Turkmanistonda prezident saylovlari boʻlib oʻtmoqda

Image copyright AFP

Turkmanistonda prezident saylovlari boʻlib oʻtmoqda

Yakshanba kungi saylovlarda amaldagi Prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning uchinchi muddatga saylanishi kutilmoqda.

Qolgan sakkiz nafar nomzodlarning hammasi hukumatga bogʻliq tashkilotlardan.

Oʻtgan yili mamlakat konstitutsiyasiga kiritilgan oʻzgartishlarga muvofiq, prezident umrbod hokimiyatda qolishi mumkin.

2012 yilda Berdimuhamedov 97 foiz ovoz bilan qayta saylangandi.

Oʻtgan yil sentyabrida u konstitutsiyaga oʻzgartishlarni maʼqullagan, unga binoan, prezidentlikka nomzodning yoshiga qoʻyilgan cheklov (70 yosh-tahr) olib tashlangan va prezidentlik muddati 7 yil qilib belgilangan.

Turkmaniston boʻylab 2678 saylov hududida ovoz berishlar mahalliy vaqt bilan 19 gacha davom etadi.

Turkmaniston qonunchiligida saylovchilarning eng kam soni belgilanmagan, shuning uchun qancha odam ovoz berishidan qatʼiy nazar, saylovlar boʻlib oʻtgan hisoblanadi.

59 yoshli Berdimuhamedov 2006 yilda Saparmurot Niyozovning kutilmagan oʻlimidan soʻng hokimiyatga kelgan va oxirgi oʻn yilda Turkmanistonni oʻzining oʻtmishdoshi kabi qattiqqoʻllik bilan boshqargan.

Marhum Niyozov Turkmanboshi deb nomlangan boʻlsa, turkman matbuoti Berdimuhamedovni Orqadogʻ (himoyachi-tahr.) deb ataydi.

Asli kasbi stomatolog boʻlgan Berdimuhamedov Niyozovning muxolifat va oʻzgacha fikrga toqatsiz repressiv tuzumini saqlab qolgan.

Berdimuhamedovning oʻzi bugun Ashxoboddagi 48-sonli saylov hududida otasi, onasi va oʻgʻli Sardor hamrohligida ovoz bergan.

Berdimuhamedov turkman xalqi bugungi saylovlarda muhim qaror qabul qilayotganini aytgan.

Rossiyaning Turkmanistondan gaz sotib olishni toʻxtatishi mamlakat iqtisodiga jiddiy zarba bergan.

Soʻnggi paytlarda mamlakatda maoshlarning toʻlanmayotgani, imtiyozlarning bekor qilinayotgani va hatto oziq-ovqat taqchilligi yuzaga kelayotgani haqida xabarlar olingan.

Bi-bi-si Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring