Valentin kuni yana oʻzbek matbuoti hujumi ostida

Valentin kuni 2012 yilda Oʻzbekiston Taʼlim vazirligining Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan man etilgandi Image copyright Reuters
Image caption Valentin kuni 2012 yilda Oʻzbekiston Taʼlim vazirligining Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan man etilgandi

Sevishganlar kuni, yoki jahon boʻylab Avliyo Valentin kuni deya nishonlanadigan bayram Oʻzbekistonda bir necha yil avval taqiqlanganiga qaramay, oʻzbek matbuotida unga qarshi hujumlar toʻxtamagan.

Valentin kuni 2012 yilda Oʻzbekiston Taʼlim vazirligining Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan man etilgandi. Markaz oʻzining ichki buyrugʻi bilan oʻzbek madaniyatiga yot bayramlardan koʻra, Boburning tavallud ayyomini nishonlashni buyurgan.

Bir necha yillardan beri sevishganlar uchun 14 fevralda maxsus kontsert berib keladigan Rayhonning anʼanaviy shousining ildiziga ham shu bilan bolgʻa urilgandi.

Ammo, taqiqlovga qaramay, oʻzbekistonlik sevishganlar bir-biriga otkrytka, shokolad va gul berishni davom ettirar ekanlar, Oʻzbekistonda nashr etiluvchi saytlar bu kunni fahsh va razolatga tenglab maqolalar chop qilishmoqda.

"Qayd etilishicha, Avliyo Valentin kunining tarixi maʼjusiylarning hayot tarziga, fahsh, buzuqlik va itoatsizlikka borib taqaladi va bu sanani islom dini ham, xristianlik ham qoralaydi", - deb yozadi Darakchi.

"Muhabbat atalmish pokiza, ilohiy tuygʻuning allaqanday soxta bayramlaru bachkana "urf-odatlar" bilan oʻlchanishi uning qadr-qimmatini tushirib yubormayaptimi?" deya fikr yuritishga undaydi u.

Ammo, sevishganlar bayramini yoqtirmaydigan darakchi saytida "Muhabbatini uchratgan odamga uni sevib qolish uchun 0.12 soniya ham yetarli ekan..." degan boshqa maqolani, yoki "Men ertaga uylanyapman. - Muhabbat sababmi? Uning otasining aytishicha: "Hamma sabablarga koʻra" kabi hazil-mutoyibani oʻqish mumkin.

Kun.uz saytida chop qilingan Darmon Ibragimov qalamiga mansub maqola esa Valentin kuniga nisbatan nafratga toʻla.

"Aholi, ayniqsa, yoshlar orasida ichkilikbozlik, axloqiy buzuqlikni targʻib qilish, abortlar, giyohvandlik, niqoblanmagan yovuzlik - mana shular "Sevishganlar kuni"ning asl mohiyatini ochib beruvchi xatarlardir. Maʼlumotlarga qaraganda, zamonaviy insonga kerak boʻlgan eng muhim narsa "jinsiy yaqinlik erkinligi" ekanligi onglarga singdirilishi oqibatida soʻnggi yuz yil ichida ginekologlarning kabinetlarida abortlar natijasida urushlardagidan koʻra koʻproq jonlar qurbon boʻlgan", - deb yozadi u.

Maqolada "fahsh botqogʻiga botgan Rim imperiyasi"dan tortib "har xil izhorlar bitilgan" otkrыtkalarni chiqaruvchi poligrafiya sanoati ham Ibragimov qalami qahriga uchragan.

"Oʻziga yuksak talab qoʻya olmaslik, ruhan tushkunlik va hafsalasizlik, maʼnaviy qashshoqlik, loqaydlik va befarqlik jamiyatning poydevoriga zarar yetkazuvchi xatarlarning, "Sevishganlar kuni"ga oʻxshagan razolat bayramlarining ildiz otishiga zamin hozirlaydi. Shu bois, ogoh boʻling, aziz yurtdoshlar!" deya xitob qiladi muallif oʻz xulosasida.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring