Oʻzbek kinosi Gollivud va Bollivudni "ortda qoldirdi"

oʻzbek filmlari Image copyright courtesy

Rossiyaning kinematografiyaga bagʻishlangan eng yirik portali - "KinoPoisk" oʻtkazgan soʻrov natijalariga koʻra, oʻzbek badiiy filmlari dunyodagi eng yaxshi filmlar deb tan olingan.

Saytning xabar berishicha, oʻzbekistonlik kino ijodkorlarining asarlari portal reytingida dunyo kino sanoati gigantlari boʻlgan AQSh va Hindistonni ortda qoldirgan.

"KinoPoisk" foydalanuvchilari Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan filmlarga bergan baho 7,4 ballni tashkil etgan.

Ikkinchi oʻrinni 7,2 ball bilan Hindiston, uchinchi oʻrinni esa Rossiya kinolari (6,5) egallagan.

Foydalanuvchilar Gollivud filmlarini toʻrtinchi oʻringa munosib koʻrganlar.

"KinoPoisk" foydalanuvchilar aynan qaysi oʻzbek filmlariga yuqori baho berganlariga aniqlik kiritmagan.

Koʻpgina sobiq sovet davlatlaridan farqli oʻlaroq, Oʻzbekiston Sovet Ittifoqi tarqalishi ortidan kino sohasini moliyalashni toʻxtatmagan.

Oxirgi yillarda bu sohadagi davlat buyurtmalari uchun yanada koʻproq mablagʻ ajratilayotgani kuzatiladi.

"Oʻzbekkino" davlat agentligining qator rahbarlari davlat mablagʻlarini talon-taroj qilishda ayblangan.

Ammo mutaxassislarga koʻra, oʻzbek tomoshabinlari orasida eng koʻp koʻrilayotgan filmlar xususiy studiyalarda olinayotgan filmlardir.

Bachkana filmlar

Kinomunaqqidlar xususiy studiyalarda olinayotgan koʻpgina filmlarni bir xilligi va badiiy saviyasi pastligi uchun tanqid qilishadi.

2015 yilda Oʻzbekiston hukumati milliy kinematografiyani rivojlantirishga doir yangi rejani maʼqullagan.

Unda "Oʻzbekkino" tizimida qator islohotlarni amalga oshirish va "Kinematografiya haqida"gi maxsus qonun loyihasini ishlab chiqish koʻzda tutilgandi.

Atoqli kinorejissyor Shuhrat Abbosovga koʻra, islohotlar haqidagi gap-soʻzlarga qaramay, oʻzbek kinosida qator masalalar, jumladan, mualliflik huquqi masalasi yechilmay kelinayotir.

Rejissyorning avvalroq BBC bilan suhbatda aytishicha, oʻzbek filmlari orasida "koʻrishga arzigulik kinolar bor, lekin koʻp emas".

"Tomoshabinni bachkanalik bilan kinoteatrlarga jalb qiladigan oldi-qochdi komediyalar koʻpayib ketdi. Bunday filmlar xalqimizning didini buzadi", - deydi rejissyor.

Shuhrat Abbosovning oʻzi oʻtgan yil dekabrida oʻzbek kinosining oltin fondidan oʻrin olgan "Mahallada duv-duv gap" filmining zamonaviy versiyasini suratga olish ishlarini yakunlash arafasida ekanini maʼlum qilgan.

1960 yilda suratga olingan film sobiq SSSR da katta shuhrat qozongandi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring