Turkiyadan boshpana soʻragan qochqin Qozogʻistonga qaytarildi

Abduxalil Abdujabborov Image copyright degisim haber

Turkiyadan boshpana soʻragan qozogʻistonlik ulamo Abduxalil Abdujabborov oilasi bilan majburan Qozogʻistonga qaytarilgan.

4 oy Istanbul aeroportida qolgan dindor va uning oʻgʻillari Turkiya politsiya tomonidan doʻpposlangani aytilmoqda.

Rossiyadagi "Memorial" inson huquqlari tashkilotining maʼlum qilishicha, Abdujabborovning 10 farzandi hamda turmush oʻrtogʻi Turkiyaning Istanbul shahrida mahkama qarorini kutishayotgan boʻlgan.

Shayx Xalil

"Qozogʻiston hukumatini bilan kelishilgan holda amalga oshirilgan noqonuniy deportatsiya jarayonida Turkiya politsiyasi boshpana soʻrovchini va uning voyaga yetmagan oʻgʻillarini doʻpposlagan. Chiqarib yuborishni toʻxtatishga boʻlgan barcha harakat samara bermadi. 18 fevral kuni Olma otada Abdujabbarov qoʻlga olindi", - deyiladi "Memorial" tarqatgan xabarda.

Shayx Xalil nomi bilan tanilgan 46 yoshli ulamo Turkiya hukumatidan 2016 yilning 12 oktyabr kuni boshpana soʻragan.

Abdujabborov va uning oilasi shundan beri Istanbul xalqaro aeroportida saqlanib kelayotgandi.

17 dan 18 fevralga oʻtar kechasi Turkiya politsiyasi ularni kuch bilan Sudiya Arabistonining Madina shahriga uchirib yuborgan.

Madina aeroportidan qilgan videomurojaatida Abduxalil Abdujabbarov chap qoʻli bogʻlangan holda koʻringan va Istanbul havo qoʻnalgʻasida oʻzi va farzandlarini politsiyasi doʻpposlaganini aytgan.

"Politsiya bizga juda qoʻpol muomalada boʻldi, meni va oʻgʻillarimni doʻpposlashdi. Biz Turkiyaga yordam istab kelgandik, turk va musulmon qardoshlarimiz deb kelgandik. Bizni Turkiyaga qaytarishga yordamlashing, Qozogʻistonga qaytib ketolmaymiz. U yerda qiynoqlarga tutilamiz, deya oldindan aytib kelayapman", - degan Abdujabbarov video murojaatida.

18 fevral kuni Abdujabbarov oilasi dastlab Birlashgan Arab Amirligining Dubay shahriga va u yerdan Qozogʻistonga deport qilindi.

Abdujabborovning huquqlarini Turkiyada himoya qilgan IHH insoniy yordam tashkiloti advokatlari Dubay aeroportiga kelib uni Turkiyaga qaytarishga qilgan harakatlari besamar ketgan.

Qidiruvdagi imom

Qozogʻistonning janubidagi Sayram tumanida tavallud topgan, millati oʻzbek Abduxalil Abdujabborov diniy taʼlimni Islomoboddagi xalqaro Islom universiteti fiqh boʻlimida olgan.

Qozogʻistonga qaytganidan soʻng Chimkentdagi Qozogʻiston-Quvayt universiteti dars bergan.

Qozogʻiston hukumati ushbu universitetning litsenziyasini olib qoʻygach, Qozogʻiston gʻarbidagi Atirau shahridagi "Imangʻali" masjidi qoshidagi madrasada taʼlim bera boshlagan.

Biroq keyinchalik Qozogʻiston hukumati bilan oʻrtada ziddiyat kelib chiqa boshlaydi.

Hukumat uni Qozogʻiston uchun noanʼanaviy boʻlgan Salafiylik oqimini yoyishda ayblay boshlaydi.

Biroq avvaliga ushbu ayblovlar ochiqdan ochiq aytilmagan. Ulamo faoliyatini toʻxtatish uchun boshqacha yoʻllardan foydalanishga harakatlar boʻlgan.

Uni noqonuniy ravishda diniy tadbirlar oʻtkazishda ayblab mahkamaga tortishadi. Lekin mahkamada Abdujabborov yutib chiqadi. Guvohlar Shayx Xalilning foydasiga guvohlik beradi.

Atirauda vaqti Abduxalil Abdujabbarov "Dorus-Salom" diniy birlashmasiini roʻyxatdan oʻtkazishga muvaffaq boʻladi.

Ushbu tashkilot qoshida esa "Attaqua" masjidi faoliyat yurita boshlaydi. Masjidga juma kunlari 60-70 odamning yigʻilgani aytiladi. Masjid qoshidagi madrasada esa 40 chogʻli talaba diniy ilm olgan.

Biroq 2004 yilning yoz oyida Abdujabborov Atirauni tark etishga va gʻarbdagi yana bir shahar Oʻrolga ketishga majbur boʻladi.

"Memorial"ning mahalliy musulmonlarga tayanib yozishicha, uning shaharni tark etishiga mahalliy hokimiyat bilan ogʻzaki kelishuvi sabab boʻlgan. Hokimiyat ulamo shaharni tark etsagina "Dorus-Salom" va uning qoshidagi masjid faoliyatiga dahl qilmaslikka soʻz bergan.

"Takfirchilar asoschisi"

Shayx Xalil va mahalliy Diniy idora oʻrtasida turli masalalar boʻyicha kelishmovchiliklar tez-tez sodir boʻlgani borasida aytiladi.

Oʻsha vaqti Qozogʻiston Diniy idorasi rahbar lavozimlaridan birida ishlagan ismini oshkor qilishni istamagan qozogʻistonlik ulamoning BBCga aytishicha, Abdujabbarov Qozogʻiston "takfirchilar" oqimiga asos solgan.

"Abduxalil Abdujabbarov Qozogʻistonda "takfirchilar" oqimiga asos solgan shaxs sanaladi. Avvaliga u oʻz maqsadlarini yashirib "Attaqua" masjidida imomlik qildi. Jamoatni ikkiga boʻlganidan soʻng uni masjiddan chetlatganmiz."

Diniy idora sobiq masʼulining aytishicha, "takfirchilar" Qozogʻiston jamiyati uchun oʻta xavfli oqimlardandir.

"Ular namoz oʻqimagan hammani kofirga chiqaradi. Natijada qanchadan qancha oilalarning oʻrtasiga nifoq tushdi. Tasavvur qiling, farzand namoz oʻqimagan otasini kofirga chiqarib oʻtiribdi", - deydi u.

Abdujabborov bu kabi ayblovlarni rad etadi. U "asl Islomiy taʼlimot"larni yoyganligi uchun ham taʼqibga uchrashishini bildirgan.

U Qozogʻistonni 2006 yili tark etib Madina shahrida qoʻnim topgandi.

Qozogʻistondan ketgandan soʻng ham uning ayrim musulmonlar orasida mashhurligi soʻnmagan. Hajga borgan musulmonlar u bilan koʻrishib turgan, internetda Abdujabborov tomonidan maʼruzalar mashhurlashib boravergan.

Shundan soʻng Qozogʻiston hukumati uni ekstremizim va terrorizmda ayblab ortga qaytarishga harakat qila boshlaydi.

Inson huquqlari tashkilotlari ushbu ayblovlarning barchasi oʻylab topilgani va uning negizida haqiqat yoʻqligini taʼkidlab kelishadi.

Qozogʻistonga qaytish borasida ulamoning oʻzi bilan ham bir necha marotaba kelishuvlar olib borilgani aytiladi.

Biroq u qiynoqlar va tuhmatlardan qoʻrqib Qozogʻistonga qaytishni rad qiladi.

Bu orada Qozogʻiston matbuotida Abduxalil Abdujabborov shaxsini qoralovchi materiallar chop etib turilgan.

2015 yilning 20 dekabr kuni Shayx Xalil Saudiya politsiyasi tomonidan qoʻlga olinadi.

Uning qoʻlga olinishiga Qozogʻiston tomonining Saudiya Arabistoniga Abdujabborov toʻgʻrisida topshirgan hujjatlari asos boʻlgani aytiladi.

2016 yilning oktyabr oyida Saudiya Arabistoni uni Qozogʻistonga berib yuborishga ahd qiladi.

Abdujabborov oilasi bilan Istanbul orqali Qozogʻistonga uchayotganda aeroportda Turkiya hukumatidan boshpana soʻragandi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring