Oʻzbekistonda uz domeni bilan "Erk" sayti ochildi

"Erk"mi? Image copyright Screenshot
Image caption "Erk"mi?

Erk.uz sayti "yuragida oʻti bor, millatparvar va ziyolilar uchun minbar vazifasini" oʻtamoqchi. Sayt maʼmurlari "Haqiqat minbari" rukni ostida erkin fikrlarga joy berajagini bildirishgan.

"Mamnuniyat bilan shuni eʼlon qilamanki, anchadan beri ishga tushishi kutilayotgan saytimiz bugundan boshlab oʻz faoliyatini boshladi. Erk.uz caytini ishga tushirishda yordamini ayamagan Rahimjon Turdiyev ukamizga samimiy minnatdorchiligimni bildiraman", - deb yozdi Umida Adizova Facebookdagi sahifasiga.

Yangi ochilgan sayt ijodkorlari Oʻzbekistonda oʻzbek tilidagi koʻpchilik yangilik saytlarida urf boʻlgan shou biznes haqida yozmaslikni aytmoqda.

Sayt asoschilaridan Umida Adizovaning Facebook dagi savollarga javoblaridan maʼlum boʻlishicha, saytda "Haqiqat minbari" nomi ostida alohida sahifa ham ochiladi.

Sayt ochilishiga yordam bergan Rahimjon Turdiyev esa, endi erkchilar deganda ushbu saytni tushuninglar degan.

"Erkchilar deganda endi bizni tushunaveringlar. Sayt keng qamrovli, bunda hamma yaxshi narsalarga joy ajratiladi. Muhimi erkin fikrlar boʻlsin", - deydi Rahimjon Turdiyev.

Test rejimida ishlayotgani aytilayotgan saytda 9 ta ruknga boʻlingan.

Hozircha undagi materiallar soni kam. Ammo berilgan materiallardan saytning koʻproq pand-nasihat yoʻnalishida faoliyat yuritishini ilgʻash mumkin.

"Toʻyda valьsga tushgani uyalmaysizmi kuyov bola", "Uyat boʻladi, yaxshi qiz, uyat!", "Zamonaviy behayolik" kabi maqolalar sayt yoʻnalishidan darak beradi.

Erkdan qoʻrquv

Image copyright Eltuz
Image caption "Erk" partiyasi hujjati

"Erk" partiyasi va shu nomdagi gazeta mustaqillikka erishish arafasida respublika tarixida ilk muxolif partiya nomi ostida Oʻzbekiston tarixiga kirgan.

1990 yilning aprel oyida tashkil topgan "Erk" partiyasi Oʻzbekistonning mustaqil boʻlishida salmoqli oʻrin tutgan va keyinchalik Islom Karimovga prezidentlik saylovlarida "Erk" partiyasi lideri Muhammad Solih raqib sifatida ishtirok etgandi.

"Erk" Oʻzbekistonda hukumatga fikrini dadil va ochiq ayta olgan partiya sifatida tanilgan.

Oʻsha vaqti hukumatni endi toʻligʻicha qoʻlga olishga urinayotgan Islom Karimov muxolif boʻlmish "Erk" partiyasi bilan ayrim hollarda hisoblashishga majbur boʻlardi.

Biroq keyinchalik Oʻzbekistonda yakkahokimlik instutini yetarlicha kuchaytirib olgan Islom Karimov boshqa muxolifat institutlari qatori "Erk"ni ham qattiqroq siquvga ola boshladi.

Uning faollari qamoqqa tashlandi, lideri Muhammad Solih hijrat qilishga majbur boʻldi.

"Erk" partiyasi va uning shu nomdagi gazetasi faoliyatiga Oʻzbekistonda deyarli barham berilgan boʻlsa ham, hukumat ushbu partiya va uning lideridan hamisha hadiksirab kelgani aytiladi.

Muhojirotdagi Muhammad Solihga bir necha marta suiqasd harakatlari boʻlgan.

Oʻzbekiston rasmiylari "Erk" partiyasi tugul, "erk" soʻzini ham kamroq ishlatishga harakat qilgani aytiladi.

Muxolifat siqib chiqarilgandan soʻng bu vaqtgacha mamlakat ichida "erk" nomi ostida birorta nashr yoki internet sayti ochilmagan edi.

Oʻzbekistonda taqiqlangan "Erk" gazetasining muharriri Muhammad Bekjon esa hamon qamoqda.

Parijdagi "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotiga koʻra, 62 yoshli Muhammad Bekjon dunyodagi eng uzoq muddat qamoqda qolayotgan jurnalist hisoblanadi.

U muxolifatdagi "Erk" demokratik partiyasi rahbari Muhammad Solihning ukasi va "Erk" roʻznomasining sobiq bosh muharriridir.

Bekjon 1999 yildagi Toshkent portlashlari ortidan Kiyevdagi uyidan oʻgʻirlab ketilgan va portlashlarga aloqadorlikda aybdor, deb topilib, 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring