General Doʻstumning uyi atrofi oʻrab olingan

General Doʻstum Image copyright INOYATULLAH BABUR FARAHMAND

Qoʻshni Afgʻonistondan olingan xabarlarga koʻra, oʻtgan tunda mamlakat birinchi vitse-prezidenti general Abdulrashid Doʻstumning poytaxt Kobuldagi uyi atrofiga harbiylar safarbar etilishgan.

General Abdulrashid Doʻstumning hovlisiga eltuvchi aksariyat yoʻllar toʻsilgan.

Uning uyi atrofidagi aksariyat hududlarda politsiya xodimlarining ham koʻzga tashlanishi aytilmoqda.

Xabarlarga koʻra, bundan tashqari, general Abdulrashid Doʻstum va ayrim yuqori martabali yordamchilarining uyi va idorasi yaqiniga tanklar ham joylashtirilgan.

Afgʻoniston birinchi vitse-prezidentining poytaxt Kobuldagi uyi va idorasi bilan bogʻliq bu kabi harbiy safarbarlik sababi maʼlum emas.

Prezident Muhammad Ashraf Gʻaniy va Afgʻoniston prezidentlik saroyi hozircha bu xususda biror bir rasmiy munosabat bildirmagan.

Ammo, poytaxt Kobuldan olingan ayrim xabarlarda iddao qilinishicha, voqealarning soʻnggi rivoji general Abdulrashid Doʻstumning bir necha oylik tanaffus ortidan, kecha - dushanba kuni yengil va ogʻir qurollar bilan qurollangan oʻnlab tan qoʻriqchilari hozirligida idorasiga - oʻz vazifasi ijrosiga qaytishi ortidan kuzatilmoqda.

Afgʻoniston prezident saroyidagi oʻz ism-sharifini ochiqlashni istamagan manbaning BBCga aytishicha, general Abdulrashid Doʻstumning poytaxt Kobul markazida shuncha sondagi harbiylari bilan hozir boʻlishi noqonuniy bir amal boʻlgan.

Oʻtgan tunda Afgʻoniston vitse-prezidentining uyi atrofiga safarbar etilgan xavfsizlik kuchlari xodimlari va tanklarning soni borasida esa, shu soatlarda aniq maʼlumotlar imkonli emas.

Ammo, ayon boʻlishicha, bu harbiylar Afgʻoniston Tezkor va Qurolli Kuchlari aʼzolaridan iborat.

Munosabat

Image copyright INOYATULLOH BABUR FARAHMAND

Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti general Abdulrashid Doʻstum devoni rahbari Inoyatulloh Farahmandning BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, bu kabi safarbarlik sababi va maqsadini bilish uchun orada kechgan vaqt davomida mamlakat Ichki ishlar vazirligi, Milliy Amniyat Kengashi va boshqa masʼul idoralardan rasmiy izoh olish urinishlari samara bermagan.

Inoyatulloh Farahmandning aytishicha, bu kabi harbiy safarbarlik ayning kimning buyrugʻi bilan amalga oshirilgani ham shu soatlarda oʻzlariga maʼlum emas.

Suhbatdoshimizga koʻra, bu xususda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afgʻonistondagi Koʻmak idorasi doxil qator xalqaro tashkilotlar va koʻplab elchixonalarga ham murojaat qilishgan.

Devoni rahbarining aytishicha, Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti bugun ishga chiqmagan, Shirpurdagi uyida va sababi nomaʼlum ekani bois, voqealarning bu kabi rivojiga hozircha biror bir munosabat ham bildirmagan.

Unga koʻra, kecha qonuniy tan qoʻriqchilari Afgʻoniston birinchi vitse-prezidentining xavfsizligini oddiy bir shaklda, har doimgisi kabi taʼminlashgan.

"Bu yoʻlda hech qanday bir na tank va na toʻp - hech narsa boʻlmagan. Faqat oddiy qoʻriqchilar... Bu qoʻriqchilar ham katta sonda boʻlmagan. Agar, katta sonda boʻlgan boʻlishsa, ular buni aytishlari kerak edi. Hech bir gaplashmasdan, oʻzlarining kimliklarini bildirmasdan, ismlarini aytishga jasorat qilmasdan, bu kabi shov-shuvlarni oʻrtaga tashlashlari toʻgʻri kelmaydi. Unday boʻlgan boʻlsa, Ichki ishlar vazirligi chiqib, aytsin...", - deydi general Abdulrashid Doʻstum devoni rahbari BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida.

Uning eng soʻnggida aytishicha, Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti bundan buyogʻiga ham "oʻz ishini odatiy ravishda davom etdiradi".

"General Abdulrashid Doʻstum bu vazifaga xalqning raʼyi bilan kelgan, uning oʻz vazifasi ijrosini davom etdirishi biror bir qonunga zid emas".

Tergov ishi

Image copyright Reuters

Oʻtgan yil oxirida siyosiy raqibi va Jazujon viloyati sobiq hokimi Ahmad Ishchi Afgʻoniston birinchi vitse-prezidentiga nisbatan jiddiy daʼvolar bilan chiqqan.

General Abdulrashid Doʻstumning buyrugʻi bilan oʻzining zoʻr bilan olib qochilganligi va nomaqbul munosabatda boʻlinganini iddao qilgan.

Afgʻoniston birinchi vitse-prezidentining shaxsan oʻzi va idorasi bu kabi ayblovlarni keskin rad qilgan va bularning barchasi "igʻvogarlik amali" ekanini bayon qilgan, Ahmad Ishchini ular emas, balki Afgʻoniston xavfsizlik kuchlari ushlaganliklarini aytgandi.

Afgʻoniston Prezidenti Muhammad Ashraf Gʻaniy Ahmad Ishchining daʼvolarini sinchkovlik bilan oʻrganishga vaʼda bergan, oʻtgan oy oxirida mamlakat Bosh prokuratura idorasi general Abdulrashid Doʻstum 9 nafar tan qoʻriqchisini hibsga olishga buyruq bergan.

Ularni uch bor soʻroq berish uchun oʻz huzurlariga chaqirgani, ammo soʻrovlari bejavob qolganini ham aytib chiqqandi.

Ammo, Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti devoni rahbari Inoyatulloh Farahmandning aytishicha, tan qoʻriqchilari bilan bogʻliq qonuniy jarayon davom etmoqda va agar bogʻliq boʻladigan boʻlsa, bu kabi harbiy safarbarlikka biror bir hojat boʻlmagan.

Suhbatdoshimiz, oʻz oʻrnida, bu kabi harbiy safarbarlik sababi va maqsadi oʻzlariga ayon boʻlganida, shunga muvofiq ish tutgan boʻlishlarini ham qoʻshimcha qiladi.

Unga koʻra, shu soatlarda harbiylar va tanklarning Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti uyi atrofida yana qanchagacha qolishi haqida ham oʻzlariga hech narsa maʼlum emas.

Tarixcha oʻrnida

Image copyright COURTESY

General Abdulrashid Doʻstum oʻtgan yil hisobidan uchinchisi boʻlgan yirik harbiy amaliyotlariga boshchilik qilish uchun oktyabr oyi boshida Afgʻoniston shimoliga joʻnab ketgan, Turkmanistonga bevosita chegaradosh Faryob va Tojikistonga qoʻshni Qunduz viloyatlarini jangarilardan tozalashga ahd qilgandi.

Ammo kutilmaganda harbiy karvoni pistirmaga duch kelarkan, yangi boshlagan amaliyotlaridan qariyb ikki haftacha oʻtib, general Abdulrashid Doʻstum Faryobdan Jauzjon markazi Shibirgʻondagi uyiga qaytib ketgan.

Toliblarning pistirmasi natijasida Afgʻoniston birinchi vitse-prezidentining yaralanganiga oid xabarlar olingan, ammo uning devoni bu kabi daʼvolarni keskin rad etib chiqqandi.

Buning ortidan, Shibirgʻonda ekan, general Abdulrashid Doʻstum Afgʻoniston prezidenti va ijroiy raisiga qarshi keskin tanqidlar bilan chiqqan.

Ikkovlonni millatchilik, prezident Muhammad Ashraf Gʻaniyni, bunga qoʻshimcha, qudratparastlikda ayblagan.

Xuddi ana shu omilga muvofiq, mamlakat xavfsizlik kuchlari oʻrtasida hamohanglik yoʻqligini aytib, mavjud holatni ham jiddiy tanqid ostiga olgan.

Tezda Loya Jirga chaqirilishi va qudratni mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq taqsimlanishini talab qilgandi.

Prezident Muhammad Ashraf Gʻaniy bunga javoban keskin bayonot bilan chiqqan, birinchi vitse-prezidentning bu kabi tanqidlari masʼul idoralar tomonidan tekshirilishi lozimligini aytgan.

Ammo buning ortidan ham general Abdulrashid Doʻstum oʻz mavqeida qatʼiy qolishini bayon qilgan, talablari markaziy hukumat tomonidan jiddiylik bilan inobatga olinmas ekan, poytaxt Kobulga qaytmasligi bilan ogohlantirgan.

Afgʻoniston prezidenti va birinchi vitse-prezidenti oʻrtasidagi bu kabi ziddiyat milliy birdamlik hukumati saflarida navbatdagi siyosiy boʻhronga zamina hozirlagan.

Afgʻonistondagi xavfsizlik bilan bogʻliq vaziyat jiddiy izdan chiqib borayotgan bir manzarada avvaliga mamlakat ijroiy raisi, buning ortidan, birinchi vitse-prezident bilan yuz bergan bu kabi holat xalqaro miqyosda ham yaxshigina xavotirlarga sabab boʻlmay qolmagan.

Mavjud muammoga Afgʻoniston siyosiy tajribasida birinchisi boʻlgan milliy birdamlik hukumatining tashkil topishiga vositachilik qilgan Amerika Qoʻshma Shtatlari jiddiy aralashishi lozim, degan daʼvatlar yangray boshlagan bir manzarada Shibirgʻondan prezident Gʻaniyning birinchi muoviniga sim qoqqaniga oid xabarlar olingan.

Bu xabarlardan janob Gʻaniy general Abdulrashid Doʻstumning noroziligini joiz va talablarini haqli, deb topgani anglashilgan.

Buning ortidan ham, tomonlar oʻrtasida telefon muloqotlari boʻlgani, prezident Gʻaniy tomonidan tayin etilgan maxsus hayʼat ishtirokida qator muloqotlar boʻlib oʻtganiga oid xabarlar olingan.

Ammo, shunda ham, prezident Gʻaniy tomonidan ularning ijrosi borasida aniq vaʼdalar yangramagani ham ayon boʻlgandi.

Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti orada norasmiy tashrif bilan Oʻzbekiston va Turkiyada ham boʻlib qaytgan.

Qariyb uch oydirki, Afgʻoniston shimolida qolgan Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti faqat yaqinda poytaxt Kobulga qaytgandi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring