Sogʻliqni saqlash vazirligi: Tizimmi yo tashxis?

Mirziyoyev Image copyright Official
Image caption Mirziyoyev sogʻliqni saqlash tizimini butunlay oʻzgartirish kerakligini aytgan

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat sogʻliqni saqlash tizimida boshlagan islohotlarning birinchi qurboni Sogʻliqni saqlash vazirining oʻzi boʻldi.

Adham Ikromov, garchi Bosh vazir oʻrinbosari lavozimida qoldirilgan esa-da, aftidan, Sogʻliqni saqlash vaziri lavozimiga noloyiq, deb topilgan.

Bir hafta avval u Mirziyoyevning topshirigʻiga binoan, bir necha yetakchi mutaxassislarni xorijdan Oʻzbekistonga qaytarishga rozi qilgani haqida hisobot bergandi.

Oʻzining soʻzlariga koʻra, xorijdagi oʻzbek mutaxassislariga Toshkentdagi yetakchi klinikalardagi eski oʻrinlariga qaytganlari taqdirda, uy-joy bilan taʼminlanishlari vaʼda qilingan.

Ikromovning vazir lavozimidan olinishiga nima sabab boʻlgani ochiqlanmayapti, ammo Prezident Mirziyoyevning oldingi chiqishlariga qaralsa, mamlakatda eng oqsayotgan soha ham, eng koʻp korruptsiyaga botgan soha ham sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidir.

Prezident eng katta poraxoʻrlar deb tugʻruqxonada suyunchi puli olayotgan shifokorlarni atagan.

Garchi oʻzbekistonliklarning eng koʻp pora olayotgan tizimlar haqidagi tasavvurlari Prezidentnikidan farq qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi koʻpchilik Prezidentni shifoxonalardagi poraxoʻrlikka barham berish kerakligi haqidagi soʻzlari uchun olqishlagan esa-da, eng katta poraxoʻrlik sogʻlik tizimida ekanini savol ostiga olgan.

Aksariyat oʻzbekistonliklar eng katta poraxoʻrlar huquq-tartibot idoralari va taʼlim muassasalarida, deb ishonishadi.

Ammo Mirziyoyev hali bu tizimlardagi poraxoʻrlikka qarshi kurash eʼlon qilganicha yoʻq.

Sogʻliqni saqlash tizimi rahbari oxirgi ikki oy ichida ikki marta oʻzgartirilgan boʻlsa, kuch tizimlarida, Ichki ishlar vazirligini hisobga olmaganda, eski rahbarlar (MXX, Bosh prokuratura, Soliq va Bojxona) hamon lavozimda qolmoqda.

Oʻzgarishlar hozirga qadar poraxoʻrlik avj olgan deb aytiladigan bank tizimi rahbariyatini ham chetlab oʻtayotir.

Kadrlar hamma narsaga qodirlarmi?

Oʻtgan hafta Toshkentdagi 39 ta shifoxonaning bosh vrachlari, jumladan, 9 ta tugʻruqxona bosh shifokorlari almashtirilgan.

Aftidan, Prezident kadrlar rotatsiyasi poraxoʻrlikka chek qoʻyadi va tizimdagi ahvolni yaxshilaydi, deb ishonadi.

Ammo sogʻliqni saqlash tizimidagi mutaxassislarning aytishlaricha, kadrlarni almashtirish muammoni hal qilmaydi.

Image copyright UzTV
Image caption Adham Ikromov avvalroq Prezident tomonidan ogohlantirilgandi

"Kadrlar hamma narsani hal qiladi, degan tamoyil boshqaruvda ish beradi. Ammo Oʻzbekistondagi sogʻlik tizimi muammosi, birinchi navbatda mutaxassislarning yetishmasligi va maoshlarning kamligidir. Yangi tayinlangan bosh shifokor oyliklar muammosini hal qilolmaydi, xatto vazir ham maoshlarni koʻtarishga qodir emas. Bu yerda gap umuman, Oʻzbekistonda qaror topgan maʼmuriy-buyruqbozlik tizimini oʻzgartirish haqida ketyapti. Busiz alohida olingan bir sohada oʻzgarish qilib boʻlmaydi", - deydi oʻzbekistonlik mutaxassislardan biri.

Uning soʻzlariga koʻra, Prezidentning qoʻl ostidagilardan natija talab qilishi qaytaga, sohadagi koʻzboʻyamachilikni kuchaytiradi, xolos.

Tahlilchilarga koʻra, Mirziyoyev sogʻliqni saqlash sohasida koʻtarayotgan muammolar barcha sohalar uchun simptomatik, bu - moliyalashning yetishmasligi, texnologiya va infratuzilmaning eskirgani, moliyaviy ragʻbatlantirishning yoʻqligi va maoshlarning kamligi.

Shu maʼnoda Mirziyoyev sogʻlik tizimini tanqid qilarkan, avvalo bir idora emas, balki butun tizimga tashxis qoʻymoqda.

Ammo bu tizimdagi illatlarni faqat yangi buyruqlar chiqarish yoki dori-darmonlar narxini sunʼiy pasaytirish va yo xorijga ketgan mutaxassislarni vatanga qaytganlarida majburan olib qolish yoʻli bilan davolash mumkinmi, degan savol ancha ritorik jaranglaydi.

Darvoqeʼ, dori-darmonlar haqida...

Prezident Mirziyoyevning qaroriga muvofiq, mamlakat dorixonalarida sotilayotgan dori-darmonlar va tibbiy buyumlar uchun yagona narx belgilandi.

Qarorga qoʻshimcha sifatida Sogʻliqni saqlash vaziriga yurt tashqarisida boʻlgan shifokorlarni qaytarish vazifasi topshirilgandi.

Maqsad - Prezident Mirziyoyev yurt tashqarisidan muolaja izlayotganini aytgan 40 ming bemorga yurt ichida xizmat koʻrsatish.

Buning uchun xorijiy klinikalarning Oʻzbekistondagi filiallarini ochish koʻzda tutilgan.

Qarorga avvaliga iliq munosabat bildirgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari qaror ijrosidan junbushga kelganlar.

Facebook dagi Potrebitel.uz, Maslahat.uz guruhlari vakillari kundalik isteʼmolda boʻlgan dorilarning 2 -3 barobarga qimmatlaganidan shikoyat qilishmoqda.

Guruh aʼzolaridan biri "Oyligimiz ham bunchalik tezlikda koʻtarilmayapti-ku" deya zaxarxanda qiladi.

Ayni paytda narxlardagi oʻzgarishni import shartlariga bogʻlab, sotuvchilarning yonini olayotganlar ham bor.

Yangi qonunga binoan, dorixonalar belgilanganidan qimmatroq narxda sotsa va buni isbotlovchi chek yoki narxlagichi boʻlmasa, muassasa faoliyati 3 yilgacha toʻxtatib qoʻyiladi.

Muassasalar taqdim qilgan reyestr manzil va xodimlar haqidagi maʼlumotlar uch yilgacha amal qilishi aytilgan.

Oʻz-oʻzini davolash

Bundan avval Prezident Mirziyoyev tibbiyot xodimlarining maoshlarining oshirilishi haqida farmon chiqargandi.

Farmonga muvofiq, oyliklar oʻrtacha 30-40% oshishi kutiladi.

Maqsad xorijga chiqib ketgan shifokorlarni vatanga qaytarishdir.

Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda oʻz fikrini bildirgan shifokorlardan biri "Chetdagi shifokorlarning eng avvalgi talabi shifokorlar uchun faoliyat erkinligini berish va meʼyoridan ortiq qogʻozbozlikdan ozod qilishdan iborat. Qogʻozbozlik Oʻzbekistonning barcha davlat organlarida, jumladan, sogʻliqni saqlash tizimining barcha jabhalarida kuzatiladi. Bu har qanday bemorni ham, shifokorni ham davolashdan avval toʻldirilayotgan qogʻozlar toʻgʻriligiga ahamiyat berishga majbur qiladi. Shunday ekan, tibbiy xizmatlar sifatini oshirishdan oldin, boshqarish tizimida sezilarli oʻzgarish qilish kerak", deb aytgan.

Oʻzbekistondagi dori-darmon bozori, Sogʻliqni saqlash vazirligi doxil, kichik bir guruh tomonidan nazorat qilinadi, degan fikr keng tarqalgan.

Avvalroq oʻtgan selektsiya yigʻilishida Mirziyoyev sogʻliq mulozimlarini qattiq koyigan va tizimdagi mavjud poraxoʻrlikdan xabardor ekanini aytgandi.

YouTube ijtimoiy tarmogʻida tarqalgan, yuqorida iqtibos qilib keltirilgan, videolavhada izoh qoldirganlarning biri "Poraxoʻrlikning barchasi avvalo oliy taʼlimda. "TashMi"niyam, "Sampi"niyam bitiriyotganlarning koʻpchiligi pora bilan oʻqiganlar boʻlgani uchun, xalq orasida shifokorlarga, ayniqsa, yosh avlod shifokorlariga ishonch deyarli yoʻq. Shuning uchun odamlar yo oʻzlarini oʻzlari davolashadi yo boʻlmasa tabiblarga borishadi", deb yozadi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring