻldoshev oʻz qarorini davlat boshqaruvida "tajribasizligi" bilan izohlagan va Prezident vazifasini bajaruvchi lavozimiga Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev nomzodini taklif qilgan.

Rasmiylar Senat raisining qarorini himoya qilishgan va Konstitutsiyaning 90-moddasi buzilgani haqidagi daʼvolarni rad etganlar.

Yoʻldoshevning oʻz safarini nima uchun Buvaydadan boshlagani ochiqlanmagan.

Unga hamrohlik qilayotgan mahalliy rasmiylardan birining BBCga aytishicha, Buvayda tumani 214 ming aholisi bor va "doimo qarzda oʻtiradigan" hudud hisoblanadi.

"Bu tumanda ishsizlik yuqori darajada, kasb-hunar kolleji bitiruvchilari, umuman, mehnatga yaroqli aholining deyarli 90 foizi ishsiz", - deydi mahalliy rasmiy.

Buvaydaliklardan yana birining aytishicha, ishsizlik bois tumanda jinoiy vaziyat ham ogʻirlashgan

"Tumanimizda bir oyda beshta bosqinchilik va oʻgʻirlik sodir boʻlgan - deydi u. Yosh yigitlar Rossiya va Qozogʻiston, viloyatning Soʻx tumanlariga borib ishlab kelardi. Qish faslida u yerlarda ham ish kamaygani, baʼzi erkaklar Rossiyadan deportatsiya boʻlgani sabab ishsizlik tufayli oʻgʻirliklar koʻpaygan".

"Tovuq boqing"

Nigʻmatulla Yoʻldoshev tumandagi tadbirkorlar bilan uchrashib, ularni qiynayotgan muammolarni ochiq-oydin muhokama qilishga chaqirgan.

Ammo yigʻilish qatnashchilaridan birining BBCga aytishicha, "avvaldan tayyorlangan" uch-toʻrt nafar tadbirkor banklardan kredit olish, yer ajratish, konvertatsiya masalasi boʻyicha yordam kerakligini aytishgan.

"Muammolarini aytgan tadbirkorlarning oʻzi ham bu muammolar hal boʻlmasligini yaxshi bilishadi", - deydi buvaydaliklardan biri.

BBCga maʼlum boʻlishicha, Buvaydadagi uchrashuvlar chogʻida Nigʻmatulla Yoʻldoshev ham qishloq xonadonlarida tovuq boqishni targʻib qilgan.

U mahalliy mutasaddilarga parrandachilik uchun kredit soʻragan aholiga tezda kredit ajratish va kam taʼminlangan oilalarga parranda boqish uchun kataklar qurib berish vazifasini yuklagan.

Avvalroq Qoraqalpogʻiston va Xorazmga safar qilgan Prezident Shavkat Mirziyoyev aholini oʻz turmush sharoitlarini yaxshilash uchun tovuq boqishga chaqirgandi.

"Qoraqalpogʻiston boʻyicha, umuman respublika boʻyicha qishloq joylaridagi har bir xonadon 100 tadan tovuq boqishga majbur", - degan Prezident.

Uning aytishicha, 100 ta tovuq boqib, har kuni kamida 50 ta tuxum olgan oila "kam taʼminlangan oila boʻlmaydi".

"10 ta tuxumni oʻzi yeb, 40 tasini sotgan xonadon kam boʻlmaydi", - deb aytgan davlat rahbari.

Jahon Bankining maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston aholisining uchdan bir qismi qashshoqlikda hayot kechiradi.

2014 yilda Britaniyada chop etiladigan Ekonomist jurnali Oʻzbekiston aholisining 76 foizi qashshoqlikda hayot kechiradi, degan xulosaga kelgan.

"The Economist Intelligence Unit" oʻzining "Oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha global indeks"ida Oʻzbekistonni 109 mamlakat orasida 73- oʻringa qoʻygan.

Aholining oziq-ovqat sotib olish salohiyati boʻyicha, Oʻzbekiston dunyoning eng yoʻqsil mamlakatlari sirasiga kiritilgan.

Jahon Bankining 2015 yildla chop etgan maʼlumotlariga koʻra, jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi boʻyicha Oʻzbekiston ($2,132) Qozogʻistondan ($10,510)qariyb 5 barobar orqada.

Oʻzbekistonda "qashshoqlik" oʻrniga "kam taʼminlangan" iborasi qabul qilingan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring