Jihodni tijoratga aylantirgan "oʻzbek"

Malhama Tactical Image copyright Foreign Policy

Global siyosat va iqtisod masalalarini yorituvchi Foreign Policy jurnalida Islomiy jihod gʻoyalari asosida kurashni tijoratga aylantirgan guruh haqida maqola chop etilgan.

"Malhama Tactical" guruhi harbiy tayyogarlik va maslahat beruvchi jahondagi ilk shaxsiy shirkat sifatida faoliyat yuritadi. Unga kelib chiqishi oʻzbekistonlik boʻlgan Abu Rafiq rahbarlik qilishi aytilmoqda.

"Guruhning YouTube dagi videosida boshdan oyoq zamonaviy harbiy "sovut" formasidagi yigitlar binolarga bostirib kirishni namoyish etishgan. Qoʻllarida ushlab turgan yozuvlar orqali "jihodni qanday olib borish" kerakligini uqtiradi. Videodagi titrlar kiril alifbosida yozilgan, lekin musiqa va shiorlar "nashid" nomi bilan tanilgan uslubda, arab tilida aytilgan", deya tasvirlaydi Foreign Policy.

Jurnalga koʻra, guruh aʼzolari kelib chiqishi oʻzbekistonlik va Rossiyaning Qavqoz mintaqasidan boʻlgan 10 nafar musulmon.

Guruh kichik boʻlsa-da, oxirgi vaqtlarda keng tarqalgan Ijtimoiy tarmoqlar va internet orqali oʻz "xizmatlarini" keng targʻib qilmoqda.

Foreign Policy ga maʼlum boʻlishicha, guruhga kelib chiqishi oʻzbekistonlik boʻlgan 24 yoshli Abu Rafiq rahbarlik qiladi. U haqida koʻp narsa maʼlum emas. Lekin Ijtimoiy tarmoqlarda bot-bot turli laqab va taxalluslar bilan paydo boʻladi.

Har video yoki fotosuratda u faqatgina koʻzini koʻrish mumkin boʻlgan niqob yo roʻmol bilan paydo boʻladi. Rus tilida oʻzbekcha talaffuz bilan gapiradi.

Image copyright Foreign Policy

Guruhga 2016 yil may oyida asos solingan.

Foreign Policy bilan Telegram orqali suhbatlashgan Abu Rafiqning aytishicha, Suriyada ularning xizmatlariga talab juda katta.

Lekin, deb aytgan u, "hozirda xizmat doirasini kengaytirib, qayerda musulmonlar tazyiq ostida boʻlsa, oʻsha yerda yordamga kelishga tayyor".

Shuningdek, oʻzlari kelib chiqqan hudud, xususan Rossiyaning Shimoliy Qavqoz mintaqasi va hukumatiga qarshi kurashda "qoʻllab quvvatlashga" tayyor ekanligini bildirgan.

Oʻtgan noyabr oyida guruh Facebook orqali ishga yollash uchun eʼlon bergan. U shafqatsiz va qonli urushda ishtirok etuvchi shirkatning emas, koʻproq zamonaviy boshqa har qanday turdagi shirkat eʼloniga oʻxshaydi.

Yaʼni "hamisha oʻrganish, rivojlanish va faoliyatda boʻlishni istovchilar" uchun ish taklif qilinadi. Eʼlonda shuningdek, ushbu ish bilan birga beriluvchi moddiy "paket" va haftasiga "jihoddan 1 kun dam olish" ham nazarda tutilishi aytilgan.

Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, hozirda Suriyada sobiq Ittifoq respublikalaridan boʻlgan rus tilida soʻzlashuvchi 4 700 ga qadar jihodchi bor. Ularning kurash olib borish uquvi hamda tajribasi mahalliy jihodchilardan koʻra ancha yaxshiroq.

Lekin Malhama Tactical ning yoʻrigʻi oʻzgacharoq. Ular asosan qurol-yarogʻ taʼminoti manbasini koʻrsatish, harbiy maslahat berish va baʼzi janglarda "yuqori malakali jangchi" sifatida ishtirok etish xizmatini taklif qiladi.

Abu Rafiqning Foreign Policy ga aytishicha, yoshligida Oʻzbekistondan Rossiyaga koʻchib kelgan va oila qurib, harbiy xizmatga yollangan. Agar unga ishonilsa, Rossiya qurolli kuchlarining xos boʻlimlaridan hisoblanmish Havo Desant kuchlari safida xizmat qilgan.

Image copyright Foreign Policy

2013 yili Rossiyadan Suriyaga kelgan va oʻziga oʻxshash koʻplab yoshlardan farqli ravishda biron guruh tarkibiga qoʻshilmay, mustaqil qolib, oxir oqibat 2016 yili Malhama Tactical ga asos solgan.

Malhama Tactical ijtimoiy tarmoqlarda oʻta faol. Facebook, YouTube, Twitter va VKontakte sahifalarida mutassil eʼlonlar berib keladi. Lekin Vkontakte dagi sahifasi yaqinda yopib qoʻyildi. Instagram dagi sahifasi esa huddi yirik bir qurol ishlab chiqaruvchi shirkatning sahifasiga oʻxshaydi.

Malhama Tactical oʻzining har bir xizmati uchun haq olsa ham, Abu Rafiq yollanma jangari ekani yoki gʻoyani tijoratga aylantirganligini rad etadi.

Tahlilchilarga koʻra, jihodiy gʻoyalar va kurash oxirgi vaqtlarda jahon boʻylab tobora keng tarqalar ekan, bu kabi xizmat koʻrinishining paydo boʻlishi bir maʼnoda tabiiydir.

Abu Rafiqning faoliyati ayni vaqtda Rossiya hukumati eʼtiborini oʻziga tortgan. 7 fevral kuni Rossiya uchoqlari uning Idlibdagi uyini nishonga olib, turmush oʻrtogʻi va chaqalogʻini halok etdi.

Xabarlarga koʻra, hujumdan bir muncha vaqt avval uyidan chiqqan Abu Rafiqning oʻzi omon qolgan.

Kuzatuvchilar Malhama Tactical kabi shirkatlar zamonaviy dunyoda jihod gʻoyalari va hatto harbiy sanoat kompleksi kelajagida oʻzgarish yasashi mumkinligini aytmoqda.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring