"U sovetlardan qolgan tizimni ham oʻldirdi"

Abdulla Aripov Image copyright facebook

Oʻzbekistonning endi sobiqqa aylangan Sogʻliqni saqlash vaziri Adham Ikramov 21 fevral kuni mamlakat Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirokida vazirlikda oʻtgan yigʻilishda keskin tanqidga uchragan.

Vazirlikning yuqori mansabli xodimlaridan birining maʼlum qilishicha, asosan Adham Ikramov tanqidiga bagʻishlangan tadbirda sobiq vazirning oʻzi qatnashmagan.

Adham Ikramov vazirlikdan ketgan boʻlsa-da, Bosh vazir oʻrinbosari lavozimini saqlab qolgan, biroq endi u rahbarlik qiladigan kompleks tibbiyot uchun masʼul emas.

"Sohaning boshi chirigan"

Abdulla Aripov oʻz nutqida hududlardagi qishloq vrachlik punktlarining achinarli ahvolda ekani, "ularning na doʻxtiri, na qorovulini joyida topib boʻlmasligi"ni taʼkidlagan. Bosh vazirning aytishicha, "sohaning boshi chirigan - hamma balo shu yerda".

Aripovga koʻra, prezident Mirziyoyev Adham Ikromovga nafaqat vazirlik rutbasi, balki Bosh vazir oʻrinbosari maqomini ham bergan, lekin "Ikramov hech boʻlmasa Sovet davridan beri davom etib kelayotgan tizimni ham oʻldirdi".

"Vazirlik rahbarlariga biror nima desang, topib olgan gapi shu: falon reyting agentligiga koʻra, bizning tizim dunyoda 8-oʻrinda! Xoʻp, 8-oʻrinda ekan, nega unda yiliga 50 ming oʻzbekistonlik uyini, mashinasini sotib, xorijga davolangani ketyapti, degan haqli savol tugʻilmaydimi?", - degan Abdulla Aripov.

Abdulla Aripov Sogʻliqni saqlash vazirining vazifasi "10-15 ta kattakonning xotini yoki qiziga qarab, ularning ahvoli haqida egalariga axborot berishdan iborat emas"ligini eslatgan. "Bu yoqdagi 32 million aholiga kim qaraydi?", - deb savol qoʻygan Bosh vazir.

Shu oʻrinda Bosh vazir sogʻliqni saqlash tizimining aksariyat rahbarlari, mamlakatdagi markaziy shifo maskanlarining koʻplab boshliqlari oʻz salomatligini tiklash uchun Germaniyaga borishini ham kinoya bilan tilga olgan.

"Demak, bundan shunday xulosa qilish mumkinki, hatto oʻzimizning eng katta shifokorlarimiz, shu markazlarning rahbarlari ham respublika ixtisoslashgan markazlariga ishonmaydi", - degan janob Aripov.

Yangi vazir

Yangi Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanovning ishiga baho berish uchun biror muddat belgilanmagani aytilmoqda.

Abdulla Aripov uni tanishtirarkan, Alisher Shadmanov vazirlikning sobiq rahbari Ikramovdan farqli oʻlaroq "haqiqiy vrach" ekanini qayd etgan.

"Bu kishi tibbiyot sohasini Ikramovga oʻxshab bir klinikaning kompьyuter tomograf xonasiga oʻtirib olib oʻrganmagan. Haqiqiy davolovchi vrach", - degan Abdulla Aripov.

Bosh vazir "yana qator oʻzgarishlar boʻlishi"ni bildirgan. "Xalqning qonini ichib yotgan zuluklarni tagi bilan uloqtirib tashlaymiz", - Bosh vazir shunday vaʼda bergan.

Andijondagi voqea

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev viloyat tibbiyot muassasalari rahbarlarini tayinlash va lavozimidan ozod etish huquqini vazirlikdan olib, viloyat hokimlariga bergan.

Tibbiyot xodimlari bilan 7 fevral kuni boʻlgan prezidentning ikkinchi videoselektor uchrashuvida Shavkat Mirziyov shaxsan oʻzi Andijon davlat tibbiyot instituti rektorini viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasiga rahbar etib tayinlash kerakligi haqida koʻrsatma bergan.

"7 fevralga qadar hech vaqt kasal boʻlmagan rektor 7 fevraldan boshlab birdan kasal boʻlib qolgan. Lekin bizda hamma maʼlumot bor - oʻsha rektor oʻzini bemor sifatida roʻyxatdan oʻtkazib, rektorlik oʻrnini saqlab qolish uchun eshikma-eshik yurgan", - dedi Bosh vazir.

Vaziyatni hal qilish va prezident topshirigʻini bajarish uchun Andijon viloyati hokimi Adham Ikramovga murojaat qilgan, biroq sobiq vazir endi bu masala faqat viloyat rahbarlarining muammosi ekanini tushuntirgan.

Bir kun oʻtib Samarqand viloyati hokimi hudud Bosh shifokorini ishdan boʻshash haqidagi arizasini olganida, Adham Ikromov "nega uni ishdan oldingiz?", deb hokimga telefon qilgan.

Abdulla Aripov bu holatlarning barini "prezident topshirigʻini ham bajarmaslik darajasiga yetgan tartibsizlik", deb atagan.

Vazirlikdagi manbalarning taʼkidlashicha, Ikramovning vazirlikdan ketishiga ham eng asosan shu hodisa sabab boʻlgan. Andijonlik rektorga qanday chora koʻrilgani nomaʼlum.

Boshqa oʻzgarishlar

Yigʻilishda respublika Dermatologiya tibbiyot markazi va Qon quyish ilmiy-tekshirish institutining direktorlari ishdan olingani, Terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-tekshirish instituti direktori hamda Vrachlar malakasini oshirish institutining rektori oʻz arizasi bilan nafaqaga chiqarilgani aytilgan.

Ayni vaqtda, Abdulla Aripov Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari Abduhakim Hojiboyev Respublika tez tibbiy yordam ilmiy markazi Bosh direktorligidan ozod qilinganligini bildirarkan, bir vaqtning oʻzida bir necha joyda ishlash "tibbiyot tizimi rahbarlariga tekkan kasallik" ekanini qattiq tanqid qilgan.

Shu masalada fikr bildirayotganida ham Abdulla Aripov oʻz oʻrinbosari Ikramovni yana tilga olishdan tiyila olmagan.

"Ikramov kim oʻzi: sogʻliqni saqlash vazirimi, Bosh vazir oʻrinbosarimi yoki kafedra mudiri? Shuncha joyda ishlaydi, lekin hammasi chala. Endi hech bir Bosh vazir oʻrinbosari, hech bir vazir, hech bir vazir oʻrinbosari biror joyda dars berishi mumkin emas - yo dars bersin, yo rahbarligini qilsin", - dedi Aripov.

Majlisda Oʻzbekiston Bosh vaziri Sogʻliqni saqlash vazirining bir qator muovinlari, mamlakatdagi yirik markaziy davolash muassasalarining rahbarlariga "olti oyda sohani tartibga keltirish" boʻyicha topshiriq bergan

Topshiriq bajarilmasa, ular ham ishdan olinishi bildirilgan.

Tibbiyot - asosiy tanqid nishoni

Shavkat Mirziyoyev prezident etib saylanganidan soʻng tibbiyot Oʻzbekistonda eng koʻp tanqid ostiga olinayotgan sohalardan biri boʻlib turibdi.

Mirziyoyev hali muvaqqat prezidentlik vaqtidayoq, 2016 yilning 13 dekabrida Anvar Alimov oʻrniga Adham Ikramovni Sogʻliqni saqlash vaziri etib tayinlagan edi. Ikramov ikki yarim oy vazirlik qildi.

Shifoxonalardagi poraxoʻrlik, sifatsiz tibbiy xizmat, qishloq joylarda kadrlarning yetishmasligi, minglab odamlar davolanish uchun xorijga chiqishga majbur boʻlayotgani prezident darajasida qoralandi.

Prezident hozirgacha ikki marta - 5 yanvar va 7 fevral kunlari tibbiyot xodimlari bilan katta uchrashuvlar oʻtkazdi. Mart oyida yana bir shunday uchrashuv oʻtkazilishi kutilmoqda.

Hozircha boshqa hech bir soha vakillari bilan prezident bu qadar koʻp uchrashuvlar oʻtkazgani yoʻq.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring