Yangi 10 ming soʻm banknoti qiymati 2 dollar atrofida

Hozircha Markaziy bank 10 ming soʻmlik banknot haqida axborot bergani yoʻq Image copyright cisnews.net
Image caption Hozircha Markaziy bank 10 ming soʻmlik banknot haqida axborot bergani yoʻq

Oʻzbekiston Senati 10 ming soʻmlik banknotlarning muomalaga chiqarilishini maʼqulladi. Bu oʻzbek milliy valyutasi - soʻm joriy etilgan 1994 yildan beri chiqarilgan eng katta pul birligi boʻladi.

Senat raisi Nigʻmatilla Yoʻldoshev "Oʻzbekiston Markaziy banki tomonidan 10000 (oʻn ming) soʻmlik banknotlarning chiqarilishi toʻgʻrisida"gi qarorni 20-fevral kuni imzolagan.

Hozircha Markaziy bank 10 ming soʻmlik banknot haqida axborot bergani yoʻq. Yangi kupyuralarning koʻrinishi qanday ekani, uning old va orqa tomonlarida nimalar tasvirlangani haqida aniq maʼlumot yoʻq.

Yangi kupyura chiqarilishi haqidagi xabarlar 2016 yil bahorida ham tarqalgan, mish-mishlarga yangi banknotning suratlari ham ilova qilingan edi. Uning old tomoniga Oʻzbekiston gerbi, orqa tomoniga esa Shahrisabzdagi Oqsaroy maydoni surati tushirilgan edi. Biroq Markaziy bank bu mish-mishlarni rad etgan edi.

Ikki dollar ham emas

Oʻzbekistonda soʻnggi bor 2013 yil iyulida yangi banknot muomalaga chiqarilgan edi. 5 ming soʻmlik kupyura chiqarilgan vaqtda uning qiymati ham rasmiy, ham "qora bozor" kursi boʻyicha 1 dollardan qimmat edi.

Biroq hozirgi kelib "qora bozor"da dollar kursi 6800 soʻmdan oshib ketgan, rasmiy kurs esa 21 fevral kuni salkam 50 soʻmga oʻsib, 3356,87 soʻmga yetdi. Rasmiy kurs soʻnggi bor bunday yuqori oʻsish surʼatini 2001 yilda koʻrsatgan edi.

Image caption Bu oʻzbek milliy valyutasi - soʻm joriy etilgan 1994 yildan beri chiqarilgan eng katta pul birligi boʻladi

Yangi banknot davlat kursi boʻyicha salkam 3 dollarga yetadi, "qora bozor" kursi boʻyicha esa 1,5 dollarga ham yetmaydi.

2016 yil noyabrida Oʻzbekistondagi valyuta siyosatini liberallashtirishga qaratilgan prezident qarori loyihasi muhokamaga qoʻyilgan edi. Unda soʻmning xorijiy valyutalarga nisbatan kursini hozirgidek Markaziy bank nazorati bilan emas, balki faqat bozor mexanizmlariga asosan (qariyb "qora bozor"dagi kabi) oʻrnatishni nazarda tutuvchi tartibni joriy etish haqida soʻz borgan edi.

Muhokamasi prezident saylovi arafasida anchagina katta shov-shuvlarga sabab boʻlgan bu hujjat qachon qabul qilinishi va qachon kuchga kirishi nomaʼlum. Koʻpchilik bu hujjatning qabul qilinishiga shubha bilan qaraydi.

Qabul qilingan taqdirda ham, u mamlakat iqtisodiyotini abgor qiluvchi loyiha deb hisoblaydiganlar talaygina.

Naqd pul talvasasi

Naqd pul yetishmovchiligi va unga boʻlgan talabning aqlbovar qilmas darajada yuqoriligi - zamonaviy Oʻzbekistonning oʻziga xos va mamlakatni, shiorlarda aytilganidek, "dunyoda yagona" qilib turadigan muammolardan.

Shavkat Mirziyoyevning fevral boshida imzolagan pensiyalarni toʻliq, stipendiyalarni kamida yarmini naqd pul shaklida majburiy toʻlash haqidagi qaroridan soʻng bu mavzu atrofidagi bahs-munozaralar qizigandan qizidi.

Bundan avvalroq esa Markaziy bank mutassaddilari 2017 yil oxiriga qadar Oʻzbekiston boʻylab 1000ta bankomat oʻrnatilishi, shunda naqd pul atrofida hozirgidek vasvasa boʻlmasligini vaʼda qilib chiqqan edi.

Bankirlarning bu tashabbusi ijtimoiy tarmoqlarda, turgan gapki, nimtabassum bilan qarshi olindi. "Kartochkalarimizdagi millionlab soʻmlarni chiqarish uchun bankomatlar xuddi konteynerdek boʻlishi kerak", qabilidagi memlar messenjerlarda rosa aylandi.

Shu bilan birga mahalliy internet nashrlarda plastik kartochka va naqd pul muammosiga bagʻishlangan qator maqolalar eʼlon qilindi. Ularning baʼzilarida plastik kartochka qoralangan, boshqalarida bozor mexanizmlari ishlamayotgani taʼkidlangan.

"Bankomatlar oʻrnatilishi bilan muammo hal boʻlmaydi. Muammo - naqd va naqdsiz pul toʻlov qobiliyatlari oʻrtasidagi 15-30 foizlik farqda hamda import mahsulotlarini olib keluvchi tadbirkorlarning toʻgʻri yoʻl bilan oʻzi istagan miqdorda valyuta sotib olishiga qonuniy sharoit yoʻqligida", - deb yozgan "Diydor aziz" nashrida eʼlon qilingan maqola muallifi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring