Karimov xotirasiga: grantdan tortib, mukofotgacha

Oʻzbekiston rahbariyati Image copyright Internet

Agar, Oʻzbekistonda oʻtkazilgan yangi ekspress-soʻrov natijasiga tayanilsa, mamlakat aholisining 90 foizdan ortiqrogʻi marhum prezident Islom Karimov xotirasi abadiylashtirilishi kerak, degan fikrda.

Yaʼni, shuncha foiz oʻzbekistonlik bu borada Oʻzbekiston yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bu boradagi tashabbusini toʻliq qoʻllab-quvvatlashlari va unga qoʻshilishlarini aytishgan.

Oʻzlaridan ham bu xususdagi takliflari soʻralganida, bildirilgan fikrlardan ayrimlari oʻziga xosligi bilan ham ajralib turgan.

Ayrim soʻrov ishtirokchilarining nazdlarida, Oʻzbekistonning har bir shahridagi bitta koʻchaga marhum Islom Karimovning nomi berilishi kerak.

Uchdan bir qism oʻzbekistonlikka koʻra, xotirasini abadiylashtirish uchun eng yaxshi tadbirkor va fermerlar uchun Oʻzbekiston Birinchi prezidenti nomida maxsus grant taʼsis etilishi lozim.

Oʻzbekiston marhum prezidentining sportni rivojlantirishdagi xizmatlarini alohida eʼtirof etgan yana boshqa birlarining aytishlaricha, sportda erishgan yutuqlari uchun yosh avlodga uch bosqichli Islom Karimov nomidagi maxsus mukofot berilishini yoʻlga qoʻyish kerak.

Ularning nazdlarida, bu ish yoshlarni yanada koʻproq sportga jalb etishga koʻmak beradi.

Bu masalada Oʻzbekiston marhum prezidentining shaxsan oʻzi tashabbuskori boʻlgan "Sharq taronalari" xalqaro yillik musiqa festivali ham ekspress-soʻrov qatnashchilarining eʼtiboridan chetda qolmagan.

Ularning orasida mazkur festival ishtirokchilarini ham nazarda tutib, Islom Karimov nomidagi maxsus mukofot taʼsis etilishi lozim, deganlari ham topilgan.

Ayrim oʻzbekistonliklar nazdlarida esa, marhum prezident hayoti va faoliyatini oʻrganish uchun mamlakat oʻquv dargohlarida maxsus fan oʻqitilishi kerak.

Image copyright UZA

Rasmiy qaror

Oʻlimi ortidan, Islom Karimovni otasi kabi ulugʻlashini aytgan Oʻzbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev uning nomini abadiylashtirish borasida qaror bergan.

Marhum prezident tavallud kuni arafasida Oʻzbekiston poytaxtidagi Toshkent xalqaro aeroporti doxil mamlakat boʻylab bir necha inshootlar, koʻchalar, jumladan, Asakadagi avtomobil zavodi ham endi Islom Karimov nomi bilan atalishi maʼlum boʻlgan.

Orada Islom Karimov xotirasiga poytaxt Toshkent, Samarqand va Qarshida haykal oʻrnatilishi haqida aytildi.

Mustaqil Oʻzbekiston birinchi prezidenti tavallud kuni - 30 yanvarni keng nishonlash va vafoti sanasi - 2 sentyabrni Xotira kuni sifatida yod etishga qaror qilindi.

Islom Karimov oʻlimidan 10 kuncha oʻtib, Toshkentning Fargʻona yoʻli yoqasida bir yil avval yonib ketib, soʻng qayta qurilgan qadimiy "Joʻrabek" masjidi "Islom ota", deya oʻzgartirildi.

Uning kenja qizi Lola "masjidni qayta tiklashdek savobli ishni bajarish baxtini oʻzi va turmush oʻrtogʻiga nasib aylagani uchun mehribon Parvardigorga beadad shukronalar va hamdu-sanolar" aytishi ortidan, namozgohga keng jamoatchilik taklifiga binoan "Islom ota" jomeʼ masjidi nomi berilganini eʼlon qilib chiqdi.

Image copyright LOLA KARIMOVA-TILLAEVA

Oradan bir necha hafta oʻtib esa, Lola Karimova-Tillayeva marhum otasi nomiga onasi bilan birga jamoatchilik xayriya jamgʻarmasiga asos solishganini ham maʼlum qildi.

Birinchi Prezidentning oʻlimi eʼlon qilingani hamonoq ijtimoiy tarmoqlar Islom Karimov nomini abadiylashtirish takliflari bilan toʻlib toshgan.

Ammo chorak asrlik boshqaruvi "avtoritar" ekanlikda tanqid qilib kelingan marhum prezident Islom Karimov xotirasini abadiylashtirishga qaratilgan bu kabi saʼy-harakatlar, ayniqsa, turli ijtimoiy muloqot tarmoqlarida oʻzbekistonliklar tomonidan bir xilda qarshi olinmagan. Qarama-qarshi munosabatlarga sabab boʻlgan.

"Ijtimoiy fikr" omma fikrini oʻrganish markazining ekspress-soʻrovi uch kun davom etgan.

Soʻrov jarayonida turfa jins, yosh, millat va ijtimoiy kelib chiqishda boʻlgan poytaxt aholisining fikri oʻrganilgan.

Ammo xabarlarda soʻrov ishtirokchilarining aniq sonlari haqidagi maʼlumot berilmagan.

Prezident Islom Karimov 78 yoshda ekan, oʻtgan yil sentyabrь oyida "miyasiga qon quyilishi" oqibatida hayotdan koʻz yumgandi.

Alohida taʼkidlash joiz, bungacha Oʻzbekistonda marhum prezident Islom Karimov nomida biror bir narsa boʻlmagan.

Qolgan aksariyat mintaqa davlatlari liderlari bilan solishtirganda, bu masalada prezident Karimov oʻzining kamtarligi bilan alohida ajralib turgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring