Tramp Islom haqida nima deydi?

Tramp Image copyright Getty Images
Image caption Tramp radikal Islomiy terrorizm xavfidan qayta-qayta ogohlantirib keladi

Donald Tramp Islomning din ekanligiga ishonadimi? Bu savol prezident yordamchisining oʻrinbosari Sebastian Gorkadan oʻtgan hafta radioda toʻgʻridan-toʻgʻri soʻraldi. Biroq uning javobi mavhum boʻldi.

"Islom din yoki din emasligi muhokama qilinadigan mavzu emas. Mavzu radikal Islomiy terrorizm haqida. Biz tahdidlarga nisbatan rostgoʻy boʻlishga oʻrganganmiz. Bu narsaga Obama maʼmuriyati qilganidek koʻz yummoqchi emasmiz", - degan u.

Gorkaning qoʻshimcha qilishicha, Islom dinmi yo din emasmi degan savolni Trampning oʻzidan soʻrash kerak.

"Lekin shuni taʼkidlamoqchimanki, soʻnggi 18 oy davomida Tramp tomonidan aytilgan har bir gapni notoʻgʻri talqin qilib kelishdi", - degan u.

Donald Trampning soʻnggi bir yarim yilda bildirgan fikrlariga nazar tashlasangiz, masalaning yanada chigalligini koʻrish mumkin. Aksiga olib maslahatchilarning ham qarashlari yangi prezidentnikiga juda yaqin.

Tramp radikal Islomiy terrorizm xavfidan qayta-qayta ogohlantirib keladi. Shu bilan prezidentlik davrida bu jumlani ishlatishdan namoyishkorona bosh tortgan Barak Obamaga ochiq taʼna qilayotgani sezilib turadi.

U Obama va Hillari Klintonni oʻzini Islomiy Davlat deb atovchi guruhning "asoschilari" deya ayblaydi. Iroqda oʻldirilgan amerikalik musulmon askarning ota-onasiga adovatini ochiqchasiga namoyish qildi. AQShga kirayotgan musulmonlarga vaqtinchalik taqiq qoʻyishni koʻp marotaba yoqlab chiqqan va Amerikadagi musulmonlarning "nazorat ostidagi roʻyxat"ini tuzishni yoʻlga qoʻydi.

Tanqidchilar ushbu harakatlar Prezident Tramp siyosatining negizidagi Islomga boʻlgan nafratni namoyon qilishini aytishadi.

"2016 yilgi prezidentlik saylovoldi kampaniyalari boshidan oxirigacha Islomofobiya yashayotgani, kuchli va har doimgidek siyosiy jarangdor ekanligini roʻyirost koʻrsatdi. Islomni har narsaga balogardon qilish, musulmonlarga qora chaplash Trapm uchun shunchaki xabar tarqatish kampaniyasi emas, balki gʻalaba qozonish strategiyasi boʻldi", - deb yozdi Detroyt universiteti professori Holid Baydoun.

Tramp vaqti-vaqti bilan bu kabi xulosalarni chippakka chiqarish uchun biroz harakat ham qildi.

"Menimcha Islom bizni yomon koʻrsa kerak", - dedi u 2016 yilning mart oyida bergan intervyusida.

Ayrim holatlarda u 1,6 milliard musulmon va kamsonli "yomon va xafvli" musulmonlar oʻrtasida chegara chizishga urgʻu berib qoladi.

"Men musulmonlarni yaxshi koʻraman. Menimcha, ular ajoyib odamlar", - degandi Trapm 2015 yilning sentyabr oyida.

Agar prezident maʼmuriyati Oq uyda oʻtirgan odamni akslantirsa, Trampning musulmonlar haqidagi bahsli mulohazalari uni qurshab turgan maslahatchilardan iborat jamoada namoyon boʻlsa hayratlanmaslik kerak.

Ziddiyatli odamlar

Bir jamoada Prezidentning musulmonlarga qarshi qaratilgan adovatli qarashlarini aks-sadolantiruvchi koʻplab Tramp maslahatchilari toʻplangan.

Ularning safiga Milliy Xavfsizlik boʻyicha maslahatchi Maykl Flin, katta maslahatchi Stiv Bannon va Bosh prokuror Jeff Seshshnslarni kiritish mumkin.

Janob Flin, masalan, "Islomni din niqobi ostida yashirinib yotgan siyosiy gʻoya", - deb atadi.

U dinni "oʻsma saraton"ga oʻxshatdi va musulmonlardan qoʻrqish "mantiqli" ekanligi haqida tvit yozdi.

Bannon Trampning prezidentlik saylov kampaniyasida yuqori lavozimni egallagunga qadar Breitbart nomli millatchi saytni boshqargan. U Islomni "dunyodagi eng radikal din" degan va musulmonlar "AQShda beshinchi kolonna"ni tashkil qilganidan ogohlantirgandi.

Beshinchi kolonna - siyosiy atama boʻlib, uchinchi bir davlat manfaatlari uchun oʻz davlatiga qarshi boruvchi fuqarolarga nisbatan ishlatiladi.

Trampning migratsiya siyosati meʼmori Seshshns tomonidan yanada torroq fikr bildirildi.

"Bizda zaxarlangan gʻoya bor, Islomning ichidagi juda kamchilik uni qoʻllashiga va koʻplab musulmonlar ushbu zoʻravonlik va jihodiy yondashuvga rozi boʻlmasligiga umid qilamiz. Biz ushbu farqni osonlik bilan aniqlab olishning maʼqul yoʻlini topishimiz kerak", - dedi u.

Amaliyotchilar

Oq uyda chuqurroq oʻylovchilar ham bor, albatta. Mudofaa vaziri Jeyms Mattis AQShning Islomiy dunyo bilan ittifoq tuzishi zaruriyatini himoya qilib, jihodiy guruhlarning "qalbaki diniy libos kiyib olgan"ini aytdi.

Mattis Trapm maʼmuriyatiga qoʻshilishdan oldin vitse-prezident Mayk Pens singari musulmonlarning Amerikaga kirishiga taqiq qoʻyilishiga tanqidiy fikr bildiruvchi Respublikachilar qatorida edi.

U musulmonlarga taqiq qoʻyilishi Amerikaga qattiq zarar berishini aytgandi.

U lavozimga tasdiqlanganida bergan intervyusida amerikalik musulmon askarlar bilan jang qilganini qayd etib oʻtgan.

Prezident maslahatchilari orasida Bannonning bosh raqibi sifatida koʻriladigan Oq uy kadrlar boʻlimi boshligʻi Reyns Pribus musulmonlarni roʻyxatdan oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyilmasligini aytib oʻtdi.

"Islom dinida muammoli boʻlgan ayrim jihatlar bor. Biroq bu narsalar toʻliq Islomni anglatmaydi", - dedi Pribus.

Ritorik qiymat

Trapm Oq uyining musulmonlarga nisbatan munosabatlari borasidagi bahslar shunchaki akademik tortishuvlar emas.

Prezidentning qochqinlarni koʻchirish va yetti musulmon davlatidan Amerikaga migratsiyani cheklash kabi qarorlarining qonuniyligi mahkama orqali savol ostiga olindi.

Ushbu mahkama jarayoni vaqtida Trapmning raqiblari prezident tomonidan musulmonlarga nisbatan aytilgan adovatli gaplar va uning qoʻl ostidagilar musulmonlarga nisbatan aksil-konstitutsiion siyosat olib borilganiga isbot sifatida keltirdi.

AQShning Trampdan oldin saylangan prezidentlarida ularning maqsadi Islom emasligini aytish bilan unga ters amallarni qilish hollari boʻlgan.

"Terrorizmning yuzi asl Islom dini degani emas. Islomning terrorizmga aloqasi yoʻq. Islom tinchlik dinidir", - degan edi Jorj Bush 2001 yil 11 sentyabrda amalga oshirilgan hujumlardan soʻng qilgan chiqishlaridan birida.

Keyinroq u musulmon davlatlari boʻlmish Afgʻoniston va Iroqqa hujum qildi.

Barak Obama ham shunga oʻxshash fikr bildirgandi.

"Biz kabi qonun ustuvorligi, tinchlik va taraqqiyot boʻlishini istayotgan 99.9 foiz musulmonlar bilan ittifoq tuzishimiz juda muhim", - degan edi u.

2016 yili u Suriya, Iroq, Afgʻoniston, Liviya, Yaman, Somali va Pokiston kabi musulmonlar yashaydigan davlatlarga 26 mingdan ziyod bomba tashlashga buyruq berdi.

Donald Trapm undan oldingi hamkasblari kabi ayni fikrlardan bemalol foydalanib amalda boshqa ishni qila olmaydi.

Prezident lavozimidagi hatti-harakatlari uning va maslahatchilarining oʻtmishdagi chiqishlarini eslatish bilan hamohang kechadigan koʻrinadi.

Migratsiya qaroriga nisbatan keskin munosabat bildirilishi bunga yorqin misol va aftidan bu oxirgisi emas.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring