AI: "Oʻzbekistonda hukumat oʻzgardi, vaziyat oʻsha-oʻsha"

Xalqaro inson haqlarini saqlash tashkiloti Image copyright BBC WORLD SERVICE

"Amnesty International" inson huquqlari tashkilotiga koʻra, Oʻzbekistonda hukumat almashgan boʻlsa-da, qiynoqlar va shafqatsiz munosabatlar borasidagi murojaatlarni keskin rad etishda davom etgan.

Tashkilot tomonidan chop etilgan yillik hisobotda aytilishicha, boshqa inson huquqlari sohasida ham vaziyat deyarli oʻzgarmagan.

"Oʻzbekiston hukumati huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan amalga oshirilgan qiynoqlar va shafqatsiz munosabatlar haqidagi xabarlarni keskin rad etishda davom etdi. 2016 yilning oktyabr oyida Inson huquqlari milliy markazi direktori qiynoqlar borasidagi taʼkidlar qalbakilashtirilgan dalillarga asoslanganligini va "Oʻzbekistonga bosim oʻtkazish maqsadida ommani chalgʻitishga xizmat" qilishini bildirdi", - deyiladi hisobotda.

Tashkilot hisobotida qiynoqlar qoʻllanishda hamon davom etayotganiga Paxtakor tumanidan tadbirkor Aramais Avakyanning ishini misol sifatida keltiradi.

2016 yilning fevral oyida Jizzax viloyat mahkamasi baliq xoʻjaligi egasi Aramais Avakyan va uning 4 hamroxini Oʻzbekistoni Respublikasi Konstitutitsion tuzumiga tajovuz qilishda qilishda va ularni "ekstremistik tashkilotda" ishtirok etishda ayblab besh yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilgan edi.

Avakyan oʻziga qoʻyilgan ayblarni rad etgan va SNB xodimlari uni oʻgʻirlab bir oy tashqi dunyodan uzgan holda saqlagani hamda qiynoq qoʻllash orqali aybiga iqror qilishganini aytgan.

"Majburan qaytarilganlar"

Oʻzbekiston hukumatining maʼlum qilishicha, 2015 yilning yanvar oyidan 2016 yilning iyul oyigacha jinoyatda gumon qilingan 542 fuqaro chetdan Oʻzbekistonga qaytarib olib kelingan.

"Amnesty International" ning yozishicha, Oʻzbekiston hukumati fuqarolarini yuborayotgan davlatlarga mustaqil kuzatuvchilar va diplomatlar ular bilan erkin va holi ravishda uchrashishiga kafolat bergan. Biroq mahbuslar bilan uchrashuv tashkil qilish juda qiyin boʻlgan. Berib yuborilganlar bilan uchrashishi uchun diplomatlar gohida bir yilgacha vaqt sarflagan va ushbu uchrashuvlar rasmiy vakil ishtirokida oʻtgan. Bu esa vaʼda berilgan holi ravishdagi uchrashuv shartlariga ters keladi.

Hisobotda aytilishicha, MXX xodimlari xorijdagi oʻzbek fuqarolarini sirli ravishda oʻgʻirlab Oʻzbekistonga qaytarishda davom etishgan. Rossiyada hukumati Oʻzbekiston soʻragan shaxslarning ekstraditsiyasini kamdan-kam hollarda rad etgan hollarda, SNBga ularni oʻgʻirlab Oʻzbekistonga yuborishda mahalliy maxsus xizmatlar yordam bergan.

Oʻgʻirlab yoki majburan ortga qaytarilgan odamlar tashqi dunyodan uzilgan holda saqlangan. Ularni iqror qildirish yoki boshqa shaxslarga nisbatan koʻrsatma olish maqsadida qiynoqlarga tutishgan.

Koʻp hollarda xalqaro tashkilotlardan yordam soʻramasligi va inson huquqlari buzilishidan shikoyat qilmasligi uchun bu odamlarning yaqinlariga bosimlar oʻtkazilgan.

Mahalla fuqarolar yigʻinlari esa, oldingidek maxsus xizmatlar bilan hamkorlik qilishda va mahalladagi hukumat yoqtirmaydigan shaxslarni kuzatishda davom etgan.

Ayrim hollarda ayblanganlarning yaqinlari shikoyat qilishda davom etgan vaqtda ularni mahalladan quvib chiqarish tahdidlari boʻlgan.

Hisobotda Oʻzbekiston dalalarida majburiy mehnat hamon tugamaganligi aytilgan. 2016 yil eʼlon qilingan qullik boʻyicha Global indeksga koʻra, Oʻzbekiston quldorlikning zamonaviy koʻrishinishi qoʻllashda dunyoda ikkinchi davlat, deya topilgan.

Majburiy mehnat haqida xabar toʻplashga va berishga harakat qilgan odamlarni maxsus xizmatlar taʼqibga olgan va qiynoqlarga tutgan.

Qarorgohi Londonda joylashgan "Amnesty International" inson huquqlari tashkiloti har yili dunyodagi inson huquqlariga oid vaziyatni oʻrganib hisobot chiqaradi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring