Mirziyoyev oʻzining ham aybi borligini tan oldi

Shavkat Mirziyoyev Image copyright UzA

Mamlakat sogʻliqni saqlash tizimini keskin tanqid qilgan Prezident Shavkat Mirziyoyev yuzaga kelgan vaziyatda oʻzining ham aybi borligini tan olgan.

7 fevral kuni oʻtgan yigʻilishda Prezident Sogʻliqni saqlash vaziri Adham Ikromov va boshqa rahbarlardan tugʻruqxonalardagi poraxoʻrlikka chek qoʻyishni talab qilgan.

"Eng katta poraxoʻrlik tugʻuruqxonalarda. Buni yigʻishtirish kerak. Men ogohlantirmoqdaman: bir oydan keyin juda katta tizim ishlaydi, aynan tugʻuruqxonalar va barcha tibbiy muassasalar boʻyicha. Men bugun sizlarni ogohlantirmoqdaman. Hech kim hech kimni himoya qilmaydi Adham Ilhomovich. Bu poraxoʻrlikni tugatish shart. Tugʻuruqxonalarda bu muhitni yoʻq qilmasak, ular poraxoʻrlikni hayot normasi deb qabul qila boshlashdi. Albatta, tugʻdirganga pul berish kerak... Qayerda bu yozilgan? Hech qayerda yozilmagan... Hamma norozi", - deya Prezident Mirziyoyevning soʻzlaridan iqtibos keltirgan kun.uz nashri.

Mirziyoyev, garchi nomini tilga olmagan boʻlsa-da, shoʻro davrida ayni tizimni yaxshilash yoʻlida qilgan xizmatlari uchun marhum Sharof Rashidovdan qolgan merosni maqtagan va Islom Karimov davlatni boshqargan "oxirgi 20 yilda" sogʻliqni saqlash tizimida hech qanday ish qilinmaganini aytib, bunda oʻzining ham "aybi bor"ligini tan olgan.

"Sobiq rahbarlar yoʻq joyda yangi ToshMI qurishdi. Oldingi rahbarlardan yangi ToshMIlar qolgan. Hozirgilardan nima qoldi 20 yilda? Kechirasizlar-ku, faqat gʻoʻddayish. Nima uchun men bu soʻzlarni aytmoqdaman. Bir-birini himoya qilishni bas qilish kerak. Alimov Sogʻliqni saqlash vaziri boʻlganda, biz vazirlikni butunlay oʻldirdik. Bu mening ham aybim", - degan Prezident.

Bu Mirziyoyevning Prezident etib saylanganidan keyin soha mutasaddilari bilan oʻtkazgan ikkinchi yigʻilishidir.

Bundan avvalgi yigʻilishlarda ham Prezident oʻzi oxirgi 13 yil davomida boshqargan hukumat mulozimlarini oʻzlari rahbar boʻlgan sohalardagi kamchiliklar va korruptsiya uchun keskin tanqid qilgan edi.

Ammo u yuzaga kelgan vaziyatda oʻzining ham masʼuliyati borligini birinchi marta eʼtirof etishi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring