"Oʻzbeknavo" estrada birlashmasi tugatiladi

  • 17 Fevral 2017
Uzbeknavo Image copyright Uzbeknavo
Image caption "Oʻzbeknavo" qoʻshiqchilarni litsenziyadan mahrum qilish bilan bogʻliq mojarolar markazida boʻlgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 15 fevral kuni imzolagan farmoniga muvofiq, "Oʻzbeknavo" hamda "Oʻzbekraqs" birlashmalari tugatilib, ularning negizida "Oʻzbekkontsert" davlat muassasasi tashkil etiladi.

Farmonga rasmiy sharhda aytilishicha, ushbu tuzilmaviy oʻzgarishdan koʻzlangan maqsad bu birlashmalarning samaradorligini oshirish va "yuksak badiiy va sifatli" asarlar yaratishdir.

Yangi muassasa oʻzida 2,5 ming ijodiy jamoa va ijrochilarni birlashtirishi kutiladi.

Oʻzbek qoʻshiqchilari kontsert faoliyatini amalga oshirish uchun toʻlaydigan litsenzilar uning asosiy daromad manbasi qilib belgilangan.

Ajralish

Prezident Mirziyoyev oʻz farmoni bilan Madaniyat va sport ishlari vazirligini ikki alohida tizim-Madaniyat vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasiga ajratgan.

Bu ayni sohada boshqaruvning shoʻro davrida amal qilgan tuzilmasiga qaytishni anglatadi.

Avvalroq hukumatning yil yakunlariga bagʻishlangan yigʻilishida Prezident Madaniyat va sport ishlari vazirligi faoliyatini keskin tanqid qilgan edi.

U vazir Bahodir Ahmedov yigʻilishga tayyorlab kelgan hisobotni "jonsiz hisobot" deb atagan.

Faoliyati tugatilayotgan "Oʻzbeknavo" estrada birlashmasi qoʻshiqchilarni litsenziyadan mahrum qilish bilan bogʻliq qator shov-shuvli mojarolar markazida boʻlgan.

Sanʼatkorlar bu ijodiy uyushma amalda jazolovchi organga aylanganini tanqid qilishgan.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan koʻp oʻtmay, "Oʻzbeknavo" oʻtmishda rasman eʼlon qilinmagan sabablarga koʻra katta sahnadan chetlatilgan qator taniqli sanʼatkorlarga litsenziyalarini qaytarib bergan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring