"Маҳаллий амалдорлар Портални менсимаяпти"
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Mahalliy amaldorlar Portalni mensimayapti"

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashni oʻzi eʼlon qilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar markaziga qoʻygan.

Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon ayni sohaga taalluqli oʻnga yaqin farmon, qaror va qonunlar chiqarilgan.

Ammo joylarda tadbirkorlarning hayoti yengillashib qolgani kuzatilmaydi.

Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanidagi "Antey savdo baraka fayz" xususiy korxonasi rahbari Shoira Abduxoliqova BBC bilan suhbatda tuman soliq idorasi xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlaridan shikoyat qildi.

Oʻzining aytishicha, 2016 yil aprelida u oʻziga qarashli doʻkonda maxsus ruxsatsiz alkogolli ichimliklar sotgani uchun 26 million soʻm jarimaga tortilgan.

U litsenziyasiz spirtli ichimlik sotganini rad etmaydi, ammo soliq idorasining tavsiyasi bilan bu ishga qoʻl urganini aytadi.

"Litsenziya uchun hamma hujjatlarni tayyorlab borganimda, soliq boshligʻi "litsenziya nima kerak, litsenziya -biz, ishlayvering, litsenziya bilan qimmat boʻp ketadi, toʻlolmaysiz", deb maslahat berdi. Bir oydan keyin doʻkonimni bosishdi, qoʻshni doʻkonlar ham litsenziyasiz savdo qiladi, haliyam qilayapti, ammo nimagadir faqat meni jazolashdi, xolos", - deydi u.

Tadbirkor ayolning jarimani 6 oyga boʻlib berish haqida murojaati eng oxirgi marta Oliy xoʻjalik sudida koʻrib chiqilgan, ammo rad etilgan.

Hozirda maxsus litsenziya asosida savdo qilayotganini aytgan Shoira Abduholiqovaning soʻzlariga koʻra, soliq idorasi boshqalar tomonidan ayni tartibning buzilishiga koʻz yummoqda va Virtual qabulxonaga qilgan murojaatlari uchun uni "jazolashga" urinmoqda.

"Portalga 4 marta noqonuniy doʻkonlar qonuniylashtirilsin,deb yozdim. Ammo hech qanaqa oʻzgarish yoʻq. Xat aylanib, oʻzimizning prokuratura, soliqqa kelib tushyapti. Hisobimda 3 million pul qolgan, uni ham olsa, bankrot boʻlaman", - deydi toʻrt farzandning onasi.

Shoira Abduholiqova mahalliy amaldorlarni Virtual qabulxona qilingan murojaaatlari yuzasidan tekshiruv natijalarini qalbakilashtirishda ayblamoqda.

Uning soʻzlariga koʻra, soliq xodimlarining tadbirkorlarga noqonuniy soliqlar solish hollari keng tarqalgan.

"Biz soliq uchun "kormushka"miz. Hammasi kelib, doʻkondant xohlagan narsasini olib ketadi. Paxta payti yonimizdan pul toʻlab, hasharchi yollab berishga majburmiz. Shunda ham oʻzimizdan chiqqan tovarlarni "kontrabanda" deb musodara qilaveradi", - deydi tadbirkor.

BBC Shoira Abduholiqovaning shikoyati yuzasidan Quyichirchiq tuman soliq idorasi rahbari Toʻlegen Ahmedov bilan bogʻlandi.

Ahmedov suhbat boshida Abduholiqovaning muammosidan xabari borligini aytgan boʻlsa-da, keyinroq aloqa sifati yomonligini roʻkach qilib, suhbatdan oʻzini olib qochdi.

Shoira Abduholiqovaning aytishicha, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash haqida koʻp gapirilyapti, ammo amalda "hech narsa oʻzgargani yoʻq".

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring