Mirziyoyevga arz qilgan tadbirkor "Toshturma"da

  • 17 Fevral 2017
Olim Sulaymonov Image copyright YouTube
Image caption Olim Sulaymonov Mirziyoyevga murojaati ortidan televideniyega taklif etilgandi

15 fevral kuni Jinoyat Ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tumani sudi tomonidan hibsga olingan tadbirkor Olim Sulaymonov Toshkent turmasiga olib kelingan.

Uning oila aʼzolari Sulaymonovning sud zalidan qayerga olib ketilgani haqida dastlab hech qanday xabarga ega boʻlolmagandi.

"Dadamni Toshturmaga olib kelishibdi. Buni aniqlaganimizcha ikki kun vaqtimiz ketdi. Uchrashishga tushdan keyin soat beshgacha ruxsat berisharkan. Lekin men topib boraman deginumcha qabul vaqti tugab boʻlibdi", - deb aytdi BBCga tadbirkorning oʻgʻli Egamberdi Sulaymonov.

Tadbirkor firibgarlik, tuhmat qilganlik va uydirma gaplarni ommaviy axborot vositalariga tarqatishda ayblanmoqda.

Olim Sulaymonov ustidan navbatdagi mahkama 20 fevral kuni boʻlib oʻtadi.

Videomurojaat

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga videomurojaati bilan tanilgan tadbirkor tez orada ijtimoiy tarmoqlarda eng koʻp muhokama qilinadigan shaxsga aylandi.

Sulaymonov videomurojaatda davlat idorarasi xodimlari biznes qilish uchun imkon berishmayotgani va taʼmagirlik qilayotgani borasida gapirgandi.

Ushbu murojaatdan koʻp oʻtmasdan Sulaymonovni "Oʻzbekiston" telekanali tadbirkorlar muammosiga bagʻishlangan koʻrsatuvga taklif qildi.

Shikoyat qiluvchining markaziy televideniyega chaqirilishi mustaqil Oʻzbekiston tarixida koʻplab yillardan beri kuzatilmayotgan edi.

Bu holat internet foydalanuvchilarini hayratga soldi va Sulaymonovning "Oʻzbekiston" kanalida qilgan chiqishi ijtimoiy tarmoqlarda koʻp tarqaldi va muhokama qilindi.

Muhokama qiluvchilar bu narsani Oʻzbekistonda boʻlayotgan oʻzgarishlar bilan bogʻladi. Yana ayrimlar buning hammasi Shavkat Mirziyoyevning olib borayotgan yangicha siyosati mahsuli deya maqtadi.

Biroq oradan koʻp oʻtmasdan Olim Sulaymonovga nisbatan ikki mahkama ishi ochilgani va tadbirkor tuhmat qilishda ayblanayotgani haqida xabarlar chiqdi.

Toshkent shahar sudi va jinoiy ishlar boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudi tadbirkor uchun deyarli bir xil ayb, firibgarlik va tuhmat qilish boʻyicha shikoyatni koʻrib chiqa boshladi.

15 fevral kuni jurnalistlar, Toshkentdagi xorijiy elchixona vakillari va tadbirkorning yaqinlari kiritilmagan mahkama jarayonida Olim Sulaymonov hibsga olindi.

Putin va Qodirovdan umid

Olim Sulaymonov Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilishdan oldin ham internetda ancha tanilgan edi.

Twitter ijtimoiy tarmogʻida akkaunt ochgan tadbirkor Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Checheniston prezidenti Ramzan Qodirovlarning Twitterdagi rasmiy akkauntlariga murojaat qilgandi.

U ushbu murojaatlarida oʻz telefon nomerini qoldirgan va Chechenistonga borib Ramzan Qodirov bilan Grozniydagi masjidda namoz oʻqish niyati borligini bildirgandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Sulaymonov shaxsiga nisbatan "mard va ezilgan tadbirkor" kabi qarashlardan tashqari, uni ushbu tizimning bir murvati sifatida koʻradiganlar ham bor.

Twitter foydalanuvchisi Olim Sulaymonovning Oʻzbekistonda noqonuniy biznes boʻlgan "obnal", yaʼni plastik kartadagi pullarni naqd pulga almashtirish kabi yirik bir tarmoqning bir aʼzosi boʻlgan degan fikrlar yozildi.

Biroq uning oʻgʻli Egamberdi Sulaymonov BBC bilan suhbatda bu kabi ayblovlarni rad etdi.

"Bunaqa xabarlarni dadamga dushmanlik qilayotgan taraf tarqatgan boʻlishi mumkin. Dadamning biznesi ishlab chiqarishga asoslangan. Asosan tibbiyotda qoʻllaniladigan lenta va yuvuvchi vositalar ishlab chiqarishida ishlatiladigan gipoxlorit ishlab chiqqanmiz. Men ham dadamga yordam berganman", - deydi Egamberdi Sulaymonov.

Uning aytishicha, dadasi markaziy kanallar chiqqani bilan mahkamaga tortilgan vaqti uning holidan davlat idoralaridan hech kim xabar olmagan.

"Asosan jurnalistlar va elchixona xodimlari hol ahvol soʻrab dalda boʻlib turishibdi. Davlat idoralaridan hech kim kelib soʻramadi".

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring