AQShda prezidentni tanqid qilsa qamashadimi?

Alek Bolduin Image copyright AP
Image caption AQSh Prezidenti Tramp televideniyeda koʻp mazax qilinadi (Suratda aktyor Alek Bolduin)

Rossiyalik deputatlar mamlakat prezidentining shaʼn va qadrini himoyalovchi qonun qabul qilish taklifini asoslash uchun Amerikani misol sifatida keltirgan.

Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodinning taʼkidlashicha, 2015 yili prezident Barak Obamaga qarshi gapirgan 4 kishi uzoq muddatga qamalgan.

"Rossiya soʻz erkinligi borasida ancha ochiq va demokratik. Nimani istashsa yozadi, xohlaganini gapirishadi. Bu madaniyatimizning ajralmas boʻlagiga aylandi", - deydi u.

BBC Nyu-Yorkdagi muxbiri Vladimir Kozlovskiydan Rossiya quyi palatasi raisining bunday gapirishga nima asos boʻlganini oʻrganishni soʻradi.

Oʻrta maktabdagi mojaro

AQShda davlat rahbarining shaʼni va qadrini himoya qiluvchi qonun yoʻq. Ayrim amerikaliklar shunday qonun boʻlishini istagan boʻlardi.

Jurnalist Viktor Skinnerning 2012 yil 21 mayda chop qilgan maqolasi shunday boshlanadi: "Barak Obama haqida boʻlmagʻur gaplarni gapirish qonun bilan taqiqlangan. Buning uchun sizni hibsga olishlari mumkin".

Muallif keyingi satrda uni qayerdan olganini izohlagan. Shimoliy Karolinadagi maktablarning biridagi jamiyatni tanitish fanidan dars bergan afroamerikalik Tanya Dikson-Nili oʻz oʻquvchilariga shunga oʻxshash gap aytgan.

Darsda oʻsha vaqti prezidentlik saylovlariga respublikachilar partiyasidan nomzod Mitt Romni maktab vaqti goʻyoki sinfdoshlariga kun bermaganligi haqida xabar muhokama qilingan.

Oʻquvchilardan biri Barak Obama ham bu kabi qiliqlarni qilganini tan olganini aytgan. Shunda Dikson-Nili gʻazablanib baqira boshlaydi, uning ovozini esa partada yotgan mobil telefoni yozib olayotgandi.

"Toʻxta! Toʻxta! - deya baqirgan u - Obama ajoyib prezident! Boshqa har qanday prezident kabi u ham hurmatga loyiq!"

Uning qarshisidagi oʻquvchi Romni va Obama bitta lavozimga nomzod boʻlgani uchun ikkalasini ham tanqid qilish mumkin, deya boʻsh kelmaydi.

"Agar bir tomonni oqlayotgan boʻlsangiz, ikkinchi tomonni shunday qilishingiz kerak".

Bu gapga oʻqituvchining yanada jahli chiqadi.

"Bilasanmi, sen Romni Obama allaqachon erishib boʻlgan narsaga harakat qilayotganini tushunishing kerak. Uni Obama bilan solishtirib boʻlmaydi. Prezidentga nisbatan humatsizlik qilish mumkin emas!"

- Lekin Obama va Romni oddiy oʻladigan odamlar va ikkalasiga ham bir xil mezon bilan qarash kerak. Obama Xudo emas! U shunchaki odam, - degan oʻquvchi.

Shunda Dikson-Nili butunlay mantiqni yoʻqotib qoʻyadi.

"Bu sinfda AQSh prezidentiga hurmatsizlik qilishga haqqingiz yoʻq! Oʻqituvchi sifatida odamlarning AQSh prezidentiga hurmatsizlik qiliishlariga yoʻl qoʻyib bera olmayman. Fikrlaringiz boshqacha boʻlishi mumkin, biroq bu yerda unga nisbatan noloyiq munosabat koʻrsatmaysiz!"

Keyin u oʻquvchilarga Obamaga qilingan tanqid tuhmatga tengligi va u haqda yomon soʻzlarni gapirish hibsga olishlar bilan tugashi mumkinligini tushuntirgan.

"Tuhmat qilishingiz mumkin emas! Bushni haqorat qilganliklari uchun odamlarni hibsga olishgan. Jamiyatni tanitish fani oʻqituvchisi sifatida bu yerda mavjud va oʻtgan birorta prezidentga nisbatan tuhmat qilishlaringizga yoʻl qoʻymayman!"

Oʻquvchi Obamani tanqid qilish qonun bilan taqiqlanmagani va bu narsa AQSh konstitutsiyaning soʻz erkinligini kafolatlovchi Birinchi oʻzgartirishiga zid kelishini aytib eʼtiroz bildirgan.

Ushbu bahsning 10 daqiqalik videosini navbatdagi dam olish kunlari YouTubeda 167 ming odam tomosha qiladi.

Mahalliy maktab maʼmuriyati Dikson-Nilining gaplarini shunchalik beʼmani deb topganidan uni vaqtincha maoshini saqlagan holda dars berishdan chetlatib turdi.

Izoh qoldirgani uchun qamoqxonagami?

Koʻplab amerikaliklar mamlakat prezidentini koʻngliga siqqanicha tanqid qilishi mumkinligini biladi. Hozircha bu narsa ularga muammo tugʻdirmaydi.

Biroq bildirilgan tahdidlar AQSh Maxfiy xizmati tashrifi, gohida hibslar bilan yakun topadi.

Shuning uchun ham koʻpchilik shu yilning 21 yanvar kuni ayollar marshida ishtirok etgan xonanda Madonna taqdiriga xavotir bilan qaradi.

U soʻnggi vaqtlarda qanday qilib Oq uyni portlatib yuborish mumkinligi haqida koʻp oʻylayotganini gapirdi. Biroq oʻsha vaqtning oʻzida terakt ham hech narsani oʻzgartirmasligi aytib oʻtdi.

Hozircha Maxsus xizmatlar uni bezovta qilmadi, bundan keyin ham kelishi dargumon.

Obamaning prezidentlik davrida internet tarmoqlarida uning shaʼni va qadriga qasd qilinganligi uchun hibsga olishlar boʻlganligini taʼkidlovchi xabarlar bot bot chiqib turdi.

Masalan, 2014 yilning 12 sentyabrida oʻngchilarning America's Freedom Fighters sayti "Hukumat Obamani Facebookda tanqid qilgani uchun odamlarni hibs qilmoqda" sarlavhasi ostida shov-shuvli material chop qildi.

"Bu maqola sizni gʻazablantiradi. AQSh hukumati oʻzlarini, aniqrogʻi Barak Obamani tanqid qilganlarni faol izlamoqda, ularni birorta ayb qoʻymasdan hibsga olmoqda. Bu odamlarni ruhiy xastaliklar shifoxonalariga yotqizishmoqda va dunyoga "toʻgʻri" qarashni oʻrgatishmoqda. Bu sizga Jorj Oruell yozgan kitoblardan birini eslatmayaptimi?"

Yanada koʻproq samara berishi uchun sayt ushbu kampaniya qurbonlari harbiy faxriylar boʻlayotganini qayta qayta taʼkidlagan.

Bu kabi janr mualliflari maqolaga maxfiy amaliyotlar nomi bilan zeb berishni yoqtirishadi.

Maqolada yozilishicha, toʻrt yildan beri olib borilayotgan amaliyotga "Ogoh burgut" nomi berilgan va AQSh hukumati isteʼfodagi harbiylarning ovozini yopish uchun kampaniya olib bormoqda.

Maqolada Amerika jazolantiruvchi tibbiyoti qurboni sifatida 26 yoshli sobiq dengiz piyoda askari Brendon Raub keltirilgan.

Goʻyoki uni Facebookdagi postlari uchun nishonga olishgani va hukumatning faxriylarga ochgan urushi doirasida ruhiy xastaxonaga tiqishgani yozilgan.

Maqolaning ushbu boʻlimida Raub haqida Rossiyaning RT telekanali olgan reportajga havola berilgan.

Balki, davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin RBK saytiga "Amerikada davlat rahbariga qarshi gapirgani uchun bir necha odam uzoq muddat bilan qamoqqa tiqilgan"ini aytayotganda ushbu manbadan foydalangandir.

Shaharlardagi afsonalar va shubhali xabarlarni fosh qilish bilan shugʻullanuvchi mashhur Snopes sayti maʼlumotlariga koʻra, Raub rostdan ham mavjud odam va 2012 yilda Facebookda bir qator postlar yozganidan soʻng koʻrikdan oʻtish uchun ruhiy xastaliklar shifoxonasiga majburan yotqizilgan.

Uning yaqinlari va advokati avvaliga hukumatni Birinchi oʻzgartirish kafolatlaydigan soʻz erkinligi huquqini buzganlikda ayblashdi.

Aniq boʻlishicha, politsiya Raubning ijtimoiy tarmoqlarda qoldirgan postlari sabab unga qiziqish bildirgan. Bunga u tomondan Facebook va boshqa chatlarda qoldirgan tahdidlariga oʻquvchilarning xavotiri sabab boʻlgan.

2012 yilning 16 avgust kuni politsiya oʻquvchilarning shikoyatiga eʼtibor qaratdi. Raub oʻziga va boshqalarga xavf tugʻdirmasligini tekshirish uchun uning uyiga kelishdi.

U bilan gaplashgan politsiya xodimi sobiq dengiz piyoda askarining qoʻshimcha koʻrikka ehtiyoji bor deb topadi. Biroq press-relizdan maʼlum boʻlishicha, Raub politsiya xodimi bilan mutaxassisga oʻz ixtiyori bilan borishdan bosh tortadi.

Oʻshanda uning qoʻliga kishan solinadi.

Raubni olib borgan mahalliy psixiatr uni vaqtincha ushlab turish kerak degan qaror beradi va Raubni tibbiyot markaziga olib ketishadi.

Uning sobiq boʻlinma qoʻmondoni Shon Louler Raub postida yozilgan tahdidlarni amalga oshirishga qodir ekanligini va politsiya toʻgʻri yoʻl tutganini aytgan.

Tergov Federal byurosi uning xodimlari Raubni Facebookdagi izohlari uchun soʻroqqa tutganini tasdiqladi. Biroq uni hukumatga qarshi gaplari uchun hibsga olishganini rad etdi.

Bir hafta oʻtib hakam Raubni qoʻyib yuborish haqida hukm chiqardi. Lekin 2014 yilning iyulь oyida uni pedofillikda ayblab yana hibsga olishdi.

Snopesning yozishicha, Raubning politsiya bilan ilk uchrashuvidan soʻng internet tarmoqlarida "Ogoh burgut" nomli vahimali amaliyot haqida mish-mishlar yillar davomida aylanib yurgan.

Lekin sayt Facebookda Obamani tanqid qilgani uchun hibsga olingan faxriy harbiylar haqida ishonchli xabar topa olmagan.

Raub Facebookdagi izohi uchun psixiatr kuzatuvi ostida bir hafta majburan yotqizilgan yagona amerikalik boʻlib qolmoqda.

Qonun qanday ishlaydi?

"Ogoh burgut" amaliyoti rostdan boʻlgan. U tergov federal byurosi tomonidan potentsial terroristlarni topish uchun oʻtkazilgan.

Maxsus xizmat xodimlari shu yoʻl bilan oʻng va soʻlchi ekstremistlar ichidan "yolgʻiz boʻri"larni aniqlagan.

Mabodo AQShda davlat rahbariga nisbatan gaplari uchun jazolashganda ham ushbu jazo qamoq muddatigacha yetib bormagan boʻlardi. Federal qonunlar tuhmatga qarshi, lekin uni jinoyat sifatida koʻrib chiqmaydi.

Ayrim shtatlardagi qonunlar bundan mustasno, lekin ularda ham tuhmat uchun deyarli qamoq jazosi berilmaydi. Qamoqqa hukm qilingan taqdirda ham oʻrtacha 173 kun berishadi. Koʻp hollarda 1700 dollar miqdorida jarima belgilanadi.

Prezident shaʼniga nisbatan aytilgan haqoratlar uchun federal qonunlar boʻyicha mahkamaga tortiladi. Shuning uchun Volodinning afsonaviy dissidentlari har qanday yoʻl bilan ham qamoqqa tiqilishi mumkin emas.

Davlat oʻz rahbarining shaʼni va qadrini himoya qilmasa bu uning oʻzi ham himoya qila olmasligini anglatmaydi.

AQSh prezidenti OAV va fuqarolarni tuhmat qilganligi uchun mahkamaga berishga haqqi bor. Biroq har bir prezident shaʼniga nisbatan turli boʻxtonlar yogʻilsa ham birorta prezident ushbu huquqdan deyarli foydalanmagan.

Birinchidan, Amerika davlat rahbarining bunday ishlarni yutib chiqish imkoni juda qiyin, chunki u estrada, OAV, biznes va siyosat olami ichidagi taniqli odamlarga nisbatan aytiladigan "jamoat faoli" tasnifiga toʻgʻri keladi.

Koʻplab Ovroʻpo davlatlaridan farqli ravishda AQShda bu kabi shaxslar uchun isbotlovchi dalillar shu daraja koʻp talab qilinadiki, koʻplar tuhmatchini chetda, asosan Britaniyada mahkamaga berishni afzal biladi. Britaniyada tuhmat haqidagi qonunlar jabrlanuvchiga nisbatan ancha xayrixoh.

AQShda mashhur shaxslar ularga nisbatan tuhmat qilinganini isbotlab berishi kamlik qiladi. Ular bu narsani yovuz maqsadlarda qilganini ham isbotlashi kerak. Bu narsani isbotlash esa oʻta murakkab.

Ikkinchidan, prezidentlar "Streyzand taʼsiri" nomli mashhur xonanda va aktrisalar shaʼniga aytiladigan tamgʻadan qochishadi.

Xonanda Streyzend 2003 yili Malibudagi uyining suratlarini chop qilish toʻxtatishni soʻrab mahkamaga murojaat qiladi. Natijada uning uyi suratlari shunaqangi keng tarqaldiki, xonanda istaganining tom tersini oldi.

Prezident tomonidan qoʻzgʻatilgan ish ham huddi shunday aks taʼsirga ega boʻlishi mumkin, shuning uchun ham ular bunday yoʻl tutmaydi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring