"Yoshlar, joningizga qasd qilmang!"

Guruhlar asosan depressiya holatidagi yoshlarni nishonga oladi
Image caption Guruhlar asosan depressiya holatidagi yoshlarni nishonga oladi

Shu kunlarda Oʻrta Osiyo davlatlari, xususan, Rossiya, Qozogʻiston va Qirgʻizistondagi oʻsmirlar orasida "oʻz joniga qasd qilish" hollari ommalashib borayotgani borasida xabarlar paydo boʻldi.

Bunday amallarni tashkil qilayotganlar ijtimoiy tarmoqlarda "siniy kit" "tixiy dom", "more kitov" nomlari bilan faoliyat olib borayotgan guruhlar deb koʻrilmoqda.

Aytilishicha, ushbu "yopiq" guruhlar oʻz saflariga oilaviy muommolar, yolgʻizlik va depressiyani boshidan kechirayotgan 13-16 yoshlilarni qabul qiladi.

Va oʻz xohishi bilan qoʻshilayotganlardan qoʻllarida guruh ramzini kesib rasm orqali koʻrsatish talab qilinadi.

Shundan soʻng, oʻrtacha 50 bosqichdan iborat boʻlgan, boshqotirmasifat "oʻyinlar" boshlanadi.

Bu kabi oʻyinlar "4:20 da uygʻot", "Oʻyin boshlandi", "Hech kim abadiy emas" kabilar shiorlar bilan olib boriladi.

Har bir topshiriq bajarilganidan soʻng, natijani surat yoki video orqali isbotlash soʻraladi.

Yakuniy bosqichda ishtirokchidan oʻz-oʻzini oʻldirish talab etiladi. Bundan bosh tortganlarni esa oilasiga zarar yetkazish bilan tahdid qilishadi.

Bunda ular ishtirokchining manzili, unga tegishli boʻlgan maʼlumotlarni boshqotirmalarni bajarish jarayonida bilib olishadi.

Kuchli psixologik taʼsirda boʻlgan oʻsmirlar qarshi xarakat qilishdan butunlay qoʻrqib qolishadi.

Ayni paytda "oʻyinga kirib qolgan" yoshlar jamiyatdan yanada uzilib, ayni guruh buyruqlariga itoatgoʻyligi oshib boradi.

Matbuot xabarlariga koʻra, mahalliy ruhshunoslar ota-onalarga farzandlari bilan koʻproq muloqot qilish, aynan oʻsmirlik paytidagi oʻzgarishlarni toʻgʻri qabul qilish va duch kelgan yo-da, kelishi mumkin boʻlgan muommolarni muhokama qilish hamda ularga yechimni birgalikda topish maslahatini berishyapti.

Chunki ruhiy siqilish holatidagi yoshlar ongiga oʻz joniga qasd qilishga undaydigan turli rasmlar va videotasvirlar orqali ular hayotga umuman kerak emasliklari haqidagi fikr singdiriladi.

2015 yilning noyabr oylari F57 nomidagi guruh Vkontakte ijtimoiy tarmogʻida paydo boʻlgan va guruh asoschisi Filip Liz ismi sharifli shaxs ekani aytilgandi.

U avvaliga "Insayder" nomli oʻz joniga qasad qilishni istagan yoshlarni oʻz fikridan qaytarishga yoʻnalgan guruh bilan bogʻlanib, ishtirokchilar bilan muloqot qilish istagini bildirgan.

Rad javobini olgach, u oʻz guruhiga asos solgani va oʻz joniga qasd qilishga undaydigan suratlar va videolarni internetga joylagani aytiladi.

Xabarlarga koʻra, guruh tarkibidagilarning aksariyati qiz bolalar boʻlgan.

Avvaliga Rossiyalik 13 yoshlik oʻquvchi Irina Polenkova oʻz joniga qasd qiladi.

Bundan oldin u "Vkontakte"dagi sahifasida rasmlar va yozuvlar qoldiradi.

Aynan holatlar boshqa yoshlarni ham bu oʻyinga jalb qiladi va guruh ommalasha boshlaydi.

Markaziy Osiyo, xususan, Qozogʻiston va Qirgʻizistondagi baʼzi oʻsmirlar ham bunga oʻxshash guruhlar taʼsiriga tushadilar va maʼlumotlarga koʻra, 130 ga yaqin oʻsmir oʻz joniga qasd qiladi.

2016 yil dekabr oylaridan Rossiya, Qozogʻiston va Qirgʻiziston Ichki ishlar xizmatlari ayni guruhlarga qarshi rasman kurash boshlaydilar.

Bugungi kunda bu turdagi guruhlar oʻz nomlarida "kit" nomini har xil shaklda qoʻllashadi, aynan shu kabi belgilar guruhning asl maqsadini namoyon qiladi.

Oʻzbekistonda ham ijtimoiy tarmoqlardagi turli guruhlar foydalanuvchilari orasida xavotirlar paydo boʻlgan.

Jumladan, Potrebiteli.uz, Maslahat.uz kabi guruhlar bunday holatlardan ogoh boʻlishga chaqirishgan.

Ammo Oʻzbekistonda ayni taʼsirga tushganlar hali kuzatilmagan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring