Shavkat Mirziyoyev: Islom va Karimov oʻrtasida

Shavkat Mirziyoyev Image copyright UzTV

29 yanvar kuni Oʻzbekiston televideniyesi marhum prezident Islom Karimov haqidagi hujjatli filmni namoyish etdi. Filьmda birinchi marta 1991 yil dekabrida Karimovning Namanganda hokimiyat binosini egallab olgan Tohir Yoʻldosh boshchiligidagi namoyishchilar bilan uchrashuvi aks etgan kadrlar ham oʻrin olgan edi. "Ollohu Akbar" deb hayqirayotgan olomon qurshovida turgan Karimov namoyishchilarning Oʻzbekistonni Islom davlati deb eʼlon qilish haqidagi talablarini parlament kun tartibiga qoʻyishga vaʼda beradi.

Garchi filьmda u magʻrur ohangda "oʻzbek islomchilarining rahbari" deb koʻrilgan Tohir Yoʻldosh qoʻlidan "mikrofonni tortib olgani"ni aytsa-da, aslida buning aksi boʻlgani haqida guvohlik beradigan shohidlar koʻp. Internetga joylashtirilgan videoni toʻlaligicha koʻrgan tomoshabin siyosiy Islom bilan birinchi marta yuzma-yuz kelgan Islom Karimovning koʻzlaridagi sarosimani ham sezishi qiyin emas.

Ushbu maqola muallifi islomiy gʻalayondan koʻp oʻtmay, Tohir Yoʻldosh bilan uchrashgan va 23 yoshli "Namangan amiri" Karimovning "Islom davlati barpo etish" haqidagi vaʼdasiga chin dildan ishonganiga amin boʻlgan edi. Oʻsha payt Namangan shahar ijroiya qoʻmitasi binosiga yashil rangdagi bayroqni ilib qoʻygan Tohir Yoʻldoshning maslakdoshlari bino ichkarisidan butun jihozlarni chiqarib tashlashgan, oʻrniga koʻrpalar toʻshab olishgan, ayni paytda bu binoni ham, oʻzlari tortib olgan hokimiyatni ham nima qilishni bilmas edilar. Lekin Karimov nima qilmoqchi ekanligini juda yaxshi bilardi. Oradan 2 oydan koʻproq vaqt oʻtib, namoyishchilarning deyarli barchasi hibsga olinadi, Tohir Yoʻldosh esa Tojikistonga qochadi.

Karimov Namangandagi uchrashuvni bir umr eslab qolgani uning filьmdagi, anglashilgani, umrining oxirgi yillarida bergan intervьyusidan ham maʼlum boʻladi. Bu islomiy namoyish koʻp jihatdan Karimovning ichki va tashqi siyosati yoʻnalishini belgilab bergan, marhum prezidentning keyingi yillarda Islomga nisbatan shakllangan murosasiz va toqatsiz, hatto muxoliflar nazarida dushmanona munosabatida chuqur iz qoldirgan hodisa boʻlgan edi.

Bir vaqtning oʻzida davlat televideniyesi Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpogʻistonga tashrifi chogʻida masjidni ziyorat qilgani va masjid ahli, oddiy musulmonlar bilan duo-fotihaga qoʻl ochib turgani aks etgan kadrlarni ham namoyish etdi. Bu kadrlarda "Ollohu Akbar" deb qichqirayotgan olomon ham, Prezidentning hokimiyatiga tahdid deb koʻrilishi mumkin boʻlgan siyosiy Islom ham yoʻq. Zotan, Islom allaqachon siyosiy sahnadan chetlatilgan, uning ijtimoiy hayotdagi roli qatʼiy cheklab qoʻyilgan.

Davlat talqinidagi rasmiy Islomni savol ostiga olgan minglab musulmonlar jamiyatdan ixotalangan-qamoqlarga tashlangan va ularning yaqin orada ozodlikka chiqarilishiga biron-bir ishora yoʻq. Prezident Mirziyoyev hozirga qadar boshqa siyosiy erkinliklar qatori diniy erkinliklar borasidagi ochiqlagani yoʻq, ammo u hokimiyatga kelganidan buyon oʻtgan qisqa vaqt ichida ikkita masjidning tamali qoʻyilgani va haj kvotasining oshirilgani mamlakat musulmonlarida bu boradagi repressiv siyosatning yumshashi va qamoqdagi diniy eʼtiqod tutqunlarining ozod etilishiga umidlarni uygʻotgan.

Bunday umid nafaqat oddiy musulmonlar, hatto masjidlarda marhum prezidentning siyosatini oʻtkazib kelgan diniy idorada ham mavjud.

Image copyright Courtesy
Image caption Tohir Yoʻldosh va Islom Karimov. 1991 yil, dekabr

Avvalroq Oʻzbekiston musulmonlari diniy idorasi raisining oʻrinbosari, Shayx Abdulaziz Mansur BBC bilan suhbatda hukumatga musulmonlarga koʻproq diniy erkinliklar berish haqidagi takliflar bilan murojaat qilishgani, jumladan, masjidlarda azon ovozini ovoz kuchaytirgichlar orqali eshittirishga ruxsat berish hamda xotin-qizlarning roʻmol oʻrab yurishlariga qoʻyilgan cheklovni olib tashlashni soʻrashganini aytgandi.

Mamlakatdagi rasmiy Islomni namoyon qiluvchi idora ulamosining BBCga aytishicha, hukumat hali bu takliflarga javob berganicha yoʻq, ammo javob ijobiy boʻlishiga umid qilinmoqda. Shayx Abdulaziz Mansurning soʻzlariga koʻra, marhum prezident davrida hukumat bu kabi takliflarni javobsiz qoldirgan.

BBC suhbatlashgan tahlilchi, ulamo va oddiy musulmonlarning aksari bu boradagi oʻzgarishlarning kutilganidek tez yuz bermayotganini "tizimning qarshilik koʻrsatayotgani" bilan izohlashadi. Ularning nazarida oʻtgan chorak asr mobaynida oʻzgacha fikr, jumladan, diniy oʻzgacha fikrga qarshi kurashib kelgan kuch tizimlari musulmonlarga koʻproq diniy erkinlik berilishini istamaydi.

Toshkentlik huquq faoli Surat Ikromovning aytishicha, garchi roʻmol oʻragan ayollarning koʻchalarda militsiya zugʻumiga uchraganlari haqidagi shikoyatlari kamaygan esa-da, diniy ayblovlar bilan hibsga olishlar va qama-qamalar hanuz davom etmoqda."Diniy erkinliklar masalasi koʻtarilmayapti. Agar koʻtariladigan boʻlsa, qamoqdagi begunoh musulmonlar ozod qilinishi kerak boʻladi. Chunki faqat diniy eʼtiqodi uchun oʻtirgan odamlar koʻp. Ular hech qanday jinoyat sodir qilmagan. Bu odamlar ozod qilinadigan boʻlsa, militsiya, SNB va prokuraturaning shtatlari ham qisqarishi kerak. Ular esa buni xohlamaydi", - deydi Surat Ikromov.

Sobiq diniy-siyosiy mahbuslardan birining aytishicha, Karimov vafotidan soʻng vaziyatning biroz yumshagani seziladi, ammo bu boradagi siyosat oʻzgaradi, deb umid qilishga asos yoʻq."10-15 foiz yumshash bor. Biz oʻtirgan joylarda ham mahbuslarga yaxshiroq muomala qilinayotgani haqidagi xabarlarni eshityapmiz. Ammo oldingi topshiriqlarning kuchi turibdi", - deydi toshkentlik namozxon.

Anglashilgani - diniy erkinliklar masalasida davlatning sobiq tuzum davrida ishga tushirilgan repressiv mashinasi hali ham butun quvvati bilan ishlab turibdi. Jumladan, mafkura sahasida. Buning yaqqol misoli shu kunlarda katta ekranga chiqishi eʼlon qilingan "Muqaddas istak" filmi boʻlishi mumkin.Davlat buyurtmasi asosida rejissyor Hilol Nasimov tomonidan suratga olingan filьm treyleri ijtimoiy tarmoqlarda musulmonlarning gʻazabini uygʻotgan.

Bu haqda batafsilroq oʻqish uchun mana bu linkka bosing.

Ammo ayni paytda bu kabi gʻazabnok munosabat, xususan, mamlakat ichkarisidan munosabat bildirayotganlar sonining koʻpaygani ham oʻzbekistonliklarning diniy erkinliklar borasida Karimov davridagidan koʻra, hassosroq boʻlib boshlaganlaridan ham dalolat beradi.

Bu hassoslik shu qadar boʻrtib koʻzga tashlana boshlaganidan ayrimlar Oʻzbekistondagi yangi diniy uygʻonish haqida ham gapirishmoqda.

"Davlat buyurtmasini shakllantirishga mutasaddilar... Oʻzbekiston aholisining 90 foizdan ortiqrogʻi oʻzini musulmon deb bilishini inobatga olgan holda, mediada musulmonlar imidjini yaxshilashga qaratilgan, Islom haqida ijobiy messedj beradigan filьmlar haqida oʻylashsa, yaxshi boʻlar edi. Kech boʻlmaguncha", deb yozdi oʻzining Facebook dagi sahifasida ziyoli Sardor Salim.

Uning Bi-bi-siga ochiqlashicha, Islom dinidan ilhomlanib, dinamik rivojlanayotgan musulmon jamiyatlari ham kam emas. "Asosiy muammo jamiyatimiz "Islomga qaytish" shiori ostida tobora qadimchilashayotgani, keng aholi va elita orasida konservatizmga moyillik oshayotganidadir. Yaʼni tanqidchilar/sekyularistlar, diniy modernistlar, traditsionalist yoki qadimchilar va fundamentalistlar bahsida qadimchilar yutib chiqayapti", - deydi Sardor Salim.

Ismini ochiqlashni istamagan musulmon ziyolilardan birining aytishicha, Oʻzbekistonda Islom va musulmonlarga nisbatan siyosat yumshagan taqdirda ham, 1990-yillar boshidagi kabi islomiy uygʻonish boʻlmaydi."Yaqin oʻtmish baribir saboq berib turadi. Koʻpchilikning ogʻzi kuygan", - deydi u.

BBC suhbatdoshlari diniy erkinliklar borasida ehtiyotkorlik bilan umid bildirganlari holda, mamlakat musulmonlari orasidagi boʻlinishlar haqida ham gapirishdi.

Quyida ularning javoblari bilan tanishing.

1. Oʻzbekistonda musulmonlarga va umuman Islom diniga munosabat oʻzgaryapti deb oʻylaysizmi? Oʻzgarayotgan boʻlsa, nimalarda koʻrinadi?

2. Sizning nazaringizda, yangi prezident eskisiga nisbatan "musulmonroq"mi?

3. Islom Karimov davrida Islom dini siyosatdan mutlaq chetlatilgan edi. Jamiyat hayotida dinga koʻproq oʻrin berilishini kutish mumkinmi?

4. Oʻzbek jamiyati oxirgi yillarda ancha islomiylashgan, degan qarash bor. Nimalarda koʻrinadi?

Toshkentlik din olimi:

1. Diniy idora takliflar berganidan xabarimiz yoʻq. Munosabat oʻzgarayotgani ham aytarli sezilmaydi. Ammo endi roʻmolga koʻchalarda osilishayotgani yoʻq. Hajga kvota 2000 kishiga oshgani ham bor. Ammo qolgan masalalarda hanuz oʻzgarish boʻlmadi.

2. Shaxsan menga yangi Prezident diyonatliroq koʻrinmoqda. Koʻpchilikning ham fikri shunday.

3. 2-Jamiyat hayotida dinga koʻproq yoʻl beriladi, deb oʻylayman. Faqat diniy idoraning faoliyatsizligi sabab bu jarayon ancha kechikadi.

4. Ha, albatta islomiylashgan. Masjidlarda jamoatning koʻpayishi, odamlarning kundalik hayot va muammolarida islomga murojaat qilishlari va islomofobik muhitni kuchaytirishga qasddan urinilishiga qaramay jamiyatda musulmon olimlarning taʼsiri saqlanib qolganida koʻrinadi.

Nurulloh Muhammad Raufxon, yozuvchi, Oʻzbekiston musulmonlari "Diyonat" jurnalining sobiq bosh muharriri:

1. Shaxsan men davlatning dinga oʻgay koʻz bilan boqish siyosatidan tez voz kechishi va dindorlar bilan yarashishi tarafdoriman. Qamoqlarda yillab aybsiz yotganlar qancha tez chiqarilib, oilalariga qancha tez qaytarilsa, shuncha yaxshi deb hisoblayman. Ammo umumiy diniy siyosatni oʻzgartirishda shoshilmayotganini ham toʻgʻri tushunaman. Chunki bu sohada bilmasdan qoʻyilgan har qanday qadam oqibati yomon boʻlishi mumkin. Chunki din oʻta hassos masala. Bunday paytda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va koʻzga koʻringan ulamolar bu dunyodagi va oxiratdagi masʼuliyatni boʻyinlariga olib tashabbus koʻrsatishlari kerak. Yaʼni, tepadan biron ishora boʻlishini kutib oʻtirmay davlatga yordamchi boʻlishlari, ishning barcha nozikliklarini hisobga olgan holda davlatga aniq-tiniq va zarur tavsiyalarni taqdim etishlari lozim.

Boshqacha aytganda, davlatga nasihat qilishlari va bu nasihatni hech qachon toʻxtatmasliklari kerak. Chunki din nasihatdir, davlat esa nasihatga juda muhtoj. Ayniqsa, bu kunlarda! Baraka topishsin ilm ahli xalqimizga doim nasihat qilib turishadi, ayni choqda davlatga nasihat qilishni ham unutmasinlar demoqchiman. Harholda hech kim davlat nasihatga muhtoj emas deya olmasa kerak. Toʻgʻrimi-xatomi barcha ishini birday maʼqullab turish nasihatga kirmaydi, albatta.

Xulosa qilib bu savolingizga bir jumla bilan javob beradigan boʻlsam: Oʻzbekistonda musulmonlarga va umuman Islom diniga munosabat ijobiy tomonga oʻzgarishidan umidvormiz va bu narsa kundalik hayotimizda ochiq koʻrinishini istaymiz.

2. Yangi prezidentimiz xalqqa, milliylikka ancha yaqin ekani gap-soʻzlaridan, niyatlaridan sezilib turibdi. Ota-onasi tayin, tugʻilgan qishlogʻi tayin, bolaligi kechgan muhit tayin, oilasi va farzandlari haqida ijobiy fikrlar eshityapmiz ‒ bu tomonlardan boqilsa, oldingisiga qaraganda albatta ancha ijobiy hol ekanini xalqimiz ham koʻrib turibdi.

Bir narsa tanlashda yurak jiz etishi kerak, deymiz-ku? Shavkat Mirziyoyevning ilk qadamlaridan koʻpchilikning yuragi jiz etdi, menimcha. Shuning uchun men ham umid yoʻlini tanladim.Faqat, quruq va qalbaki maqtovlar bilan bunisini ham buzmasligimiz kerak. Umuman, boshliqqa aytiladigan hamdu sano juda xavflidir. Eng katta xavf oʻsha hamdu sano aytilayotgan kishi boshida boʻladi ‒ chalgʻiydi, nafsi shisha boshlaydi, firʼavnlashadi va oxir-oqibatda real hayotdan uzilib, quruq maqtovchilarning oʻyinchogʻiga aylanib qoladi, qoʻl ostidagilarga eskisiga oʻxshab zulm qila boshlaydi, orqasidan yomon xotira bilan eslanadigan shaxsga aylanadi.

"Maqtovchi" shovvozlarga nima? Ular maqtab-maqtab bir boshliqni qamoqqa yo goʻrga tiqadi-da, yana yangisini maqtab ketaveradi!

Davlatni va jamiyatni ichdan yemiradiganlar mana shunaqa maddohlardir! Hozir Oʻzbekistonda shu xavf ham qaytadan bosh koʻtarayotganga oʻxshaydi. Hali saylov boʻlmasidan, hali Shavkat Mirziyoyev prezident etib saylanmasidan oldindanoq hamdu sano boshlanib ketdi va davom etyapti.

Afsus... Essiz...

3. Bitta Oʻzbekistonda emas, butun dunyoda Islom dini siyosatdan mutlaq chetlatilgan. Kufr bilan imon mujodalasida Islom Karimov bir murvatcha, dunyo miqyosidagi din dushmanligining bir parrakchasi, xolos. Faqat, farqi ‒ Islomga va musulmonlarga qarshilik ayrim davlatlarda ochiq koʻrinadi va kuchlidir, ayrim davlatlarda oʻzaro nisbiy ahillik oʻrnatilgan. Afsus, Islom Karimov birinchi yoʻlni tanladi va shunga koʻra siyosat yuritdi. Men bu masalani "Bu kunlar" kitobimda misollar bilan qoʻlimdan kelganicha bayon etdim. Islom Karimov musulmonlarni nafaqat siyosatdan chetlatdi, balki jamiyat hayotidagi taʼsirini ham iloji boricha kamaytirishga harakat qildi. Erishdi ham.

Musulmonlar Islom dini nomidan iqtidorga kelishlariga yoʻl qoʻyilmasligi aniq. Bugun ham, ertaga ham siyosatdan uzoqroq tutiladi, menimcha. Buning sabablari koʻp. Ammo mamlakatimizda diniy sohada ijobiy oʻzgarishlar qilinishidan, natijada musulmonlar jamiyat hayotida bir oz faollashishidan umid etsa boʻladi.

4. Koʻproq qutblashyapti desak, toʻgʻriroq boʻladi. Ijtimoiy tarmoqlar takomillashgani va xalqimizning kattaroq qismi bu tarmoqlardan foydalangani sari bu boʻlinish kuchayayotgani koʻrinyapti. Ayni choqda, bu boʻlinish har qaysi guruh oʻz ichida uyusha boshlashiga ham olib keldi. Koʻramiz qayoqqacha borarkanmiz.Islomiylashishga kelsak. Katta yoshdagilar biladi: oʻtgan asrning qayta qurish va oshkoralik davrida birdan Islom diniga qiziqish kuchaygan edi. Bu qiziqish osmon barobar koʻtarilgan toʻlqin singari yumaloqlanib kelib bor kuch va haybati bilan qirgʻoqqa urildi. Quruqlikning hov ichkarilarigacha kirib bordi. Hozir u dabdabali va vahimali toʻlqin ancha orqaga qaytgan, dengizning ich-ichlariga qaytib ketgan palla.

Yaʼni, dinga munosabatda jamiyat qaytadan kuch toʻplab yana koʻtarilib kelish uchun vaqtincha orqaga chekingan, menimcha.

Buning ustiga, shu oʻxshatishni yana davom ettirsak, odatda toʻlqin orqaga qaytganida boʻladiganidek, turfa mayda guruhlarga taralib, kengliklarga yoyilib, kuchsizlashib ketdi. Ammo, qizigʻi shundaki, ilk katta toʻlqin orqaga ketgan boʻlishiga qaramay, ilmli yoshlarimiz tobora koʻpayib boryapti. Bu hol yanada katta va kuchli ikkinchi toʻlqin yuzaga kelayotganidan darak beryapti.Birinchi toʻlqinni harakatga keltirgan kuch uzoq yillar mustamlaka sharoitida Xudosiz va huquqsiz yashash oqibatida tabiiy ravishda uygʻonadigan eski yillar sogʻinchi, biqiq hayotdan chiqib yangi hayotga talpinish, umumiy shavq va koʻr qiziqish boʻlgan boʻlsa, endigi toʻlqinni, menimcha, ilm harakatga keltiradi. Ilk toʻlqinda intizom, tartib boʻlmagan, johil edi, yangisi ilm bilan quvvatlanib, faqat yuqoriga sachramay, chuqur-chuqurlardan koʻtarilib, ogʻir-bosiq, tartibli, intizomli bir shaklda kelsa kerak.

Qurʼoni Karim ilk tarjima qilingan yillarni eslang. Xalqimiz buyuk zavq-shavq va sogʻich bilan kutib oldi. Jurnalda va kitob shaklida milyon nusxadan koʻp chop etildi. Bugun, marhamat, kitob doʻkoniga tushing: besh ming-oʻn ming adadda chiqqan tarjimalar savdo tokchalarida turibdi.

Oʻsha tarjima chiqqanidan ikki yil oʻtib "Sharq yulduzi" jurnaliga suhbat uyushtirib, tarjimon shayx Aluoddin Mansurdan uning sababini soʻraganimda: "Bu hol qiziqishning soʻnishi emas, saralanayotganidir!" deb juda chiroyli va qoniqarli javob bergan edilar.Xuddi shuningdek, men endigi toʻlqinni ommaviy islomiylashish demasam ham, ilmiy saralanish maʼnosida "islomiy yuksalish" deb baholagan boʻlar edim.

Anvar Husayinov, sobiq vazir, Qurʼonning rus va oʻzbek tillaridagi sheʼriy tarjima loyihalari rahbari:

1. Diniy erkinliklar mavzusi bugun oʻta dolzarb masala va vatanimiz kelajagi uchun xal kiluvchi strategik ahamiyatga ega omildir. Zero, diniy erkinliklarga munosabat xalk va davlat oʻrtasida jonli muloqot oʻrnatilishi, hamkorlik boshlanishi uchun zarur shartdir. Men 6 yildan buyon Oʻzbekiston Xalq shoiri Jamol Kamol bilan Qurʼoni Karim maʼnolarini oʻzbek tiliga adabiy-nazmiy tarjimasi jamoatchilik ilmiy-ijodiy loyihasining rahbariman. Ushbu loyihani amalga oshirish yoʻlida biz oʻtgan yillarda davlat tizimlari va ularning qattiq tayziqi ostidagi Oʻzbekiston musulmonlari diniy idorasining diniy erkinliklarga munosabatini yaxshi bilib oldik. Shu maʼnoda, Prezident Mirziyoyev zamonida musulmonlarga, dinga davlatning munosabati ijodiy tomonga oʻzgarayotganini koʻrmoqdamiz.Bu narsa koʻplab alomatlarda namoyon boʻlmokda. Avvalo Mirziyoyevning soʻzlarida va amallarida. Prezident xalqiga"uygʻoninglar,ahvollaringizni oʻzgartirish uchun tashabbus koʻrsatinglar,toʻgʻri soʻzni gapirishdan qoʻrqmanglar" deb qayta-qayta olovli murojaatlar qilmoqda. Yana Prezident Qoraqalpogʻistonda boʻlganida masjidga borib, musulmonlar bilan ochiq muloqot qilgani Mirziyoyevning diniy erkinliklar borasida yangi siyosat olib borishga istagi borligini koʻrsatmokda.

2. Albatta, Oʻzbekistonning birinchi va ikkinchi prezidentlarining qay darajada musulmonliklari va dinning jamiyatdagi oʻrniga munosabatlaridagi farq xalkka ayon boʻldi. Karimov chorak asr yurtboshiligi davomida kichik vatani Samarqand shahrida masjid qurishga kirishmadi va bu ulugʻ shaharga munosib, yangi hashamatli masjid qurishga samarqandlik vatanparvarlarga ham yoʻl bermadi. Mirziyoyev esa, Prezidentligining birinchi kunlaridayoq oʻzining kichik vatani Zomin tumanida katta Jomeʼ masjidi qurishni boshladi.

3. Karimov oʻz siyosatida Islom dinini oʻzi tuzgan davlat tuzumining ashaddiy dushmani, deb tushunar edi va shu sababli diniy maʼrifatchilikni ekstremizm targʻibotiga tenglashtirib qoʻygan edi. Mirziyoyev esa, davlat amaldorlaridan aqidaparast toat-ibodatlarda faol musulmonlar va ekstremistlarni ajrata olishni talab qilmoqda.

4. Fikrimcha, xalqni ayanchli iqtisodiy ahvoliga befarqlik, loqaydlik, gʻaflat uyqusidan uygʻotish uchun davlat siyosati diniy erkinliklar, diniy maʼrifatga keng yul ochib berishi lozim. Ayni shu yul diniy maʼrifat yoʻliga xalqni ekstremizm va terrorizm gʻoyalari daʼvatlaridan qutqaradigan eng kuchli vositadir.

Musannif Adham, bloger:

1. Hozircha aniq belgilar koʻzga tashlanmaydi. Lekin cheklovlar deyarli toʻxtagandek. Masalan, hijob masalasida oldingidek qattiq turib, "jamoat joylarida yechib yurish", "oʻquv yurtlariga yechib kirish" talab qilinmayapti.

2. Bu savolga javob bera olmayman. Tashqi koʻrinishdan katta farq koʻrmayapman.

3. Men doim bir narsani taʼkidlayman: dinga, mening talqinimda Islom diniga, jamiyat hayotida qandaydir rol berilishi shart emas. Faqat doim taʼkidlab kelinganidek "dunyoviy demokratik davlat" printsipiga va konstitutsiyadagi "Din davlatdan ajratilgan" moddasiga amal qilinsa boʻldi. Hozir esa buni koʻrmayapmiz. Davlat dinga aralashadi, undan oʻz manfaati, targʻiboti uchun foydalanadi. Erkinlikka kelganda buni unga (dinga) bermaydi. Islom shunday dinki, har qanday tuzum va davlat qonun-qoidalaridan ustun. Unga tegilmasa, aralashilmasa boʻldi - oʻzi rivojlanib, har qanday mafkura (ideologiya) ustidan gʻolib chiqadi, odamlarni ortidan ergashtiraveradi. Ayni paytda, unga tazyiq oʻtkazilgan, siquvga olingan paytda ham yoʻqolib ketmaydi. Xullas, bugun Islomga qandaydir oʻrin berish emas, uni tinch qoʻyish yetarli boʻladi, deb oʻylayman. Masalan, islomofobik filmlarni olishni toʻxtatish kerak.

4. Bu fikr biroz bahsli. Umumiyat-la, jamiyat dindan uzoqlashgan. Bu ayniqsa, markazdan uzoqdagi qishloqlar va kichik shaharlarda ochiq koʻzga tashlanadi. Islom dunyosining faxri boʻlib kelgan Samarqand va Buxoroda dindorlik darajasi juda pastga tushib ketgan. Lekin boshqa jihatdan yoshlar orasida Islomga qiziqish, unga intilish kuchli. Bu bir tomondan mavjud mafkuraning ular talabiga javob bermagani sababli boʻlsa, Internetning rivojlanishi ham diniy qiziqishlarni orttirdi. Mening diqqatimni tortgan yana bir holat: bugungi musulmonlar oldingi, masalan, 1990 yillardagidan koʻra ilmga chanqoqroq. U paytlarda imom-domlalar nima deyishgan boʻlsa, xalq olib ketavergan. Ammo bugun har bir aytilgan gapga hujjat-dalil (oyat yoki hadis) soʻrash urfga kirdi. Shaxsan menga bu holat yoqadi. Musulmon oʻz dinida johil, faqat taqlidchi boʻlishi emas, qilayotgan amallarining manbasini, asosini bilishi afzal.

Shukurjon Islomov, bloger:

1. Katta oʻzgarishni sezmadim. Haj kvotasining oshirilgani va baʼzi masjidlar oldida tartib posbonlari kamayganligi kuzatilganini aytish mumkin.

2. Yangi Prezidentning asosiy karьerasi diniy qadriyatlarga qaytgan mustaqil Oʻzbekistonda kechganligi sababli, shunday boʻlsa kerak, deb oʻylayman va umid qilaman.

3. Haj kvotasining bir oz oshirilishi yurtimiz musulmonlari uchun quvonchli oʻzgarish boʻldi. Ammo bu koʻrsatkich ham oz, deb oʻylayman. Bilishimcha, kvota mamlakat aholisining har mingtasiga bitta nisbatda ajratiladi. Shundan kelib chiqsak, Oʻzbekistondan 30 mingtagacha chiqarish mumkin. Bundan tashqari, bir marta ziyoratga borganlarning qayta bormasligi ham toʻgʻri boʻldi. Zimmasidagi asosiy hajni ado etgan musulmon qolgan mablagʻini ilm-fanga, el yurtga foyda keltiradigan loyihalar, qurilishlarga, qobiliyatli talabalarga yordamlashishga ajratsa yaxshi boʻladi, deb oʻylayman. Din ruhiyat ozuqasi, axloqdir. Davlat jamiyat hayotida dinga koʻproq rol bersa, din siyosiylashuvidan choʻchiyotgan boʻlishi mumkin. Oʻylashimcha, jamiyatda dinga koʻproq rol berish mumkin, odamlar bunga mushtoq va bu ayrim yoshlarning har xil yoʻllarga kirib ketishining oldini oladi. Masjidlar kam. Aholisi musulmon boʻlgan aksar davlatlarda (shariat asosida boshqariladigan davlatlarni nazarda tutmayapman) oʻrtacha 500-1000 odamga bir masjid toʻgʻri kelsa, bizda har 15 ming odamga bitta masjid toʻgʻri keladi. Serhasham va bezakdor qilmasdan oddiyroq shaklda boʻlsa-da masjidlar sonini koʻpaytirish xayrli ish boʻladi, deb oʻylayman.

4. Menimcha, bu qaysi davr oraligʻi olinayotganligiga bogʻliq. Masalan, 90-yillarning boshida oʻzbekistonliklar anchagina islomiylashgan. Mahallalarda macjidlar ochilgan, azon tovushi uygʻotardi. Mahallalarda koʻplab namozxonlar paydo boʻlganini eslayman. Ammo keyinchalik dindorlarga nisbatan davlat siyosati oʻzgardi, taʼqiblar yuzaga keldi, koʻpchilik odamlar namozni yigʻishtirib ichishga oʻtib ketishdi. Bundan oʻn yillarcha oldin Toshkentdagi Shimoliy vokzalda, Sobir Rahimovdagi viloyatlar avtobuslari toʻxtash joyida kichik namozxona boʻlardi. Ammo 3-4 yil oldin vokzal xodimlaridan soʻraganimda, ovozlarini pasaytirib "boshqa odamdan soʻramang, yopilgan", deyishgan. Menimcha, hozir ham yoʻq. Ularni xavotirlanmasdan ochib qoʻysa boʻlaveradi. Hozir taxminan 10-12 yildan beri azonni ovoz kuchaytirgich bilan aytishmaydi. Agar yangi Prezident shuni yana qayta joriy etsa, yaxshi ish boʻlar edi. Ehtimol, milliy istiqlol gʻoyasi aholi ongiga koʻp singmaganligi bois jamiyat islomiylashgan deb aytishayotgandir. Odam biror-bir eʼtiqodga ehtiyoj sezadi-ku, harqalay... Men jamiyat islomiylashishi deganda, nafaqat namoz oʻqib, roʻza tutishni, balki axloqida oʻzgarish sezilishini tushunaman. Agar namoz oʻqib roʻza tutsa, juma namozni kanda qilmasa, tahoratning rasm-rusumini keltirib ado etsa-yu, porani sovgʻa deb olsa va bersa, manfaati uchun yolgʻon soʻzlasa, amaldorga yaltoqlanib, oddiy odamni mensimay tursa, boshqa eʼtiqod vakillariga toqatsizligini har yerda keskin namoyon etsa, bunday odamlardan iborat jamiyatni islomiylashgan, deb boʻlmaydi. Agar shu illatlar bizda uchrayotgan boʻlsa, jamiyatimiz aslo islomiylashgan emas. Hozir islomiylashuv asosan, dinning tahorat odobi, ayollarning kiyinishi, xorij madaniyati va kinolarining tanqidiy muhokamasi kabi ikkinchi darajali muhokamalarida kuzatilmoqda.

Mirrahmat Moʻminov, AQShda yashayotgan musulmon faol:

1. Musulmonlarga nisbatan boʻlgan muomalani oʻzgaryapti, degan fikrdan hozircha yiroqmiz, sababi yangi rahbar kelishi ortidan jiddiy biron-bir oʻzgarish yuz bermadi. Toʻgʻri, joylarda baʼzi vaʼdalar yoki qarorlar berilmoqda, ammo aniq siyosat hali shakllanmagan.

2. Yangi rahbarni Karimovdan koʻra diniy mansubligi bordek koʻrinadi. Misol uchun, Qoraqalpogʻistonga borgan vaqtida masjidda qariyalar bilan uchrashdi va qoʻllarini duoga ochib, milliy va diniy atributlarga amal qilishini koʻrsatgandek boʻldi. Aynan shu yigʻilishda OʻzTV da avvallari kuzatilmagan bir narsani koʻrdim; rakursda masjid bilan bir qatorda arabcha yozilgan kalimalar koʻrsatildi va butun koʻrsatuv davomida Karimov davrida taqiqlangan diniy kalimalar yangrab turdi. Oʻylaymanki, Mirziyoyev ham Karimov davrida shakllangan siyosiy muhitda katta boʻlgan siyosatchi va uning diniy qarashlari unchalik katta ahamiyat kasb etmaydi. Shuningdek, xalk orasida Mirziyoyevga nisbatan turli xil rivoyatlar xam urchishi kupaygan. Misol uchun, "qarindoshlarining koʻpchiligi Hajga borgani yoki "eshonlar nasli"dan va duoguy bir rahbar ekanligi, qariyalarni hurmat qilishi va ularning duolarini olishga ishtiyoqmand ekani" va yana shu kabi gaplarning koʻpayganini eshitamiz. Xulosa qilib aytganda, Shavkat Mirziyoyevning oʻzbekchiligi Karimovnikidan oz-moz yuqori, deb aytsak boʻladi. Buni diniy qarashlar bilan bogʻlamagan boʻlardim.

3. Hozircha dinga erkinroq amal qilish mumkin, degan oʻydan yiroqman. Bunga hozirgi siyosiy vaziyat sabab. Ustiga, Karimov davrida shakllangan elita mafkurada dindorlarni oʻsha eski sovet davridagi kabi, muvozanatda ushlash siyosati koʻpchilik uchun maʼqul. Toʻgʻri, Karimov davridagi kabi repressiyalar u darajada davom etadi, deb oʻylamayman, ammo shu bilan bir qatorda, dindorlarga oz boʻlsa ham erkinlik berilishiga ishonmayman. Bu kabi qarashning oʻzgarishi uchun avvalambor, qamoqda qolayotgan minglab siyosiy mahkumlar ozod etilishi shart deb hisoblayman!

4. Oʻzbek jamiyatining islomiylashganini avvalambor, globalizm bilan bogʻlash toʻgʻri boʻladi. Axborot almashinuvi nihoyatda jadal suratlarda davom etayotgan 21-asrda, bu oʻzbekistonliklarga ham mahalliy imomlar, mintaqaviy peshvolar, diniy idora kabi avtoritar tashkilotlarga qaramlikdan qutulish imkonini berdi va ayniqsa, yoshlarning erkinrok diniy bilim olishiga yoʻl ochdi. Karimov vafoti ortidan jamiyatda ozmi, koʻpmi, qandaydir erkinlik shabadasini qoʻmsash koʻrinishlari ham namoyon boʻlmoqda. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda avvallari faol boʻlmagan oʻzbekistonliklar oʻzlarini ancha erkin his qilayotganliklarini koʻrish mumkin. Oʻz fikrini va noroziligi ifoda etish uslublari koʻpaygan va odamlar eski repressiya mashinasini yana ishga tushishiga ishonmay qoʻydilar, deb aytsak toʻgʻriroq boʻlsa kerak.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring