Talabalarga bir xil stipendiya tayinlash taklif etildi

Image copyright Official

Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimida soʻnggi 15 yilda amalda boʻlib kelgan "tabaqalashtirilgan stipendiya" tizimidan voz kechilishi mumkin.

Bu haqdagi taklif taʼlim sifatini yaxshilash borasida Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan chora-tadbirlar roʻyxatidan oʻrin olgan.

BBCga yetib kelgan rasmiy hujjatdan anglashilishicha, Prezidentning fan, taʼlim va madaniyat masalalari boʻyicha Davlat maslahatchisi idorasi talabalarga bir xil miqdorda stipendiya belgilash "oliy taʼlim muassasalarida talabalarning baholarini sunʼiy oshirish holatlarini bartaraf etadi va pedagoglar bilan ularning munosabatlarini sogʻlomlashtiradi" deb ishonadi.

Davlat maslahatchisi A. Yunusxodjayev tomonidan kiritilgan taqdimnomada gap taʼlim tizimidagi islohotlar haqida borsa-da, asosiy urgʻu davlat mablagʻlarini tejashga qaratilganini sezish mumkin.

"Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, barcha talabalarga bir xilda 280 ming stipendiya tayinlash hamda umumiy stipendiya fondining 3 foizidan iborat ragʻbatlantiruvchi jamgʻarmani tashkil etish hisobiga 51 964,8 million soʻm mablagʻ tejalishi... mumkin" deyiladi Davlat maslahatchisining Prezident nomiga yoʻllagan rasmiy maktubida.

Mulozimga koʻra, bundan tashqari yana 25 002,4 mln soʻm byudjet mablagʻlarini tejash va ularni oliy taʼlim muassasasini rivojlantirishga yoʻnaltirish mumkin.

Ayni paytda Oʻzbekiston Prezidentining davlat stipendiyasi, Beruniy, Ibn Sino, Navoiy va Ulugʻbek nomidagi stipendiyalarni saqlab qolish koʻzda tutilmoqda.

Ammo aftidan, stipendiyalar masalasida asosiy urgʻuning byudjet mablagʻlarini tejashga qaratilishi davlat rahbarini qoniqtirmagan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu masalani qayta koʻrib chiqish mumkinligini aytgan.

"Ammo, stipendiya miqdorini belgilashda ijtimoiy masalalar ham albatta inobatga olinishi lozim. Byudjet mablagʻlarini iqtisod qilish bilan birga, kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalasi asosiy masala boʻlmogʻi kerak", - deyiladi Prezident devoni umumiy boʻlimida 18 yanvar 2017 yil sanasi bilan qayd etilgan hujjatda.

Prezident Bosh vazir va uning uch oʻrinbosarlari hamda Davlat maslahatchisiga "puxta takliflar haqida 1 martgacha axborot berish"ni topshirgan.

Hozirda Oʻzbekiston oliy taʼlim muassaslarida talabalarga 255 ming soʻm (qoniqarli-tahr.) dan 507 ming soʻmgacha (aʼlo-tahr.) stipendiyalar tayinlanadi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring