Gollandiya va O‘zbekiston soliq bo‘yicha bitim imzoladi

Image copyright Googoosha.com
Image caption AQSh va Shveytsariyada davom etayotgan tergovlarda telekommunikatsiya sohasidagi poraxo'rlik ishlarida Gulnora Karimova nomi ko'rsatilgan

Gollandiya O'zbekiston bilan imzolagan soliqdan bo'yin tovlashga qarshi qaratilgan bitimiga qo'shimcha ravishda yangi protokolga ham imzo chekdi.

Bu haqida Bryusselda joylashgan tax-news sayti xabar tarqatdi.

Xabarga ko'ra, yangi protokolni imzolashdan maqsad ikki-tomonlama bitimning soliqdan bo'yin tovlash maqsadlarida ishlatilishini bartaraf qilishdir.

Gollandiya va O'zbekiston 7 fevralь kuni mazkur qo'shimcha shartni birga imzolaganlar.

Gollandiya Moliya vazirligining bildirishicha, bitimga yangi o'zgartirish orqali o'zaro ma'lumot almashish va pullarni qaytarish jarayonidagi o'zaro hamkorlik shartlari kiritildi.

O'zbekiston va Gollandiya oxirgi ikki yil davomida Gulnora Karimovaga bog'liq moliyaviy mojarolar doirasida tilga olindi.

O'tgan yili Gollandiyaning VimpelCom shirkati va uning o'zbek hamkori Unitel "o'zbek hukumatining yuqori lavozimli amaldori"ga 2006-2012 yillarda katta miqdorda pora berganini tan olgan.

AQSh va Shveytsariyada davom etayotgan tergovlarda telekommunikatsiya sohasidagi poraxo'rlik ishlarida Gulnora Karimova nomi ko'rsatilgan.

O'tgan yil boshida VimpelCom korruptsiya ayblovlari bo'yicha 795 mln dollar miqdorda jarimani to'lashga rozi bo'lgandi.

VimpelCom 2006 yildan 2012 yilgacha o'zbekistonlik nufuzli shaxslarga mamlakatda biznes olib borish uchun 114 million dollar pora bergan, deb qayd etgan Qo'shma Shtatlar prokurorlari.

Amerika prokurorlariga ko'ra, O'zbekiston mobil aloqa bozoriga kirish uchun ikki xalqaro kompaniya - "MTS" bilan "Vimpelkom" yirik poralar berishga majbur bo'lgan.

O'zbekiston o'zini korruptsion mojaroda jabrlangan tomon bo'lganini ta'kidlagan va bunga javobgar bo'lgan qator O'zbekiston fuqarosini jazolaganini aytmoqda.