Oʻzbekiston hukumati xalqaro hisobotga "taʼsir oʻtkazgan"

  • 17 Fevral 2017
Oʻzbekiston
Image caption Talabalar uchun majburiy mehnat saqlanib qolmoqda

Human Rights Watch inson haqlari guruhining aytishicha, Xalqaro Mehnat Tashkilotining yaqinda eʼlon qilgan hisoboti Oʻzbekistondagi "majburiy mehnatning koʻlami va muntazamligini tasdiqlaydi".

Ayni paytda tashkilot XMT hisobotini tayyorlashda Oʻzbekiston hukumati vakillarining ishtiroki hisobotga "putur yetkazgani"ni qayd etgan.

Human Rights Watch Xalqaro Mehnat Tashkiloti oʻzbekistonlik mustaqil fuqaro jamiyati vakillari bu borada toʻplagan dalillarga yetarli eʼtibor qaratmaganini tanqid qilgan.

Inson haqlari guruhining aytishicha, XMT hisobotidan oʻrin olgan Oʻzbekistondagi "2,8 millionlik paxta teruvchilarning uchdan bir qismi oʻz ixtiyoriga zid ravishda" paxtaga jalb qilingani haqidagi maʼlumotlar majburiy mehnatga jalb qilingan aholi nisbatiga oid mustaqil maʼlumotlarni tasdiqlaydi.

"XMT ning majburiy mehnatga doir koʻpgina dalillari Oʻzbekistondagi mustaqil kuzatuvchilar toʻplagan dalillarni tasdiqlaydi", - deyiladi Human Rights Watch bayonotida.

Ammo tashkilotning qayd etishicha, "hukumat rasmiylarining tadqiqotda ishtirok etishi va ehtimoliy bosimlari mamlakatdagi majburiy mehnat miqyosini va dolzarbligini kamaytirib koʻrsatishga undagan boʻlishi mumkin".

Image copyright VOA
Image caption Stiv Sverdlouga koʻra, Karimovning oʻlimi inson haqlari vaziyatining yaxshilanishiga olib kelmagan

Human Rights Watch ga koʻra, XMT oʻz tadqoqitini Oʻzbekiston hukumatiga bogʻliq kasaab uyushmalari rasmiylari ishtirokida olib borgan.

"Majburiy mehnatga yollangan ishchilar va fermerlar hukumat nazoratidagi Oʻzbekiston Kasaba Uyushmalari Federatsiyasi rasmiylari ishtirokida savollarga javob berishlari talab qilingan".

Tashkilotning aytishicha, Oʻzbekistonda hukumatni tanqid qilganlik uchun oʻch oluvchi repressiv tuzum qaror topgani hammaga maʼlum boʻlishiga qaramay, XMT javob beruvchilar shaxsining maxfiy qolishini taʼminlamagan.

Human Rights Watch ning Markaziy Osiyo boʻyicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlouning aytishicha, oʻtgan yil avgustida yakkahokim rahbar Islom Karimovning vafot etishi va dekabrda Shavkat Mirziyoyevning prezident etib saylanishi Oʻzbekistonda inson haqlari borasidagi vaziyatning yaxshilanishiga olib kelmagan.

Buyurtma hisobot

1 fevral kuni Jahon Banki Xalqaro Mehnat Tashkilotiga iqtibosan Oʻzbekistonda "tashkillashtirilgan bolalar mehnatidan foydalanishga bosqichma-bosqich chek qoʻyilgani" haqida xabar tarqatgandi.

Bank oʻz buyurtmasi asosida XMT olib borgan tadqiqot natijalariga tayangan.

"Bolalar mehnatini qabul qilib boʻlmasligi jamiyatning barcha qatlamlari-hokimiyat, oʻqituvchilar, mutaxassislar, fermerlar, ota-onalar va bolalarning oʻzlari tomonidan eʼtirof etiladi. Oʻzbekiston tashkillshatirilgan bolalar mehnatiga chek qoʻydi", - deyilgan hisobotda.

Ayni paytda XMT aholining boshqa ayrim qatlamlari, jumladan, talabalar va byudjet xodimlari uchun majburiy mehnat saqlanib qolayotganini aytgan.

Oʻzbekistondagi bolalar mehnati va majburiy mehnatni kuzatib kelayotgan huquq himoyachilari va mustaqil kuzatuvchilar Xalqaro Mehnat Tashkilotining xulosalarini tanqid qilishgan.

Ularga koʻra, hukumat vakillari ishtirok etgan bu kabi hisobotni "mustaqil" deb atash mumkin emas.

Oʻtgan yil dekabrida Yevropa parlamenti XMT xulosasiga tayanib, Oʻzbekiston bilan toʻqimachilik mahsulotlari savdosiga doir bitimni maʼqullagan.

Yevropa parlamenti Oʻzbekistondagi vaziyatni yaqindan kuzatishda davom etishi va agar oʻzbek hukumati oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarmay qoʻysa, YeI Kommissiyasi va Kengashidan rasmiy Toshkent bilan bitimni toʻxtatishni soʻrashi haqida ogohlantirgan.

Yevropa Parlamenti aynan Oʻzbekiston paxta sanoatidagi bolalar va majburiy mehnatga oid daʼvolar sabab, 2011 yilda bu kelishuvning taqdirini savol ostida qoldirgandi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring