Buyuk Britaniya: "Mirziyoyev xalq bilan munosabatlarni oʻzgartirdi"

Kristofer Allan Image copyright Natlib.uz
Image caption Elchi Allan Mirziyoyevning islohotlar rejasini "iddaoli" deb atagan

Buyuk Britaniyaning Oʻzbekistondagi elchisi Kristofer Allan Oʻzbekiston hukumati oʻzining "oddiy xalq bilan munosabatlarida jiddiy oʻzgarishlar qilgani"ni aytgan.

U Shavkat Mirziyoyev hukumatining islohotlar rejasini "iddaoli" deb atagan.

17 fevral kuni Toshkentda jurnalistlarga gapirgan Britaniyaning yuqori martabali diplomatiga koʻra, oʻzbek hukumatining virtual qabulxona va boshqa muloqot mexanizmlarini ishga tushirishi "koʻplab ijobiy natijalar"ga sabab boʻlmoqda.

Buyuk Britaniya va Oʻzbekiston oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganining 25 yilligi muosabati bilan oʻtgan anjumanda elchi Allan Britaniya Oʻzbekistonga islohotlarni amalga oshirishda "qoʻlidan kelganicha yordam berish"ga tayyorligini izhor qilgan.

Unga koʻra, bu yordam britan tajribasini oʻrtoqlashish yoki Oʻzbekistonning oʻzida muhim institutlarni yaratish loyihasini moliyalash shaklida ham boʻlishi mumkin.

Britan elchisining bildirishicha, joriy yilning oʻzida London Oʻzbekistondagi iqtisodiy va huquqiy islohotlarni dastaklash rejasiga yarim million dollardan koʻp mablagʻ ajratgan.

"Bunga qoʻshimcha, - degan elchi, - Jahon Banki, Osiyo Taraqqiyot Banki va Yevropa Ittifoqining asosiy donorlaridan biri boʻlgan Buyuk Britaniya har yili Oʻzbekistonning rivojlanishi uchun koʻplab million dollarlik grantlar va imtiyozli kreditlar ajratib kelmoqda".

U oʻzbek hukumatining biznes muhitini yaxshilash va korruptsiyaga qarshi kurash harakatlarini "muhim va ijobiy" qadamlar, deb baholagan.

Britaniya Oʻzbekistonning yangi rahbariyati eʼlon qilgan islohotlar kun tartibini dastaklagan ilk gʻarb davlati boʻlgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev qasamyodga keltirilganidan bir kun oʻtib, Toshkentga tashrif buyurgan Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Alan Dunkan Mirziyoyevning islohotlar dasturi mamlakatdagi sarmoya muhitini sezilarli darajada oʻzgartiradi, deb ishonishlarini aytgan.

U qoʻshnilar bilan aloqalarni yaxshilash hamda valyuta siyosatini oʻzgartirish sari qoʻyilgan qadamlarni "juda ham ijobiy" deya baholagan.

Oʻtgan hafta AQSh Prezidenti Donald Tramp ham Oʻzbekiston bilan diplomatik aloqalar oʻrnatilganiga 25 yil toʻlishi munosabati bilan Prezident Mirziyoyevga maktub yoʻllagan.

Tramp Mirziyoyevning mintaqaviy hamkorlikka qaratilgan siyosatini dastaklagan.

Oʻz navbdatida Mirziyoyev ham AQSh bilan strategik sheriklik har ikki tomon uchun foydali ekanini taʼkidlagan.

Tahlilchilarga koʻra, Mirziyoyev boshqaruvi ostida Oʻzbekiston tashqi siyosatida sezilarli oʻzgarishlar kutilmaydi.

Mirziyoyev oʻz chiqishlarida tashqi siyosatdagi asosiy tamoyillar oʻzgarmasligi, jumladan, Oʻzbekiston harbiy-siyosiy bloklarga qoʻshilmasligi va oʻz hududida xorijiy davlatlarning harbiy bazalarini joylashtirishga ruxsat bermasligini taʼkidlagan.

Kelasi oy boshida u oʻzining birinchi xorijiy safari bilan Rossiyaga boradi.

Rossiya tomoni Oʻzbekiston rahbarining davlat tashrifi chogʻida ikki tomonlama aloqalarga doir "muhim hujjatlar" imzolanishini aytgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring