Oʻzbekiston: uch polkovnik ishdan olingan

Shavkat Mirziyoyev Image copyright UPL.UZ

Toshkentdan olingan xabarlarga koʻra, prezident Shavkat Mirziyoyev IIV Transportdagi, Andijon va Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarini birvarakayiga oʻz vazifasidan chetlatgan.

Ularni ishdan olishga oid qaror Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida kecha - 9 fevral kuni boʻlib oʻtgan xos yigʻin chogʻida yangragan.

Ayon boʻlishicha, har uchovlon ham "oʻz ish faoliyatlari davomida jiddiy xato va nuqsonlarga yoʻl qoʻygan", deb topilishgan.

Bu haqda "Kun.uz" oʻz manbasiga tayanib xabar bermoqda.

Ammo hozircha imkonli boʻlgan xabarlarda soʻz aynan qanday "xato va nuqsonlar" haqida borayotgani tafsilotlari ochiqlanmagan.

Ramziddin Gʻafforov, Dilshod Bobojonov va Aziz Boboxoʻjayevlarning keyingi taqdirlari va oʻrinlariga kim tayinlanganiga oid maʼlumotlar ham shu soatlarda imkonli emas.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida poytaxt Toshkentda boʻlib oʻtgan yigʻinning oʻzi esa, ichki ishlar organlari faoliyati, tizimda mavjud muammo va kamchiliklar, istiqboldagi vazifalar tahliliga bagʻishlangan boʻlgan.

Tanqidiy chiqish

Image copyright COURTESY

Agar, xabarlarga tayanilsa, prezident Shavkat Mirziyoyevning chiqishi aniq raqamlarga tayangan va anchayin tanqidiy ohangda boʻlgan.

Oʻzbekiston rahbari keltirib oʻtgan maʼlumotlarga tayanilsa, birgina oʻtgan yilning oʻzida "966 nafar xodim salbiy sabablarga koʻra, Ichki ishlar idoralaridan boʻshatilgan".

"Ularning aksariyati esa, poraxoʻrlik, mansab vakolatini suiisteʼmol qilish, mansab vakolati doirasidan chetga chiqish kabi jinoyatlarni sodir etishgan".

"Bunday holatlarda aholi orasida ichki ishlar xodimining obroʻsini qanday qilib oshirish mumkin? Qonun himoyachilarining oʻzi jinoyat sodir etsa, oddiy odam dardini kimga aytishi kerak?", - deya xitob qilgan Oʻzbekiston prezidenti.

Oʻzbekiston rahbari, oʻz oʻrnida, ichki ishlar idoralari tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni ochish borasida ham qator kamchiliklar mavjudligini taʼkidlagan.

Xususan, oʻgʻirlik va firibgarlik bilan bogʻliq jinoyatlarning har beshtadan bittasi fosh etilmaganini aytgan.

Jinoyat-qidiruv faoliyatida ham jiddiy nuqsonlar uchrayotganini urgʻulagan.

Bundan tashqari, chet elga ish qidirib ketgan fuqarolarni aniqlash va ortga qaytarish ishlari ham talab darajasida emasligiga ham eʼtibor qaratgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev xuddi shu kabi tanqidiy soʻzlari manzarasida haftaning har payshanba kunini "Jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika kuni", deb eʼlon qilishni taklif etgan.

Ayon boʻlishicha, bu kunda hududlar prokurorlari va ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari mahalliy telekanallar orqali chiqishlar qilishlari, sodir etilgan jinoyatlar, ularning kelib chiqish sabablari, oldini olish boʻyicha tadbirlar va profilaktikasi haqida axborot berishlari lozim boʻladi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oʻzi esa, Toshkentdagi yigʻin ortidan, bugun - 10 fevral kuni janubiy Surxondaryo viloyatiga joʻnab ketgan.

Oʻzbekiston va militsiya

Image copyright COURTESY

Oʻzbekiston sobiq Shoʻro Respublikalari orasida "Militsiya toʻgʻrisida"gi qonunni qabul qilgan eng soʻnggi davlat boʻlgan.

Hali muvaqqat prezident ekan, Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yil 16 sentyabr kuni "Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida"gi qonunni imzolagan.

Qonun loyihasi 12 avgustda Oliy Majlis qonunchilik palatasida, 24 avgustda Senat tomonidan maʼqullangan edi.

Ammo, taʼkidlash joiz, "Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida"gi qonun Prezident tomonidan tasdiqlanganidan 6 oy oʻtib, kuchga kirishi aytilgan.

Qonun loyihasi 2016 boshida prezident Karimov huquq-tartibot idoralari faoliyatini qattiq tanqid qilishi ortidan Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayyorlangan va parlamentning quyi palatasi-Oliy Majlisga taqdim etilgandi.

Qonun ichki ishlar organlarining tizim va tuzilmasi, ularning vakolat hamda majburiyatlari, xodimlarga talablar, shuningdek, ichki ishlar xodimlarining huquqiy va ijtimoiy himoyasini aniq belgilab berishi bildirilgan.

Bunga qadar Oʻzbekiston militsiyasi 1990 yilda qabul qilingan Nizom asosida ishlab kelayotgandi.

Huquq himoyachilari mamlakatda inson haqlari eng koʻp militsiya tomonidan poymol etilishini aytib, yillar davomida ularning vakolat va majburiyatlarini aniq belgilab beruvchi maxsus qonunni qabul qilishga chaqirib kelganlar.

Faollarga koʻra, ichki ishlar organlari haqidagi qonunning yoʻqligi xizmat vakolatlarini suisteʼmol qilgan va qiynoq qoʻllagan xodimlarni mahkamaga tortishni qiyinlashtirib kelgan.

2013 yilning 25 dekabrida Oʻzbekistonda qiynoqlarni taqiqlovchi "Tezkor qidiruv faoliyati toʻgʻrisida"gi qonun kuchga kirgan, ammo kuzatuvchilarga koʻra, oʻtgan vaqt mobaynida qiynoqlar kamaygani kuzatilmaydi.

Mahalliy inson haqlari faollarining aytishlaricha, ichki ishlar organlari toʻgʻrisidagi qonunning kuchga kirishi ham amaliyotda qonun ustivorligini qanchalik taʼminlashi savol ostida.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring