General Doʻstum devoni hukumatdan izoh soʻramoqda

Inoyatulloh Farahmand Image copyright facebook

Qoʻshni Afgʻonistondan olingan soʻnggi xabarlarga koʻra, Arg mamlakat birinchi vitse-prezidentligi devonining soʻroviga halicha biror bir munosabat bildirmagan.

Prezident Muhammad Ashraf Gʻaniyning general Abdulrashid Doʻstumning oʻz idorasiga qaytmay turishiga oid buyrugʻi qandayin qonuniy asosga ega ekani savoliga oydinlik kiritmagan.

Dushanba kuni tunda Afgʻoniston birinchi vitse-prezidentining poytaxt Kobuldagi uyi atrofiga oʻnlab xavfsizlik va politsiya kuchlari xodimlari safarbar etilishganiga oid xabarlar olingan.

Uning hovlisiga eltuvchi aksariyat yoʻllarning toʻsib qoʻyilgani aytilgan.

Bundan tashqari, general Abdulrashid Doʻstumning oʻzi, devoni rahbari va ayrim yuqori martabali yordamchilarining uyi va idorasi yaqiniga tanklar joylashtirilgani ham maʼlum boʻlgandi.

Seshanba kuni mahalliy vaqt bilan asrga qadar bu kabi harbiy safarbarlik sababi va maqsadiga oid biror bir rasmiy xabarlar imkonli boʻlmagan.

Ammo, asrga borib, BBC bunga general Abdulrashid Doʻstumning idorasiga qaytmay turishiga oid Afgʻoniston Prezidenti Muhammad Ashraf Gʻaniyning buyrugʻiga boʻyinsunmagani sabab boʻlganiga oid maʼlumotlarni qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻlgandi.

Ayni xabar ortidan, BBC Oʻzbek Xizmati Kobuldan Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti devoni rahbari Inoyatulloh Farahmand bilan bogʻlangan.

"Agar, hozir, Arg masʼullaridan biri general Abdulrashid Doʻstumning idorasiga bormasligi uchun shunday bir harakat boʻldi, desa, bu - komilan noqonuniy bir amal. Va buning qaysi qonun asosida qilingani ochiqlanishi kerak. Agar, Ahmad Ishchining iddaosi sababidan, deb aytishsa, daʼvo yoki iddao oʻz isbotini topmasdan turib, hech bir qonun sen idorangga bormagin, deb hukm qila olmaydi. Buni qaysi haqqi bilan prezident yoki boshqa bir kishi ayta oladi?", - deya savol qoʻyarkan, suhbatdoshimiz, "Agar, aytsa, buning dalilini, qonunini - qaysi qonun asosida aytishini ochiqlasin, bizga ham, xalqqa ham bildirsin...", - deya bu kabi yangilikka oʻz munosabatini bildirgandi.

"Bu kabi yashirincha ish boʻlmaydi. Ertalab keltirib askar tashlashsa, oqshom olib ketsalar, sababini esa, hech kim bilmasa...Soʻngra oʻz ismini aytishdan bosh tortgan faloncha bunday deb aytdi, deb, bilmadim, dunyoning matbuotiga bersalar... Qaysi qonun asosida, qaysi usul asosida, qaysi mahkamaning hukmi asosida bular Afgʻoniston birinchi vitse-prezidentining oʻz idorasiga borishining oldini oladi?..", - deya savol qoʻygandi.

Image copyright Facebook

Oʻz uyining xavfsizlik kuchlari tomonidan oʻrab olinganiga oid xabarlar manzarasida seshanba kuni kechga yaqin Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti general Abdulrashid Doʻstumning oʻzi ham shaxsiy "Oina" televizion kanali orqali chiqish qilgan. Juda xotirjam alfozda koʻringan.

Agar, devoni rahbari Inoyatulloh Farahmandning soʻzlariga tayanilsa, bunga Kobul aholisining bu kabi gap-soʻzlardan tashvishga tushib, general Doʻstumning Shirpurdagi uyi atrofiga toʻplanishlari sabab boʻlgan.

Ayon boʻlishicha, Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti odamlarni bu kabi xabarlarni jiddiy olmaslikka chaqirgan.

"Agar, menga qarshi biror bir chora koʻrish niyatida boʻlishsa, prezident boʻladimi, matbuot voizi yoki xavfsizlik idoralari, menga aytishlari kerak edi. Tushunishimcha, qandaydir bir xabar asosida bu yerda tekshiruv ishlarini boshlashgan. (Chunki garnizon qoʻmondoni ham shunday deb aytgan edi - Inoyatulloh Farahmand). Bundan tashqari, hech bir rasmiy manba, hech bir rasmiy idora va hech bir rasmiy shaxs buning sababini bizga ochiqlagan emas", - deya aytgan.

Suhbatdoshimizga koʻra, mahalliy vaqt bilan seshanba kuni oqshomgacha ham na-da prezident saroyi va na-da Afgʻoniston Xavfsizlik Kengashi bu masalaga rasman oydinlik kiritgan. Na-da oʻzlari va na-da matbuot bundan xabar topgan.

Image copyright COURTESY

Ammo, Afgʻonistondan olingan soʻnggi xabarlar tafsilotlaridan maʼlum boʻlishicha, uning poytaxt Kobulda yuz mingdan ortiq hech kimga masʼul boʻlmagan qurollilar borligi, agar oʻz harbiylari va afgʻon qoʻshinlari orasida biror bir toʻqnashuv kelib chiqsa, shahardagi banklar va bozorlarning talon-taroj qilinishi mumkinligiga oid soʻzlari koʻplab odamlarni xavotirga solgan.

Afgʻoniston prezident saroyi hozircha general Abdulrashid Doʻstumning soʻnggi bu soʻzlari va soʻnggi televizion chiqishiga rasman biror bir munosabat bildirmagan.

BBC manbalariga koʻra esa, general Abdulrashid Doʻstumning siyosiy raqibi, Jauzjon viloyati sobiq hokimi Ahmad Ishchiga nisbatan nomaqbul munosabatda boʻlganliklari iddao qilinayotgan tan qoʻriqchilarini masʼullar qoʻliga topshirishga undash uchun uning uyi atrofiga yuzlab harbiylar safarbar etilgan boʻlishgan.

Ammo general Doʻstum "Milliy Islomiy Uygʻonish" partiyasi matbuot voizi Bashir Ahmad Tayanchning BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, "bu kabi ayblovlarni iddao, deb bilishgani bois, bunday qilishni joiz, deb bilishmaydi".

Poytaxt Kobuldagi muxbirimiz Fazl Ahmad Yolgʻuzning aytishicha, Afgʻoniston birinchi vitse-prezidentning Shirpurdagi uyiga eltuvchi ayrim yoʻllar hanuz yopiqligicha qolmoqda.

Bugun - chorshanba kuni ham oz sonda esa-da, tevarak-atrofda harbiylar va tanklar ham hozir.

Afgʻoniston birinchi vitse-prezidentining oʻzi esa, bugun ham ishga chiqmagan va hozir oʻz uyida.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring