25 yil kutilgan Dushanbe-Toshkent parvozi amalga oshmadi

Somon Air Image copyright Somon Air
Image caption Oʻzbek tomoni parvozni nima uchun taqiqlagani nomaʼlum

Tojikiston va Oʻzbekiston poytaxtlari oʻrtasida 20 fevral kuni amalga oshishi kutilgan ilk yoʻlovchi uchogʻi parvozi bekor qilingan.

"Somon Air" matbuot xizmati rahbari Timur Bandishoyevning BBCga maʼlum qilishicha, dushanba kuni Toshkent xalqaro aeroporti tojik tomoniga parvozning "taqiqlangani" haqida bildirish yoʻllagan.

Chorak asr kutilgan va ikki davlat rahbariyati oʻrtasidagi uzoq muzokaralar natijasi boʻlgan parvozning nima uchun bekor qilingani nomaʼlum.

Bu borada oʻzbek tomoni ham, "Somon Air" ham hech qanday izoh bermayotir.

"Somon Air" ga koʻra, ilk parvozda 26 nafar yoʻlovchilar uchishi kutilgandi.

Aviashirkat "noqulaylik uchun" barcha yoʻlovchilardan uzr soʻragan.

"Barcha yoʻlovchilarga chipta pullari qaytarildi. Ayrimlarga Dushanbe-Xoʻjand yoʻnalishi uchun chiptalar qayta rasmiylashtirildi", deyiladi "Somon Air"ning rasmiy bildirishida.

20 fevral kuniga rejalangan parvoz Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida 1993 yildan buyon ilk parvoz boʻlishi kutilgandi.

Oʻzbekiston 1992 yilda Tojikistonda fuqarolar urushi boshlanishi ortidan havo qatnovlarini toʻxtatgan.

Oʻtgan vaqt mobaynida ikki marta parvozlarni qayta yoʻlga qoʻyishga kelishilgan, ammo amalga oshmagandi.

10 fevral kuni "Somon Air" vakillaridan iborat hayʼat Toshkentga uchib borgan va bu voqea har ikki davlat matbuotida oʻzaro aloqalarning yaxshilanayotgani belgisi sifatida talqin qilingandi.

Parvozlarning keyingi taqdiri nima boʻlishi hozircha nomaʼlum.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring