Mirziyoyev sogʻliqni saqlash vazirini ikkinchi marta almashtirdi

Alisher Shadmanov Image copyright old.kirovgma.ru
Image caption Alisher Shadmanov koʻp yillar Andijon davlat tibbiyot institutiga rektorlik qilgan

Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vaziri soʻnggi ikki oy ichida ikkinchi marta oʻzgardi. Dekabrda vazirlik rahbariga aylangan Adham Ikromov oʻrnini fevralda Andijon davlat tibbiyot institutining sobiq rektori Alisher Shadmanov tayinlandi.

Xabar berishlaricha, Shadmanovni vazir etib tayinlash haqidagi prezident farmonini vazirlikdagi yigʻilishda shaxsan bosh vazir Abdulla Aripov oʻqib eshittirgan. Adham Ikromov bosh vazir oʻrinbosari lavozimini saqlab qolgani aytilmoqda.

Vazirlik rahbariyatidagi joriy oʻzgarish sabablari haqida rasmiy sharh berilganicha yoʻq. Tibbiyot Shavkat Mirziyoyev prezidentlik kursisiga oʻtirganidan beri u tomonidan eng koʻp tanqid qilinayotgan sohalardan biri boʻlib qolmoqda.

Adham Ikromov, mamlakat bosh vaziri oʻrinbosari lavozimini saqlab qolgani holda, 13 dekabrda sobiq vazir Anvar Alimov oʻrniga Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vaziri etib tayinlangan edi. U 2009-2012 yillarda ham bu vazirlikka rahbar boʻlgan.

Alisher Shadmanov 1962 yil Toshkent shahrida tugʻilgan, 1985 yili Andijon davlat tibbiyot institutini tamomlagan. 1996-2000 yillarda xalq deputatlari Andijon viloyati kengashi deputati boʻlgan.

Koʻp yillar Andijon davlat tibbiyot institutiga rektorlik qilgan, 2014 yilgi parlament saylovlarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputat etib saylanganidan soʻng, 2015 yil fevralida rektorlikdan ketgan.

Shavkat Mirziyoyev prezident boʻlganidan beri hali hech bir sohada ikki marta rahbar oʻzgarishini amalga oshirmagan edi.

Doimiy tanqid nishoni

Sogʻliqni saqlash tizimi - prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan eng koʻp tanqid qilingan soha. Davlat rahbari hali hech bir soha vakillari bilan ikki oy ichida ikki marta katta uchrashuv oʻtkazgani yoʻq.

5 yanvar kuni boʻlib oʻtgan birinchi uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev "tizimni mutlaqo oʻzgartirish - davr talabi" ekanini taʼkidladi. Aynan shu uchrashuvda qishloq vrachlik punktlarini tunu-kun ishlaydigan muassasaga aylantirish, faqat ayollar uchun moʻljallangan alohida poliklinikalar tashkil etish kabi tashabbuslar yangragan edi.

Ayni vaqtda prezident Adham Ikromov oldiga bir qator vazifalar qoʻygan, xususan, xorijga ketib qolgan oʻzbekistonlik shifokorlarni vatanga qaytarish boʻyicha topshiriq berib, topshiriqning bajarilishi uchun bir oy muddat belgilagan edi.

7 fevral kuni tibbiyot xodimlari bilan ikkinchi uchrashuv boʻlib oʻtdi. OʻzA yozganidek, bu yigʻilish "5 yanvardagi majlisda belgilangan vazifalar ijrosi"ga bagʻishlandi. QVPlar, oilaviy poliklinikalar, patronaj xizmati, tez tibbiy yordam faoliyati hali ham qoniqarsizligi, shifoxonalar va aholini dori bilan taʼminlash boʻyicha topshiriqlar ijrosi talab darajasida emasligi qattiq tanqid qilindi.

"Tibbiyot xodimlari uyma-uy yurib, kasalliklarni profilaktika qilishi, sohadagi oʻzgarishlarni odamlar sezishi kerak", - dedi soʻnggi majlisda Shavkat Mirziyoyev.

Oʻzgarishlar bor, lekin...

Eʼtiborli tomoni, prezident yillar davomida, xususan, oʻzi bosh vazir sifatida faoliyat olib borgan davrlarda shakllanib, toʻplanib qolgan qator muammolarni sogʻliqni saqlash vazirligining Adham Ikromov boshchiligidagi rahbariyatidan bir oyda hal qilishni talab qilgan.

Ikki majlisdan soʻng baʼzi oʻzgarishlar yuz bergan: dorixonalarda mahalliy va xorijiy bir guruh dori vositalarining cheklangan narxlari oʻrnatildi, biroq bu chora aynan narxi cheklangan preparatlarning taqchilligi va ularning boshqa muqobillari narxlari oʻsishiga sabab boʻladi, degan xavotirlar bor.

Xorazmda Rossiyaning ikki yetakchi tibbiyot muassasasi ishtirokida voha ahliga xizmat koʻrsatadigan ikkita yirik klinika tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishilgani aytildi. Shuningdek, Adham Ikromov shu vaqtgacha xorijda ishlab kelayotgan "10-15 nafar oʻzbekistonlik" yetakchi shifokorlarni vatanga qaytarish boʻyicha kelishuvga erishganini ham aytgan.

Bundan tashqari, hududiy tibbiyot muassasalari rahbarlari rahbarlarini endi sogʻliqni saqlash vazirligi emas, balki hududiy rahbar - hokimlar tayinlaydigan tartib joriy etilmoqda. Lekin kuzatuvchilar bu tadbir aynan sogʻliqni saqlash vazirligining nazorat koʻlamini keskin qisqartirib, amalda uni ramziy tashkilotga aylantirib qoʻyishi mumkinligi bildirmoqda.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring