Oʻzbekiston: Eshak goʻshti taomlarga tushganmi?

Image copyright kun.uz
Image caption Samarqandda topilgan "eshaklar qabristoni" koʻplab savollarni yuzaga keltirgandi.

Samarqanddadagi "eshaklar qabristonida" topilgan suyaklar ortidan tergov-surishtiruv jarayonida jonivorlarning goʻshti nima uchun ishlatilgani oʻrganilgan.

Eshaklarning goʻshti suv havzasidagi baliqlarga, suyaklari esa maydalangach tovuqlarga yem sifatida berilgani aniqlangan. Terisi sotilgan.

Aybdorlar eng kam ish haqining 2 barobari miqdorida jarimaga tortilgan.

Ushbu hodisani jamoatchilikka yetkazgan samarqandlik jurnalist Toshpoʻlat Rahmatullayevning blogi http://rtoshpulat.blogspot.co.uk da yozilishicha, suv hafzasi boʻyida eshaklar qabristoni yuzaga kelishiga sabab boʻlgan 5 kishi ustidan mahkama jarayoni boʻlib oʻtgan.

Jurnalist hodisa yuzasidan Samarqand tuman ichki ishlar boshqarmasiga murojaat qilgan.

Boshqarma boshligʻi militsiya podpolkovnigi Otabek Jalilovning javobidan bu borada tergov-surishtiruv ishlari yakuniga yetgani hodisaga aloqador 5 kishining shaxsi aniqlangani aytilgan.

"Javob xatida eshaklarning goʻshti biror bir maqsadda ishlatilmagani alohida koʻrsatilgan. Menimcha, bu yerda eshak goʻshti jamoat ovqatlanish nuqtalari bormaganini urgʻulamoqchi boʻlishgan. Ish jinoiy ishlar boʻyicha Samarqand tuman mahkamasiga topshirilgani aytilgan", - deb yozadi Toshpoʻlat Rahmatullayev.

Tuman mahkamasida ushbu ish materillari bilan tanishib chiqishga muvaffaq boʻlgan jurnalist unda Samarqand viloyatida istiqomat qiluvchi 5 kishining ishtirok etganini oʻrgangan.

"Samarqandga borsam men agar..."

Maʼlum boʻlishicha, Shohrux Alibekov Malayzida yurgan vaqti Azizbek Rahmonov bilan tanishadi. Azizbek unga maʼlum mablagʻ evaziga eshak terisi yetkazib berish taklifini beradi.

Mahkama ishida yozilishicha, guruh Bulungʻur va Jomboy tumanlaridan eshak sotib olib yuk mashinalarda Samarqand tumanidagi Doʻstlik mahallasiga olib kelishgan.

Oʻsha yerda eshaklarni soʻyib terisini oʻzlariga olib qolishgan va goʻshtini jar va suv hazasiga tashlashgan.

Image caption Eshak goʻshti taomlarga tushmagani aytilmoqda

Guruh aʼzolaridan biri eshak goʻshtini suv havzasida boqayotgan baliqlarga yem sifatida bergan. Suyaklarni uskunada maydalab tovuqlarning yemiga omuxta sifatida qoʻshgan.

Guruh eshak biznesi bilan bir oy davomida shugʻullangan.

Samarqand ichki ishlar borqarmasi tergovchisi M. Safarov guruh faoliyati tarkibida jinoiy alomatlar yoʻqligini inobatga olib, ular ustidan jinoiy ish ochmaslika qaror bergan.

24 yanvarь kuni Samarqand tuman jinoiy ishlar boʻyicha sudda mahkama jarayoni boʻlib oʻtgan. Hakam 5 kishini hayvonlarga shavqatsiz munosabatda boʻlish aybi bilan maʼmuriy javobgarlikka tortgan.

Eshaklar qabristoni xabari orqali matbuot eʼtiboriga tushgan 5 "tadbirkor" eng kam ish haqining ikki barobarida jarima bilan qutilgan.

Samarqand shahri yonidan eshaklar qabristoni topilishi haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlar va mahalliy xabar saytlarida eng koʻp muhokamaga sabab boʻlgandi.

Upl.uz sayti bu kabi xabarlar Oʻzbekistonga kelmoqchi boʻlayotgan sayyohlarni choʻchitib yuborishi va ularda Oʻzbekiston haqida notoʻgʻri taassurot paydo boʻlishi mumkinligini eʼtiborga olib bu haqda yozmaslikni soʻrab chiqdi.

Mashmashaga viloyat miqyosida rahbariyat oʻz eʼtiborini bildirib, ushbu ishni oʻrganish vazifasi topshirilgandi.

Bi-bi-si Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq