Tojikiston: "Giyohvandning hayoti - doʻzax"

giyohvand Image copyright Getty Images

Birinchi marta giyohvand moddalarni isteʼmol qilganda Qimatsho 14, Faina 20, Aleksandr esa 22 yoshda boʻlgan. Hammasining oilasi, doʻstlari, kelajakka tuzilgan rejalari va keyin ilk bora narkotik tatib koʻrish tajribasi kabi oʻz hikoyasi bor. Undan keyin hammasi bir zaylda davom etgan - sudlanish, VICh yuqtirish, qoʻrquv va yolgʻizlik.

Tojikiston Sogʻliqni saqlash va Ijtimoiy himoya vazirligi maʼlumotlariga koʻra, mamlakatda 7067 giyohvand moddalar isteʼmolchisi bor. Ularning koʻpchiligi huquq tartibot organlarining taʼqibidan qoʻrqib davlat klinikalarida davolanishni istamaydi.

Mustaqil ekspertlarning taʼkidlashicha, giyohvandlar borasidagi rasmiy raqamlar koʻp marotaba pasaytirib koʻrsatilgan. Agar ushbu maʼlumotlarni 2012 yildagisiga solishtirilsa, oʻshanda hukumat 7135 kishi bor degan edi, besh yil davomida qoradoriga mubtalo shaxslarning soni deyarli oʻzgarmagan.

Giyohvand moddalarga qarshi kurash agentligi rahbari Sherxon Salimzodaning yaqinda maʼlum qilishicha, oʻtgan yili respublikada 3 tonna giyohvand moddasi musodara qilingan, bu 2014 yilgi koʻrsatgichlardan bir tonna kamdir.

"BMTning giyohvand moddalar va jinoyat boʻyicha boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, 2015 yilda Afgʻonistonda giyohvand moddalar ishlab chiqarish 3 ming tonnagacha kamaygan, ekin maydonlari esa 41 ming gektarga qisqargan", - deydi Sherxon Salimzoda.

BMT boshqarmasining soʻnggi hisobotiga koʻra, 2016 yilda qoradori ekin maydonlari yana 20 ming gektarga koʻpaydi va hosil 43 foizga oshib - deyarli besh ming tonnaga yetdi.

Biroq rasmiylar qoradori hosili dinamikasini kuzatarkan va quruq hisobotlar chiqarish bilan band boʻlarkan, qoralash va qoʻrquv muhitida yashayotgan giyohvand moddalarga mubtalolar va yaqinlarining taqdiri eʼtiborsiz qolmoqda.

Qimatsho Yusufshoyev, 40 yosh

Qoradori nafaqat mening hayotimni vayron qildi, balki ukam va singlimning bevaqt oʻlimiga sabab boʻldi. Ularga yordam berishga, bu yoʻldan qaytarishga harakat qildim, oʻz hayotimni misol qilib koʻrsatdim, biroq qoradoriga mukkasidan ketishlik kuchlilik qildi.

Ilk marta oilam fuqarolik urushidan jon saqlash maqsadida 1993 yili Pomirga qochganida, 14 yasharligimda narkotik isteʼmol qilib koʻrganman. Oʻshanda tishim ogʻrib qolgandi. Shifokorga koʻrinish uchun tuman markaziga borib boʻlmasdi, na mashina va na pulimiz bor edi.

Urush davri boʻlgani uchun Pomirda juda ham koʻp qochqin bor edi. Bir necha kun tishim ogʻrib yurdi. Bir tanishim ogʻriqni qoldirish uchun koʻknori yeyishni maslahat berdi. Ogʻriq rostdan ham qoldi. Lekin ertasi kuni tishim yana ogʻriy boshladi, men yana dori uchun ketdim.

Oʻsha vaqti qoradori topish muammo emasdi. Biz 90 chi yillarda tojik-afgʻon chegarasini qoʻriqlovchi Rossiya chegarachilari bilan kelishib olgandik. Bizga Panj daryosini qoʻlbola qayiqlarda suzib oʻtib, nasha olib uyga qaytishimizga maʼlum vaqt berishardi.

Oradan maʼlum vaqt oʻtganidan soʻng narkotikka oʻrganib qoldim. Oʻsha vaqti uning oqibatlari haqida oʻylamasdim. Menga ogʻriqni qoldirish uchun nasha kerak edi.

Biz kabi eʼtibordan chetda qolgan va yoʻqotilgan odamlarga nisbatan jamiyatning munosabati haqida koʻp oʻylayman. Boshqa tomondan ushbu oʻtni sotuvchilar odatda obroʻli shaxslar boʻladi. Ularda taʼsir va pul bor, demak, hurmat va qoʻllab quvvatlov ham bor. Ular tomonidan taqdiri sindirilgan yoshlar ularni qiziqtirmaydi. Muhimi - pul, bu axir biznes. Axir hech kim birovni narkotik isteʼmol qilishga majburlamaydi.

Mamlakatdagi uncha katta boʻlmagan oʻrtacha maoshga solishtirganda Tojikistonni giyohvand moddalar savdosi uchun jozibador deyish qiyin. Respublikaning qonuniy iqtisodi 1991 yil SSSR tarqaganidan soʻng va undan keyin 5 yil davom etgan fuqarolik urushi davrida deyarli yoʻq qilindi.

Amerika Markaziy razvedka boshqarmasining maʼlumotlariga koʻra, Tojikistonning Ichki Yalpi Mahsuloti 1998 yili 1990 yilga solishtirilganda 57 foiz past boʻlgan. IYaM kishi boshiga 180 dollarni tashkil qilgan va MDH davlatlari ichida eng past koʻrsatgich edi.

Bugun ushbu koʻrsatgich jon boshiga 1036 dollarni tashkil qiladi. Jahon banki toifalashiga koʻra, IYaMning eng "past" koʻrsatgichi kishi boshiga 1035 dollar va undan quyini tashkil qiladi.

Kambagʻallik manzarasida Afgʻoniston bilan qoʻshni boʻlish qoradorini koʻpchilikka qoʻl yetar darajada qilib qoʻydi.

Aleksandr, 48 yosh

Moskvadagi Shukinskiy bilim yurtida oʻqidim. Lekin 1985 yili qattiq zilzila boʻlgan vatanim Xoʻjandga zudlik bilan qaytishga toʻgʻri keldi. Koʻchada qolgan ota-onamga yordam berishim kerak edi. Koʻp binolar vayron boʻlgandi. Vaqtincha qaytgandim, lekin keyin armiyada xizmat qilish, Ittifoqning tarqab ketishi, Tojikistondagi fuqarolik urushi sabab bilim yurtini bitirishning imkoni boʻlmadi. Peshanada shunday yozilgan ekan.

90 chi yillarda nasha chekish urf boʻlgandi. Hamma doʻstlarim va qoʻshnilarim chekishardi. Ularning koʻpchiligi meʼyoridan ortiq isteʼmol qilishdan oʻlib ketdi.

Narkotikni bemalol topsa boʻlardi. Ularni hatto sotishmasdi, shunchalik koʻp boʻlganidan boʻlishardik. Kayfu safo qildik, oxiri dahshatli yakun topdi.

Keyin geroin paydo boʻldi. Biz uning nima ekanligini umuman bilmasdik. Tekinga berishardi.

Qamoqqa tushgan vaqti turmush oʻrtogʻim bilan ajrashdik. Narkotikka bogʻliq jinoyatlar bilan 3 marta sudlanganman. Mamlakatimizda biz, xasta insonlar, yaʼni qurbonga aylangan va yordamga muhtoj odamlar bilan kurash olib boriladi.

Narkotikka mubtalolar darhol kuzatuv ostiga olinadi. Biroq ular qoradori sotib oladigan odamlarni hech kim nazorat qilmaydi. Nimaga?

Geroinning bir kishilik miqdori 100 somoni (taxminan 13 dollar) turadi. Uni sotib olish har doim qaltis boʻlib kelgan.

Pul topish oson emas, shun sabab juda koʻpchilik uchun narkotik oʻrnini bosishga qaratilgan davolash xaloskor vazifasini oʻtaydi. Ushbu davolash uslubi boʻyicha, qoradori isteʼmol qilishga mukkasidan ketganlarga shifokor nazorati ostida narkotik dori - metadon beriladi.

Bir necha yil oldin dunyo OAV Markaziy Osiyo davlatlari orqali tashiladigan narkotik moddalar ularning iqtisodini mustahkamlashi haqida gapira boshladi. Narkotik tashishdan keladigan foyda IYaMning 30 foiziga tenglashtirilgandi.

Gʻarb matbuotining bong urishicha, korruptsiya bilan til biriktirish orqali narkotik tashish bozorining yirik oʻyinchilari dahlsiz qolmoqda. Tojikistonni taʼsirli savdogarlar hukumat va parlamentda oʻrin oladigan giyohvand davlat deya atashgandi.

Narkotik moddalar tujjorlariga yuqori lavozimli shaxslar bilan aloqasi sabab koʻpchilik hurmat bilan qaraydi. Giyohvand moddalar isteʼmoliga mukkasidan ketganlar esa yovqarashlarning qurbonidir.

Biroq Tojikiston tranzit orqali boy boʻlarkan, mamlakat ichida qoradori isteʼmol qiluvchilar ham ortmoqda. Ushbu jarayon bir necha yildan beri davom etmoqda.

Faina, 37 yosh

Men Boshqirdistonda tugʻilganman. 90 yillarning boshida onam Koʻrgʻontepadagi 201- sonli Rossiya harbiy bazasida xizmat qilayotgan oʻgay otamning oldiga koʻchib keldi.

Bir necha yildan soʻng yaqinlarim vatanga qaytib ketishdi, men esa qoldim. Turmushga chiqdim, qizchalik boʻldim va ajrashdim.

Birinchi marta doʻstlar davrasidagi bazmda ilk marta geroin isteʼmol qilib koʻrganman. Oʻshanda 20 yosh edim.

Oradan bir yarim oy oʻtgach oʻzimni juda yomon his qila boshladim. Menda nimalar roʻy berayotganini tushunmasdim. Ammo dugonam buning hammasiga men isteʼmol qiladigan kukun sababchi ekanligini aytdi.

Faqat oradan bir yil oʻtgach qanday katta muammoga duch kelib qolganimni anglaganman. Bu muammodan mustaqil qutilishga harakat qilib koʻrdim. Biroq oradan maʼlum vaqt oʻtgach men yana narkotiklarga qaytardim. Fohishalik qilib pul topdim.

Hayotimda yaxshi damlar ham boʻlgan. Dushanbega koʻchib oʻtdim va men uchun qadrli va yaqin odamga aylangan erkakni uchratdim. U menga qoradori isteʼmol qilishdan voz kechishda yordamlashdi, davolash uchun shifoxonaga olib borardi. Lekin men qayta-qayta bangiga aylanardim. Oxirgi marta bir yil sabr qildim, keyin yana boshlandi.

Men u bilan 9 yil yashadim, keyin ajrashdik. Narkotik moddalar isteʼmoliga mubtalo boʻlib qolgan odam bilan yashash juda ham qiyin.

Butun hayotim narkotikka bogʻliq. Narkotik uchun qayerdan pul topaman deb kechasi oʻylay boshlayman. Pul topishim bilan qoradori sotib olaman. Ukol qilib, bir qismini tongga saqlab qoʻyaman. Ertalab esa kuchli bosh ogʻrigʻini his qilmaslik uchun yana ukol. Sekinlik bilan ishtaha yoʻqolib boradi. Ovqatlanish uchun pul ham yoʻq. Kechgacha bir amallab yashayman va qanday qilib narkotik topish mumkin deya oʻylayman. Bu narsa muntazam davom etadi. Bu dahshatli hayot.

Yaqinda VICh yuqtirib olganimni bildim. Fohishalik qilishda davom etayapman. Uy yumushlarini qilish uchun ishga kirgan boʻlardim, ammo menday odamni kim ham uyiga qoʻyardi?

Narkomanning hayoti - bu doʻzax. Bunday hayotni ashaddiy dushmanimga ham ravo koʻrmayman. Biroq bu meing tanlovim va qarorim edi. Hayotim esa boshqalarga bunday yashamaslik kerakligi eslatuvchi namunadir.

Afgʻonistondan Rossiya va Ovroʻpo davlatlariga narkotik tashiladigan shimoliy tranzit yoʻlagi boʻlmish Markaziy Osiyo mintaqasi asta-sekinlik bilan yirik isteʼmolchiga aylanib bormoqda.

Giyohvandlikning bunday oʻsishi natijasida VICh va SPID yuqtiruvchilar soni ortmoqda. Jahon Sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, VIChga chalinganlarning aksariyati narkotik moddalarini tomir orqali qabul qilish orqali yuqtirgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring