Uygʻurlar mashinalariga kuzatish jihozi oʻrnatiladi

Inson huquqlari guruhlariga koʻra, Shinjonda onda-sonda yuz berib turadigan zoʻravonliklar Xitoy hukumatining uygʻur madaniyati va tili ustidan oʻrnatgan qattiq nazoratiga javobdir Image copyright AFP/Getty
Image caption Inson huquqlari guruhlariga koʻra, Shinjonda onda-sonda yuz berib turadigan zoʻravonliklar Xitoy hukumatining uygʻur madaniyati va tili ustidan oʻrnatgan qattiq nazoratiga javobdir

Xitoy hukumati terrorizmga qarshi kurashi doirasida aksar aholisi musulmon Shinjon uygʻur hududidagi barcha mashinalarga satellit kuzatish jihozini oʻrnatishni buyurdi.

Hukumat hududda oʻz taʼbirida islomiy jangarilar amalga oshirayotgan hujumlarga shu yoʻl bilan chek qoʻymoqchi.

Politsiya bayonotiga koʻra, mashinalar terrorchilar foydalanadigan eng asosiy naqliyot vositasidir.

Bayangul hududidagi haydovchilarga agar satellit kuzatish jihozini oʻrnatishmasa, ularga yoqilgʻi sotilmasligi aytilgan.

Inson huquqlari guruhlariga koʻra, Shinjonda onda-sonda yuz berib turadigan zoʻravonliklar Xitoy hukumatining uygʻur madaniyati va tili ustidan oʻrnatgan qattiq nazoratiga javobdir.

Rasmiy Pekin buni rad etadi.

Mashinalarni nazorat qilish dasturi Xitoyning oʻzida ishlab chiqilgan Beydu satellit kuzatuv tizimini qoʻllaydi.

Beydu tizimi AQShning GPS tizimining oʻrnini bosish uchun tadbiq etilgan.

Xitoy hukumatining Global Times gazetasi yozishicha, bu tizim orqali terrorchilar tomonidan oʻgʻirlangan mashinalarni topish osonlashadi.

Oʻtgan hafta pichoqlar bilan qurollangan uch hujumchi besh kishini oʻldirishi ortidan Shinjonda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Hujumchilar politsiya tomonidan otib oʻldirilgan.

Shanba kuni Shinjon poytaxti Urumchi koʻchalarida oʻtgan harbiy paradda yuzlab qurolli aksil-terrorchi askarlar yurib oʻtishdi.

Oʻtgan iyun oyida esa Shinjon politsiyasi pasport olishni istagan uygʻurlardan DNK va boshqa biologik koʻrsatkichlarini topshirishni talab qila boshlagan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring