Munosabat: Navoiydan Navoiygacha

Alisher Navoiy Image copyright Internet
Image caption Alisher Navoiy

Fikrlashni cheksizlik orqali boʻyniga olgan har qanday shaxs uchun narsalarga nom berish eng qiyin hisoblanadi. Agar nom berdingizmi yoki tasvirladingizmi demak, gʻayb pardalari koʻtarilib ketadi, yoʻllar ochilib ketadi, voqelikdagi muammolar yechilib ketadi va xokazo. Mutafakkirlar shunday deyishadi.

Navoiy bir gʻazalida bunga urgʻu beradi:

Ey Navoiy, ista maʼni olamikim, keldi dun,

Har kishikim mayli ushbu dunyoi dun saridur.

Oxirgi 500 yil haqida gurung ketganda mutaffakkir shoir Rauf Parfi "balki biz oʻlgan millatdirmiz", degan jumlani aytgan ekan. Oxirgi 500 yillikning boʻshligʻini Navoiy obrazi kompensasiya qilib toʻldirmoqda, albatta. Hozir ham. Orada va hozir ham irreal dunyoda yashayotgandaymiz: mavhumlik orqali - psixologik qarashlarimiz bilan dunyoga, voqelikka nom bermoqchi boʻlamiz, shu asosda yashaymiz, shu asosda jamiyatni qurmoqchi boʻlamiz. Teskarisi boʻlishi kerak edi.

Navoiy zamonidan keyin Turkiston irreallik davriga qadam qoʻydi. (Aslida Navoiy zamonidan oldin bu kasallikning alomatlari koʻrina boshlagandi.) Din boshqa, hayot boshqa, jamiyat boshqa, davlat boshqa, siyosat boshqa shaklidagi fikrlash tarzi odamlar onggini egallab qoʻydi. Hozir ham shunday. Davom etmoqda. Irrealizm davri.

Gʻarb dunyosi jamiyatda demokratik konstruksiyalar yaratgani bois irrealikdan reallik dunyosiga qadam qoʻydi: jamiyatdagi oʻzaro teng munosabatlarda reallikning-tiriklikning sifatlari namoyon boʻla boshladi. Bu boshqa mavzu, albatta.

Navoiy Islom madaniyatiga turkiy til orqali eng katta hissa qoʻshgan shaxs hisoblanadi, albatta. Ungacha fors tilida insonga hayot berguvchi reallikni koʻp va xoʻp tasvir etishgan, nom berishgan edi.

Navoiy zudlik bilan fors tilida yaratilgan shakllarni olib maʼno olamiga turkiy til kiydiradi. Yana oʻtkan yoʻldoshlari kelib qolgan joydan cheksizlik tomon yolgʻiz bir oʻzi safar qiladi. Kundaliklarida - gʻazallarida ushbu safarlarini qayd etadi, nom beradi. Lekin u borayotgan, kezayotgan manzillarda dunyodagi bir ulugʻ Odam otining changgi qolgan edi.

Ul quyosh vaslin tilarsen, boʻl mujarrad, negakim,

Koʻkka Ruhullohni yetkurgan aning tajrididur.

"Dunyo madaniyati bu kollektiv mehnat" - degan edi bir shoir. Faqat ushbu mehnat egalari hayotda bir-birlarini umuman koʻrishmagan, vaqt uzunasida bir-birlaridan uzoq yashashgan. Lekin ularni bogʻlovchi bir narsa bor- reallik. Mutafakkirlar nazdida Reallik Jannat, doʻzax tushunchalarini beruvchi sarhadlarni ham qamrab oladi. Navoiy ham, masalan, "Xamsa" boshlanishida osmonlarning sifatu feʼllarini tasvirlab beradi. Navoiy reallik orqali atrofida kechayotgan voqelikni doston shaklida tasvir etganda qanday boʻlardi degan savol odamni qiynaydi. Bu aslida har qanday ijodkorning eng, eng orzusi hisoblanadi. Navoiydan sal oldinroq yashagan Dante bunga unnab koʻradi. Lekin nom berishda adashib ketadi. Voqelik bilan reallik chegarasini oʻrnatolmaydi, chalkashib ketaveradi, natijada ziddiyatli, bir- biri bilan oʻrni almashtirilgan tasvirga duch kelamiz.

20 asr boshlarida reallik koʻzi bilan dunyoga qaraydigan ijodkorlar paydo boʻldi. Ayniqsa, A.Fitrat asarlari zalolatga ketib qolgan, yaʼni tiriklikdan uzilib qolgan voqelikni tasvirga oladi, nom beradi. Choʻlpon "Uyquda ul pari" deb Navoiy zamonidan keyingi jamiyatda kechib kelayotgan tragizmni absolyut nuqtalardan aytadi: uygʻonish odamning qoʻlidan keladi ham qoʻlidan kelmaydi deydi.

(Orada Mashrabning harakatlari - yozgan gʻazallari irreal hayotda yashovchilar uchun alahsirashdek tuyuladi.)

Voqelikka cheksizlik orqali aniq tashxis qoʻyilsa, oʻlik jamiyatni tiriltirish mumkin ekan. Irrealikdan realikka qaytarish mumkin ekan. Buning uchun oʻzbek badiiy tafakkuri Navoiydan Navoiygacha yoʻl yurishi kerakdir, ehtimol.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring