"Eʼtiqodni kuchaytirish ruhiy xastaliklarni davolaydi"

Depressiyani ramziy koʻrsatuvchi surat

Ruhiy xastaliklardan aziyat chekayotgan musulmonlarga eʼtiqodini kuchaytirish va diniy taʼlim olish kasallikdan forigʻ boʻlishda yordam berishi mumkin. Lids universitetida tadqiqot oʻtkazayotgan Britaniya olimlari shunday xulosaga kelishgan.

Odatda shifokorlar dinni davolashning bir boʻlagi sifatida gapirishdan qochishadi, ayrim holatlarda uni xastalik deb qabul qiluvchilar ham bor.

Biroq Lids universitetida olib borilayogan tadqiqotlarga tayangan Britaniya Sogʻliqni saqlash xizmati loyihasi "ayrim yakka muvafaqqiyatlarni koʻrsatmoqda".

Tadqiqot oʻtkazayotgan shifokorlarning taʼkidlashicha, ruhiy xastaliklarga bir tamgʻa sifatida qarash tufayli juda koʻp musulmonlar odatiy muolajalardan foyda olmaydi.

"Men ruhan singandim"

40 yoshli Samia depressiyadan azob chekkan va loyihada ishtirok etmoqda.

"Men doim oʻzimni qatʼiyatli tutish shartligini va har narsaga qodirligimni his qilardim. Biroq men ich-ichimdan toʻkilib boʻlgandim. Men tushkunlikka tushib, dunyo koʻzimga tor koʻringanda Allohni ranjitadigan biror narsa qilganimni sezardim", deydi u.

Lids universiteti Tibbiyot fanlari instituti bosh tadqiqotchi Doktor Gʻazala Mirning aytishicha, bu kabi holatlar ruhiy xastaliklardan daʼvolanish yoʻliga kirgan aksar musulmonlarda uchraydi.

"Ushbu alomat agar siz davolanishga ehtiyoj sezsangiz, birinchi navbatda eʼtiqodingiz bilan bogʻliq biror xato boʻlishi mumkinligini oʻz ichiga qamrab oladi".

Sogʻliqni saqlash xizmati maʼlumotlar bazasiga koʻra, ruhiy xastaliklarni davolash boʻyicha murojaat qilganlarning ichida depressiya musulmonlar uchun boshqalarga nisbatan surunkali ahamiyat kasb etadi. Ularning ushbu xastalikdan davolanish koʻrsatgichi boshqalarnikiga nisbatan past.

Britaniya Sogʻliqni saqlash xizmati mijozlarning madaniy jihatlarini eʼtiborga olgan holda yondashish majburiyatini olgan, biroq professor Mirning aytishicha, bu narsani amalda qoʻllash koʻpincha qiyin kechmoqda.

Doktor Mirning taʼkidlashicha, aksar shifokorlar eʼtiqodni biror kishining madaniyati sifatida koʻrmaslik orqali xatoga yoʻl qoʻyadi.

"Dunyoning istalgan nuqtasida oʻtkazilgan sinovlar orqali musulmonlar eʼtiqodiy-taʼsirchan muolajalardan tezroq naf koʻrishini bilamiz. Ular boshqa dindagi odamlarga qaraganda koʻproq dinni taskin sifatida qabul qiladi".

Doktor Mir surunkali ogʻriydigan bemorlarni oʻz holatini boshqarishga asoslangan mavjud uslubga tayanib yangi muolaja turi - oʻzini tutish aktivizatsiya tizimini yaratishga koʻmak bergan.

Ushbu tadqiqot Sogʻliqni saqlash xizmatining Lidsdagi ruhiy xastaliklar xayriya tashkiloti orqali 20 kishining ishtiroki bilan muvafaqqiyatli chiqdi.

Mijozlarga davolash kor qilgach, ulardan eʼtiqod hayotining bir qismi ekanligi yo emasligi haqida soʻralgan.

Depressiya tufayli diniy amallarni bajarmay qoʻyganlarga maxsus chiqarilgan bukletlar orqali asta sekinlik bilan ibodatning ahamiyati haqida tushuntirilgan. Ushbu bukletlarda "Qurʼoni Karim"dan oyatlar keltirilgan. Ularning birida "kuchli eʼtiqodli odam ham" depressiyaga tushishi mumkinligi va bu narsa Alloh ulardan ranjiganini bildirmasligi aytiladi.

Samianing aytishicha, anʼanaviy uslubda davolash "oxiriga yetmay qolgan safar"ga oʻxshaydi. Biroq u yangi bukletni oʻqiy boshlaganidan beri hayoti oʻzgara boshlagan.

"Ushbu bukletlardagi yozuvlar menga Qurʼon depressiya, qaygʻu va qiyinchiliklar borligini eʼtirof etishini mulohaza qilishimga yordam berdi. Alloh menga ushbu qoʻllanmalarni koʻrsatib qoʻyibdi. Bu imonimni mustahkamlaydi", deydi Samia.

Shifokorlar sinov loyihani tark etdi

Richard Garland Touchstondagi Ruhiy xastaliklar xayriya tashkilotida musulmon mijozlarni davolovchi jamoani tarqatib yubordi. Uning aytishicha, bir necha shifokorlar davolashning boshlangʻich sinovini turli sabablarga koʻra tark etgan.

Ayrimlar mijozlarga dinni yuklashganidan xavotirga tushishdi, boshqalar Islomni yetarli bilmasligini aytishdi. Dinni davolash uslubi sifatida ishlatish gʻoyasiga qarshi chiquvchilar ham boʻldi. Ayrimlar din depressiyani davolashda yordam beruvchi asos emasligini aytishdi.

Shunga qaramasdan Garland bu kabi diniy yoʻl bilan davolashlar oʻz soʻzini aytishiga ishonadi.

"Bu yerda ishlab chiqilgan tizim odamlarning eʼtiqodini toʻliq eʼtiborga oladi. Ushbu oʻziga xos eʼtiqod odamlarning qadriyatlariga bogʻlangan. Yaʼni bu kimningdir eʼtiqodi amaliy tajribasidir".

Tadqiqotni oʻtkazayotganlar ushbu tajriba mamlakat boʻylab yoyilishini va davolash uslubi boshqa din vakillariga ham qoʻllanishini orzu qilayotganini aytishadi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring