Yoʻl taʼmirlashda muammo eski normativ hujjatlardami?

Yoʻllar Image copyright AFP

Oʻzbekistonlik yosh tadbirkor Qobil Dusov bir necha yildan beri Oʻzbekistonda nisbatan arzon va sifatli yoʻl qurilish texnologiyasini joriy qilishda byurokratik toʻsiqlarga duch kelayotgani aytilmoqda.

Kun.uz nashrining yozishicha, yangi texnologiya Oʻzbekistondagi bir necha obʼektlarda sinovdan oʻtgan. Biroq yoʻl qurilish sohasidagi sobiq Ittifoqdan qolgan meʼyorlarning hamon amaldaligi ushbu tashabbusni keng qoʻllashga imkon bermayapti.

MBS qurilish korxonasining rahbari, Xalq deputatlari Boʻstonliq tuman kengashi deputati 33 yoshli Qobil Dusov bir necha yildan buyon Oʻzbekistonda yoʻllarni arzon va sifatli taʼmirlash taklifi bilan koʻplab rasmiy idoralarga murojaat qilgan.

Kun.uzning yozishicha, Dusov ushbu texnologiya bilan Doʻrmonda Prezident qarorgohiga kirish yoʻli, Toshkent xalqaro aeroporti va yana bir necha yoʻllarni taʼmirlashda foydalangan.

Rasmiylar Oʻzbekiston uchun yangicha boʻlgan uslubda yotqizilgan yoʻlga eʼtiroz bildirishmagan.

Dusovning taʼkidlashicha, Oʻzbekistonda qoʻllanilayotgan texnologiya asosida asfalьt yoriqlarini 30-40 yil oldingi eski uslubda oddiy bitum ishlatib bir yilda 4-5 marta taʼmirlanadi.

"Oqibatda qish sovugʻi va yoz issigʻiga chidamsiz bitum yoʻl sifatini tez orada ayanchli ahvolga olib kelmoqda va davlat byudjetidan har yili ana shunday yoʻllar uchun 4-5 marta pul ajratiladi, ana shunday yoʻllarning soni bizda yetarlicha", degan u kun.uz saytiga.

Dusovning gaplaridan anglashilicha, u ishlatayotgan texnologiya asosida taʼmirlangan yoʻllar 5 yil taʼmirsiz turishi mumkin. Shu bilan yoʻllarga sarflanayotgan harajatlar 5 barobar tejaladi.

Tadbirkor bir necha obʼektlarda olib borgan taʼmirlash ishlari muvafaqqiyatli chiqqach uni respublika miqyosida qoʻllashni taklif qilib "Oʻzavtoyoʻl" davlat aktsiyadorlik shirkati rahbari Abdurahmon Abduvaliyevga, "Oʻzbekiston havo yoʻllari" va hatto Vazirlar Mahkamasining rasmiy portali orqali Shavkat Mirziyoyevga ham chiqqan. Ammo natija boʻlmagan.

Dusovning taʼkidlashicha, Doʻrmonda sifatli ishni amalga oshirgach, "Oʻzavtoyoʻl" rahbari Abdurahmon Abduvaliyev shaxsan u bilan uchrashgan, lekin eski uslubdan voz kechmasligini bildirgan.

Tadbirkorning aytishicha, u qoʻllayotgan uslub butun dunyoda keng ishlatiladi, biroq ushbu texnlogiya Oʻzbekiston uchun yangi va eskicha fikrlovchi rahbarlar uni qabul qilolmayapti.

Mutaxassislarning bildirishicha, Oʻzbekistonda yoʻl qurilish loyihalari 70 yillarda sobiq Ittifoq tomonidan qabul qilingan meʼyorlar asosida qabul qilinadi. Ushbu meʼyorlardan chekingan yoki yangicha tashabbus koʻrsatgan rahbarlar va masʼullar davlat mulkini talon taroj qilishda ayblanib qamaladi.

"Juda koʻplab mutaxassislar ushbu meʼyorlardan chekingani va pulni tejagani uchun qamoqda oʻtiribdi. Hatto, "Oʻzavtoyoʻl"da ham malakali mutaxassis yetishmasligi muammosi bor. Rahbarning oʻzi yoʻl sohasida yetishib chiqmagan, daryo transportidan kelgan. Atrofidagilardan ham barmoq bilan sanarli odam yoʻl sohasini yaxshi tushunadi. Ular ham tashabbuslarni joriy qilish oʻrniga maʼlumot yigʻishdan ortishmaydi," - deydi yoʻl qurilish sohasida ishlovchi mutaxassis.

Image caption Oʻzbekistondagi yoʻllarning sifatsizligi koʻpda tanqid qilinadi

Uning bildirishicha, oʻtgan asrda, eski texnologiyalarga moʻljallab qabul qilingan normalardan chetga chiqish mumkin emas. Ushbu meʼyorlar koʻp harajat talab qilishini hamma biladi, lekin tashabbus koʻrsatishga jurʼat yetmaydi. Muammoni hal qilish uchun qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish kerak.

Uning aytishicha, yoʻllarni taʼmirlashda ishlatiladigan bitumning bir qismini Oʻzbekiston chetdan olib keladi.

Chetdan keltirilayotgan bir tonna bitum korxonalarga 2 million 200 ming soʻm yoki Markaziy Bank kursi boʻyicha 665 dollarga tushadi.

2011 va 2015 yillar davomida Oʻzbekiston 110 ming tonna bitum import qilgan, buning uchun davlat gʻaznasidan 73 million AQSh dollar sarflagan.

Sohaning ichidagi odamlarning aytishicha, bitum import qilishda ustama pullari olish evaziga korruptsiya holatlari roʻy beradi.

Muammoning ikkinchi sababi sifatida monopoliya ham keltiriladi. Oʻzbekistonda yoʻllarni taʼmirlash va qurish tender asosida beriladi. Tenderlarga kiradigan obʼektlar loyihasi eski normalardan foydalangan holda tuziladi. Undan bir qadam chetga chiqqan odam bavlat mulkini talon-taroj qilishlikda ayblanadi.

Mutaxassisning bildirishicha, Oʻzbekiston mustaqillikka erishgan dastlabki yillarda yoʻl kompaniyasi boshida oʻtirgan rahbarlar yoʻlni taʼmirlash boʻyicha yangi texnologiyalarni kiritish takliflariga ochiq boʻlishgan.

Mablagʻni tejash va yoʻl sifatini yaxshilashda yangi texnologiyalardan foydalanishlarni sinab koʻrish va joriy qilish gʻolatlari uchrab turgan. Biroq Oʻzbekistonda boshqa sohalarda roʻy bergani kabi yoʻl qurilishida ham 2000 yillar boshidan boshlab turgʻunlik davri boshlangan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring