Turkmanistondagi saylovlarda Berdimuhamedov gʻolib

Gurbanguli Berdimuhamedov Image copyright Social media

Turkmanistonda boʻlib oʻtgan prezidentlik saylovlarida amaldagi prezident Gurbanguli Berdimuhamedov yaqqol ustunlik bilan qayta saylandi. Mahalliy saylov komissiyasining maʼlum qilishicha, Berdimuhamedov 98 foizga yaqin ovoz olgan. Saylovda ishtirok etganlarning foizi ham deyarli shunday boʻlgan.

Prezidentlik lavozimi uchun 9 nomzod kurash olib borgan, biroq Markaziy saylov komissiyasi bergan maʼlumotga koʻra, saylovchilarning deyarli hammasi amaldagi prezidentga ovoz bergan. Berdimuhamedov 97.69 foiz ovoz olgan.

Mamlakat prezidentini Turkmaniston Demokratik partiyasi nomzod sifatida koʻrsatgan, uning raqiblari asosan amaldorlardan tashkil topgan.

Berdimuhamedov uchun bu uchinchi prezidentlik muddati boʻladi.

Oʻtgan yil sentyabr oyida uning tashabbusi bilan nomzodlarga qoʻyilgan 70 yosh bilan bogʻliq taqiq olib tashlangan va prezidentlik muddatini besh yildan 7 yilgacha choʻzilgan edi.

59 yoshli Berdimuhamedov 2006 yilda Saparmurot Niyozovning kutilmagan oʻlimidan soʻng hokimiyatga kelgan va oxirgi oʻn yilda Turkmanistonni oʻzining oʻtmishdoshi kabi qattiqqoʻllik bilan boshqargan.

2012 yilda Berdimuhamedov 97 foizdan koʻproq ovoz olib prezidentlikka qayta saylangandi.

Marhum Niyozov Turkmanboshi deb nomlangan boʻlsa, turkman matbuoti Berdimuhamedovni Orqadogʻ (himoyachi-tahr.) deb ataydi.

Gurbanguli Berdimuhamedov Markaziy Osiyoning avtoritar boshqaruvchilardan biri sifatida koʻriladi.

Asli kasbi stomatolog boʻlgan Berdimuhamedov Niyozovning muxolifat va oʻzgacha fikrga toqatsiz repressiv tuzumini saqlab qolgan.

Xalqaro tashkilotlar mamlakatda soʻz erkinligi va inson huquqlari buzilishi boʻyicha hisobotlarda bong urib keladi.

Soʻnggi paytlarda mamlakatda maoshlarning toʻlanmayotgani, imtiyozlarning bekor qilinayotgani va hatto oziq-ovqat taqchilligi yuzaga kelayotgani haqida xabarlar olingan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring