Ayolga aylangan tojikistonlik yigit

Image caption Milena jinsini ayolga aylantirgach, chet elga ketishga majbur boʻlgan.

Tojikistonda transgender boʻlib, yaʼni jinsini almashtirib yashash juda ogʻir.

Bunday odamlar tez-tez tahqirlanadi, ammo kimligi ommaga oshkor boʻlmasligi uchun, koʻpincha, militsiyaga ham shikoyat qilishmaydi.

Aksariyat oʻzi haqida hatto qarindoshlari va doʻstlariga ham aytmaydi.

Nega erkak boʻlib yaraldim?

Milena (hozirgi oʻzi tanlagan ismi) Tojikistonda tugʻilib oʻsgan. Lekin jinsini oʻzgartirishga qaror qilgach, vatanini tashlab ketishga majbur boʻldi.

Pastda uning oʻz ogʻzi bilan aytgan hikoyasi:

Men oʻgʻil bola boʻlib tugʻilganman. Ammo oʻzimni hech qachon oʻgʻil bola sifatida his qilmaganman.

Yarim yildan oshdiki, men endi Milenaman. Transgender yoki jinsini almashtirgan ayolman.

Besh yoshda edim chamasi, oʻzimni qiz boladek his qila boshlaganman. Ayni holatni soʻz bilan tushuntirish qiyin. Boshqalar seni tushunishmaydi. Bu uchun oʻsha odamning oʻrnida yashash kerak.

Qizlarga qattiq havas bilan qarardim: Ularga oʻxshagim, ulardek kiyingim kelardi. Lekin bolaligimda menda nimalar boʻlayotganini, shaksiz, tushunmaganman.

Ulgʻaygach, bu holatim meni axloqiy va jismoniy azoblarga tashladi.

Yuragimdagini ota-onamga aytishni istasam ham, ammo qalbimni ochishdan qoʻrqardim.

"Nega men qiz emas, oʻgʻil bola boʻlib tugʻilganman?" deya har doim oʻzimga savol berardim va barchadan yashirib, yigʻlardim.

Bu holatimni unutishga koʻp intildim. Ammo hech boʻlmadi.

Balogʻat yoshiga yetarkanman, ayol kishi boʻlishni qanchalik istashimni tushundim. Lekin istaklarimni jilovlab, yashirib yurdim.

Oʻz erkakligimdan nafratlanardim. Hamma narsaga tayyor edim. Faqat qayta tugʻilsam, qiz bola boʻlib tugʻilsam boʻldi edi.

Bu juda ogʻir hissiyot. Seni ruhan va axloqan ezib tashlaydi. Baʼzilar kasallik deyishadi. Unday emas!

Uyda hech kim boʻlmasa, qizlarning kuylagini kiyib koʻrardim. Koʻzimni yumib, oʻzimni qiz boladek his qilardim. Lekin tezda yana haqiqiy hayotga qaytardim va oʻgʻil bolaligimdan afsuslanib, yigʻlardim.

Shu asno 39 yoshga ham kirib qoldim.

Men kabi boshqa odamlar borligini ham bildim. Koʻproq maʼlumot oldim va jarrohlik orqali jinsni oʻzgartirish mumkinligini tushundim.

Ammo shunday yoʻl tutsam, dunyodagi eng yaqin odamlarimga, qarindoshlarimga begona boʻlib qolishimni ham bilardim.

Xullas, 39 yoshimda ayollik xususiyatlarini kuchaytiruvchi gormonal dorilarni ola boshladim. Sekin-asta jismoniy oʻzgarishlar boshlandi.

Erkaklik uzvlarim ishlashdan toʻxtadi. Atrofiya, yaʼni tana aʼzolarimda kichrayish kuzatila boshlandi. Tashqi koʻrinishimda esa erkakka xos dagʻallik oʻrnini, ayolga xos nafosat egalladi.

Haqoratlar

Ishxonada hamkasblarim mendagi oʻzgarishlarga eʼtibor bera boshlashdi. Chunki oʻzgarayotgandim: sochim oʻsgan, yurish-turish va hatti-harakatlarim oʻzgargandi.

Baʼzilar men jinsimni oʻzgartirish uchun gormonli dorilar ichayotganimni bilardi. Ammo boshqalar chuqur hayratda edilar.

Boshligʻim ayol kishi boʻlsa-da, meni ochiqdan-ochiq haqoratlay boshladi. "Shifoxonani sharmanda qilayapsan, sen besoqolboz!" - deb aytardi.

Hamkasblarim ham meni qoralashardi.

Image caption "Anʼanaviy jamiyatda boshqa odamlar fikri katta oʻrin tutadi va ular bilan hisoblashish kerak".

"Xudoning qudratiga qarshi chiqayapsan, oʻzingni sharmanda qilayapsan" - deyishardi.

Xullas, meni ishdan boʻshatishdi. Keyin hech qayerga ishga kira olmadim.

Internet orqali reklama qilib, ul bul narsa tikib sotib, biroz pul topardim.

Topganim ovqat va dori-darmonimga amallab yetardi. Yetmasa, uydan biron narsani olib chiqib sotardim.

Onam esa nima boʻlayotganini tushunmagani uchunmi, menga pul va oziq-ovqat berib turardi.

Ammo aka-ukalarim mendan butunlay yuz oʻgirishgandi.

Qoʻshnilar soʻrayvergach, onam qandaydir bir kasallikka chalinganim haqida hikoya oʻylab topdi.

Lekin aslida nima boʻlayotganini bilgach, onam ham qattiq hayrat va dahshatga tushdi. Boyoqish meni kasalga chalingan, deb yurarkan.

Oʻz istagim bilan oʻzim gormonlar isteʼmol qilayotganimni eshitgan zahoti "bunaqa sharmandalikni toʻxtat, dori ichma" deb rosa urishdi.

Ammo men oʻz yoʻlimdan qaytmadim. Oradan yarim yil oʻtgach, ancha oʻzgardim va baʼzi tanishlar ham meni taniy olmay qolishdi.

"Juda oʻxsharkansan, uning oʻzi qayerda?" - deb ayrimlar mendan oʻzim haqimda soʻrashardi

Lekin begonalar koʻchada meni ayol, deb bilib, ayollardek xushmuomala munosabat qilishardi. Shunda xursandligimdan yigʻlardim.

"Erkaklik uzvimni kesdim"

Oʻtgan yoz juda qiyin kechdi. Hamma mendan yuz oʻgirdi. Yolgʻiz qoldim. Bir-ikkita dugonalarimdan boshqa atrofimda hech kim qolmagandi.

Bu paytga kelib ovozim mayinlashgan, koʻkragim oʻsgan, badanim qizlarnikidek ancha noziklashgandi.

Yolgʻizlik ortidan tushkunlik boshlandi. Bir necha marta oʻzimni oʻldirmoqchi boʻldim. Chunki hali hamon erkaklik aʼzolarim bor edi.

Dushanbedagi kasalxonada mening jinsimni jarrohlik bilan oʻzgartirish mumkinligini aytishdi. Lekin qarashsa, Tojikistonda jinsni almashtirishga ruxsat beradigan qonun yoʻq ekan. Sogʻliqni saqlash vazirligiga ham chiqdim. Rad etishdi.

Ruhiy kasalliklar shifoxonasida meni tekshirib, ruhan sogʻlom, degan xulosaga kelishdi.

Nima qilishimni bilmay qoldim. Hatto oʻzim erkaklik uzvimni kesib tashlasammi, degan fikrga ham bordim. Bunda oʻlishim mumkinligini bilsam-da, ortga qaytishni istamadim.

Image caption "Baʼzilar buni kasallik deyishadi. Notoʻgʻri!" - deydi Milena

Xullas, ogʻriqni qoldiruvchi dori va paxta olib kelib, uzvimni kesishga intildim. Koʻp qon yoʻqotdim. Keyin tez yordam chaqirdim.

Baʼzi sobiq hamkasblarim chet eldagi bir kasalxona daragini topishdi. Shunday qilib, Ukrainaga kelib qoldim.

Qayta tugʻilish

Ukrainada ham oson kechmadi. Kiyev ayeroportidayoq nega pasportida erkak boʻlgan odam ayolga oʻxshaydi, deb rosa tekshirishdi.

Koʻp oʻtmay Kiyevda jinsimni oʻzgartirdim va Milena ismli qiz boʻlib qayta tugʻildim.

Esimda, narkozdan koʻzimni ochishim hamon jarroh menga "Oyim qiz, nihoyat hammasi boʻldi" deb aytgandi.

Hozir jinsimning ayolligini tasdiqlovchi yangi hujjatlarimni kutayapman.

Qochqinlar turadigan yotoqxonada yashayman. Chunki jinsiy sababga koʻra, men ham qochqinga aylandim.

Afsus, vatanimda meni tushunishmadi. U yerda yashash xavfli edi. Chunki men Tojikistondagi koʻp asrlik anʼana va koʻnikmalarga qarshi borgandim.

Toʻgʻrisi, kimga qarshi bordim, kimning hayotini barbod etdim yo kimga yomonlik qildim - bilmayman.

Bilganim - hozir baxtliman. Endi tanqiddan ham, haqorat yo tahqirdan ham qoʻrqmayman.

Men oʻzim uchun qayta tugʻildim. Koʻnglim tinch.

Faqat bir armonim bor: Hech qachon bola tugʻa olmayman. Qaniydi ona boʻla olsaydim....

Bi-bi-si Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq