Samarqandlik ona: "Rossiyada xoʻrlanganimga oʻgʻlim oʻzini osdi"

Samarqandlik 44 yoshli Dilnoza

"Dilnoza" hikoyasini Youtube da tinglang

Samarqandlik 44 yoshli Dilnoza (ismlar oʻzgartirildi) 2016 yilning sentyabr oyida ishlash uchun Moskvaga kelgan. Unga oʻz hamqishlogʻi Zayniddin ishga joylashtirishda yordam berishni vaʼda qiladi. Ammo Dilnoza kelgach, uni Domodedovo hududidagi baliq korxonasida ishlash uchun arman millatiga mansub notanish kishilarga ishchi sifatida sotib yuborgan. Dilnozaning hikoya qilishicha, hamqishlogʻi unga ish topib berganligi uchun qarzdor hisoblab, ishlagan pullarini tortib oladi.

- Bir qishloqdanmiz, oilalarimizni yaxshi bilardik. Oilamiz qiynalib qolganini koʻrib, yordam qilaman deganiga unga ishonib kelgandik, - deydi Dilnoza.

Dilnoza bilan birga kelgan qarindoshlari qiyin ish sharoitiga koʻnika olmay, Oʻzbekistonga qaytib ketishgach, Zayniddinning fikri oʻzgarib, Dilnozani korxonadan Kuzьminki tumanidagi turar joyiga olib ketadi va 3 oy davomida sherigi Neʼmat bilan muttasil ravishda zoʻrlab, turli qiynoqlarni qoʻllagan. Avvaliga "Diksi" supermarketida farroshlikka ishga joylashtirib, ish haqini olib qoʻyib yurgan, keyin esa ishdan boʻshattirib, koʻchaga ham chiqarmay qoʻygan.

- Senga xujjat nimaga kerak, deb xujjat xam qildirishmagandi, politsiyaga borishga qoʻrqdim, - deydi Dilnoza.

Dilnozani sotib yuborishgani haqidagi gap-soʻzlar qishlogʻiga ham yetib borib, uning 22 yoshli oʻgʻli oʻzini osib qoʻygan.

- Shu kishining ukasi qishlogʻimizga borib onang shunaqa boʻlib ketdi degan, tortishib qolishgan. Oʻgʻlim oriyatdan shunday qildimi, bilmayman. Menga xoʻjayinim yuragi yomon boʻlib qolib olamdan oʻtdi degandi. Oʻzini osganini yaqinda eshitdim. Borolmadim, qoʻlimda na xujjat, na pul bor edi...

Shu yilning yanvarь oyida Zayniddinning maʼshuqasi Nigora Dilnoza haqida bilib qolib, uni turgan joyidan olib qochgan. Nigoraning yordami bilan Dilnoza xujjatlarini rasmiylashtirib, ishga joylashishga muvaffaq boʻlgan. Hozirda u havfsiz joyda, ammo qishloqqa qaytib ketmoqchi emas.

- Nima deb boraman hozir?! Erim kasalvand, uni davolatmoqchi edim. Endi ishlashim kerak. Ishsizlik, qiyinchilikdan kelib qolib, qiyin ahvolga tushib qoldim. Meni deb oʻgʻlim oʻldi, yashagim kelmayapti...

Dilnozaning aytishicha, Zayniddin esa uni haligacha taʼqib qilayapti.

"Bu gaplar qishlogʻimizga yetib bormasligi uchun meni yoʻq qilmoqchi", - deydi u.

Har yili bahor yaqinlashishi barobarida Rossiyaga ishlashga keluvchi oʻzbekistonliklar soni ortadi.

Tanishlari yoki qarindoshlari orqali ish izlab kelganlar orasida odam savdosi, qullikka tushib qoluvchi va jinsiy zoʻravonlik qurbonlari boʻlayotganlar oz emas.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring