"Xorazmlik qizlar" mojarosi qayta boshlanadimi?

Image caption Ozoda Nursaidova ham "Xorazmlik singillar" qo'shig'i bilan o'zbek estradasi madonnasi bo'lmish Usmonovani "koyigandi"

O'zbekistonlik taniqli xonanda Jahongir Otajonov mart oyida Toshkentdagi Turkiston saroyida o'tadigan kontsertida Yulduz Usmonovaga javob qo'shig'ini aytishini ma'lum qildi.

Bu haqida daryo.uz sayti muxbiri Feruz Muhammad xabar tarqatdi.

Bu qo'shiqda Yulduz Usmonovadan xorazmlik qizlarga hasad qilmaslik so'ralgan va u xorazmlik qizlarning tizzasigacha ham chiqa olmasligi aytilgan.

Kontsert dasturi oldidan Yoshlar ijod saroyida matbuot anjumani o'tkazgan Jahongir Otajonov "opa-singillari bor Xorazm yigiti" bo'lgani uchun Yulduz Usmonovaning "Xorazmlik qizlar" qo'shig'iga javob qaytarilishini lozim deb o'ylaganini aytdi.

2006 yilgi kontsertida qo'shiqni taqdim etgan Yulduz Usmonova xorazmlik qo'shiqchi va raqqosa ayollarni "lo'li bozori"ga o'xshatgandi.

Uning qo'shig'ida, xususan, qo'yidagi misralar bor:

Engil-elpi taq-tuqlardan voz keching

Kim qiz deydi yoshi qirqdan oshganini

Ko'ring endi mashhurlikka shoshganini

Xorazmlik qizlar bosdi Toshkanini.

Bu qo'shiqqa tayyorlagan javobi haqida gapirar ekan, Jahongir Otajonov aslida qo'shiqni bir necha yil avval yozgani, ammo u vaqtda Usmonovaga tosh otishni o'ziga joiz ko'rmaganini bildirdi.

"Bugungi kunda ular ham ijod qilishni boshladilar. «Xush kelibsiz Xorazmga» deb nomlangan qo'shig'imizni Yulduz Usmonovaga bag'ishlab yozganman. Chunki o'shanda «Xorazmlik qizlar hamma yoqni bosib ketdi» degan gap mening izzat-nafsimga tekkani uchun, men ham shunga yarasha fikrlarimni qo'shiq bilan tasvirlagan joylarim bor", - dedi u.

So'ngra Otajonov jurnalistlarning iltimosi bilan Yulduz Usmonovaning qo'shig'iga javob tariqasida kuylashni rejalashtirgan qo'shig'ining bir qismini she'r tarzida aytib berdi:

Kim qaerda yursa yurtim bag'ri kengdir

Qay millat-u, qay shevada bari tengdir,

Deya ko'rmang, bir birovga kim u mengdir

Hasad qilmang Xorazmning qizlariga,

Yulduz tugul, oy chiqolmas tizlariga!

Taqdimoti kutilayotgan qo'shiq Yulduz Usmonovaga berilgan ilk javob emas. 10 yil avval O'zbekistonning eng taniqli xonandalaridan bo'lgan Ozoda Nursaidova ham "Xorazmlik singillar" qo'shig'i bilan o'zbek estradasi madonnasi bo'lmish Usmonovani "koyigandi":

"Barakasi sochilgan bag'rikeng Toshkanini

Erkalaydi birdayin bag'riga shoshganini

Xalqdan buyuk ustoz yo'q,

U bilmasa, kim bilar?

O'zi jilovlab qo'yar haddidan sal oshganni

O'ksimangiz, ranjimang, xorazmlik singillar,

Yoningizni olgani men turibman, men borman".