"Somon Air" Oʻzbekistondan kechirim soʻradi

Somon Air Image copyright News.tj
Image caption Chorak asr kutilgan va ikki davlat rahbariyati oʻrtasidagi uzoq muzokaralar natijasi boʻlgan parvozning nima uchun bekor qilingani borasida na tojik yo na oʻzbek hukumati rasmiy munosabat bildirdi

Tojikistonning "Somon Air" aviakompaniyasi matbuot xizmatiga koʻra, kompaniyaning ichki tergovi ortidan Dushanbe-Toshkent reysiga masʼul barcha shaxslar, xususan, kompaniyaning tijoriy direktori Alisher Rustamov ishdan chetlatilganlar.

Aviakompaniya Oʻzbekistondagi sheriklaridan kechirim soʻradi.

Tojikistondan kelayotgan xabarlarga koʻra, biroz avval Oʻzbekiston tomoni "Somon Air" aviakompaniyasining Dushanbe-Toshkent parvozi boʻyicha "notoʻgʻri maʼlumot" tarqatganidan xavotir izhor qilgan.

Aziya plyus xabar qilishicha, "Oʻzbekiston havo yoʻllari" Tojikiston hukumatiga yoʻllagan maktubida "Somon Air" xabarni yoyib yuborishidan avval masalaning barcha tomonlarini aniqlashtirishi kerak boʻlganligi aytiladi.

Nashrning maktubni koʻrgan manbasiga tayanib yozishicha, maktubda masalaning tubdan oʻrganilmay tarqatilishi "turli xil qiyinchiliklar"ga yetaklashi aytilgan.

Maktubga binoan, oʻzbek aviatsiyasi rasmiylari "Somon Air"dan muntazam ravishdagi reyslar emas, balki charter parvozlari boʻyicha soʻrov olishgan.

Soʻrov parvozdan bir kun oldin - 19 fevralda yuborilgani va unga bogʻliq qarorni qabul qilish uchun vaqt juda kam boʻlgani aytiladi.

Ayni damda Toshkentda hali ham "Somon Air" vakolatxonasi yoʻqligi va Oʻzbekistonda bu parvoz uchun chiptalar sotilmayotgani taʼkidlangan.

20 fevral kuni Tojikiston va Oʻzbekiston poytaxtlari oʻrtasida amalga oshishi kutilgan ilk yoʻlovchi uchogʻi parvozi bekor qilingan.

"Somon Air" matbuot xizmati rahbari Timur Bandishoyevning BBCga maʼlum qilishicha, dushanba kuni Toshkent xalqaro aeroporti tojik tomoniga parvozning "taqiqlangan"i haqida bildirish yoʻllagan.

Chorak asr kutilgan va ikki davlat rahbariyati oʻrtasidagi uzoq muzokaralar natijasi boʻlgan parvozning nima uchun bekor qilingani borasida na tojik yo na oʻzbek hukumati rasmiy munosabat bildirdi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring