Rossiya dushmani Shaltay-Boltay kim?

Image copyright AP
Image caption Xaker Aleksandr Galazastikov Estoniyada yashirinmoqda.

"Shaltay-boltay" aʼzolari Rossiyada hisbga olinarkan, guruhning Estoniyada yashiringan aʼzosi Aleksandr Glazastikov nima uchun xakerlik ishiga aralashib qolgani haqida aytgan.

Tallinda Bi-bi-si bilan uchrashgan xaker Glazastikov qanday qilib maʼlumot oʻgʻirlash va uni sizdirish borasida gapirib bergan.

"Ishimdan zerikkandim, biron narsa qilgim kelardi. Qandaydir qiziq narsa" - deydi Aleksandr Glazastikov oʻzining qanday qilib ilk bora xakerlarga qoʻshilib qolganini eslab.

Glazastikov jurnalist Vladimir Anikeyev bilan birga "Anonymous International" ni tashkil qildi. Guruh keyinchalik "Shaltay-Boltay" nomi bilan mashhurlashdi. Anikeyev hozir Moskvada hibsga olingan.

"Men asosan muharrirlik qilardim, ayni damda ayrim tahlillar bilan ham shugʻullanardim. Anikeyev menga yuklab olingan elektron pochta maktublarini berganida, omma uchun biror qiziqroq maʼlumot chiqarmikin deb qarab chiqardim" - deydi Aleksandr.

"Kremlning raqiblari"

U guruh ishiga "Kremlga muxolif boʻlgan siyosiy-yoʻnalishli loyiha" sifatida baho beradi. Anikeyev bilan hamkorlikda Rossiyaning oliymaqom mulozimlari va Kreml bilan mustahkam aloqaga ega ishbilarmonlarning shaxsiy maktublarini oshkor qilish bilan shugʻullanishardi.

"Ushbu maʼlumotlar ommaga ochiq boʻlishini istardik. Kremlning gʻoyaviy raqiblari edik. Keyinchalik bu ishlarga biroz tijorat arashlagani rost. Biz ayrim narsalarni sotdik, eski maʼlumotlarni pul evaziga oʻchirib tashladik. Biroq loyihaning bosh maqsadi korruptsiyaga qarshi kurashish edi."

Sizdirilgan maʼlumotlar Rossiyada korruptsiyaning koʻlamini koʻrsatib turardi.

"Ayrim rostgoʻy odamlarga ham duch keldik. Biroq ular barmoq bilan sanarli edi. Deyarli hamma korruptsiyaga botgandi" - deydi Aleksandr.

Suhbatdoshimiz Prezident maʼlumotlarini buzishga ham bu xakerlik guruhi harakat qilganmi, degan savolga javob berdi.

"Putin informatsion texnologiyalarga oshno odam emas, lekin Medvedov qiziqadi" - dedi u.

"Sholtay-Boltay" bir marta Bosh vazir Dmitriy Medvedovning Twitterdagi sahifasini buzganligi bilan ham esda qolgan.

Oxir oqibat guruh oʻziga nisbatan bosimlarni seza boshladi.

"Ikki yil oldin Rossiya harbiy kontrrazvedkasi bizning ortimizdan tushgani haqida mish mishlarni eshitdik. Suv osti harbiy bazalari, ularning qayta qilingan konstruktsiyalari va aniq manzillari borasida ayrim maʼlumotlarni chop qilganimizdan soʻng harbiylar gʻazab otiga mingandi"- eslaydi Aleksandr.

Uning iddoa qilishicha, 2016 yili Rossiya xavfsizlik xizmati, FSB, yuqori mulozimlaridan biri "Shaltay-Boltay"ning kuratoriga aylangan.

Jentlmencha kelishuv

"Boshida loyiha mustaqil edi. Biroq oʻtgan yilning oʻrtalarida Anikeyev menga FSBdan yuqori lavozimli rasmiy kelib kuratorlik yoki dalollik qilish haqida gapirganini aytdi" - deydi Aleksandr.

"Yigitlar, bizda siz va loyihangiz haqida allaqachon maʼlumot bor. Biroq biz hamkorlikda ishlamoqchimiz. Biz xavfsizliklaringizni taʼminlash uchun himoya qilib turamiz. Chop qilinadigan materiallarga veto qoʻyish huquqimiz boʻladi. Har qanday narsani chop qilishdan bir kun oldin bizga xabarini berasizlar. Gohida biz ham sizlardan biror materialni chop qilishni soʻrab turishimiz mumkin, degandi" - davom etadi Glazastikov.

"U yerda jentlmenlarcha kelishuv boʻlgan. Anikeyev menga kuratorning ismini hech qachon aytmagan".

"Koʻrib turganingizdek Anikeyev hozir hibsda va bundan u qoʻllash boʻlmagan degan xulosa chiqadi".

Image copyright AP
Image caption Xakerga koʻra, Prezident Putin informatsion texnologiyalarga oshno emas.

Rossiyada uch kishi "Shaltay-Boltay"ga aloqadorlikda gumon qilinib hibsga olindi. FSBda hibsga olishlar boʻldi. Ularning ichida FSB axborot xafvsizligi markazi rahbari oʻrinbosari Sergey Mixaylov ham bor. U AQSh manfaatlari uchun xiyonat qilganlikda ayblanmoqda.

Rossiya rasmiylari FSBdagi hibsga olishlarning "Shaltay-Boltay" ishi bilan aloqasi yoʻqligini taʼkidlamoqda. Biroq Rossiya matbuoti Mixaylov "Shaltay-Boltay"ning FSBdagi kuratori boʻlganligi toʻgʻrisida xabarlarni chiqardi.

Rossiya goʻyoki Gʻarbdagi pochtalarni buzgan xakerlarni davlat miqyosida qoʻllagani aytilarkan, Aleksandr "Shaltay-Boltay"ning bu ishlarga aralashganini inkor etadi.

"Bizda Rossiya tashqarisida boʻlgan biror kimsa haqida maʼlumotni buzib oʻgʻirlash yoki topish borasida hech qanday qiziqish boʻlmagan. Kreml va uning atrofidagilardan boshqa maqsadimiz yoʻq edi".

Men Aleksandrdan oʻzini Robin Gud yoki jinoyatchi sifatida bilishi bilan qiziqdim.

"Agar siz mendan biror elektron pochtani buzib kirdingmi, deb soʻrasangiz, yoʻq, bunday qilmaganman. Men maʼlumotni qabul qilib olganman. Uni oʻqib, tahlil qilib, saytimizga joylaganman".

"Qandaydir notoza pul olganmanmi? Ha. Balki men pul qayerdan kelayotganini soʻragim kelmagandir. Balki bu men tomondan yoʻl qoʻyilgan xatodir. Lekin bu hayot. Men bundan faxrlanmayman".

"Bentley sotib olmaganman"

Uning tan olishicha, maʼlumotlar oʻgʻirlanganini bilgan, biroq guruh chop qilgan aksar materiallar "jamoatchilik qiziqishiga sabab boʻlganligi uchun bu narsani oqlab ketsa kerak" - deya oʻylagan.

Xakerlik ortidan ular, xususan, Aleksandarning qancha pul ishlagani ham Bi-bi-si soʻragan savollardan biri edi.

"Yoʻq, men birorta uy yoki Bentley sotib olganim yoʻq" - kuladi u.

Aleksandr Estoniyadan boshpana soʻrash niyatida. U Estoniyaning Kremlga oʻxshamasligini va uni Rossiyaga topshirmasligiga umid qiladi.

"Men Estoniyani yaxshi koʻraman, Kremlni esa yomon."

U Rossiyaga qaytarilgan taqdirda shu zahoti hibsga olinishiga ishonadi.

"Men xiyonat qilmadim, lekin hukumat manfaatlariga qoʻl choʻzdim" - oʻzi faoliyati haqida xulosa qiladi Aleksandr Glazastikov.

Bi-bi-si Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq