Muhammad Bekjon ozodlikka chiqdi

Muhammad Bekjon ozodlikka chiqdi Image copyright Social media
Image caption Muhammad Bekjon ozodlikka chiqdi

18 yildan beri Oʻzbekiston qamoqxonalarida saqlanayotgan jurnalist Muhammad Bekjon ozodlikka chiqdi. Bu haqda jurnalistning ukasi Maqsud Bekjon xabar qilgan. 1999 yilgi Toshkent portlashlarida ayblanib 14 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Muhammad Bekjon jazo muddatini oʻtagan boʻlsada turli sabablar bilan muddati uzaytirib kelinayotgan edi.

63 yashar jurnalistning qizi Oygul Bekjon otasi 2016 yilning 15 dekabrida jazo izolyatoriga tashlanganini va uning jazo muddati yana uzaytirilishi mumkinligidan xavotir bildirgandi.

Jahondagi tutqinlikda eng uzoq saqlangan jurnalist

Parijdagi "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotiga koʻra, 62 yoshli Muhammad Bekjon dunyodagi eng uzoq muddat qamoqda qolayotgan jurnalist hisoblanadi.

U muxolifatdagi "Erk" demokratik partiyasi rahbari Muhammad Solihning ukasi va "Erk" roʻznomasining sobiq bosh muharriridir.

Oʻzbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov vafotidan soʻng hukumat tepasiga Shavkat Mirziyoyevning kelishi jamoatchilikda siyosiy ayblovlar bilan qamalgan mahkumlar nisbatan oʻzgacha munosabat boʻlishi kutilayotgan edi.

AQSh elchixonasi 2016 yilning 3 oktyabr kuni Muhammad Bekjonning tugʻilgan kuni bilan tabriklagan va uni "shubhali ayblovlar bilan qamoqqa tashlanganini" bildirgandi.

Jurnalistlarning xalqaro tashkiloti ushbu roʻznoma ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muammolarni yoritgan mustaqil Oʻzbekistondagi ilk nashrlardan biri boʻlganini qayd etgan.

1999 yilgi Toshkent portlashlaridan Oʻzbek rejimi oʻz tanqidchilari ovozini oʻchirish maqsadida foydalandi va qiynoqlar ostida Muhammad Bekjon terrorizmga aloqadorligini tan olishga majbur boʻldi, deyiladi "Chegara bilmas muxbirlar" bayonotida.

Muhammad Bekjon va yana bir oʻzbekistonlik jurnalist Yusuf Roʻzimurodov 1999 yil Toshkent portlashlaridan keyin Ukrainada qoʻlga olinib, Oʻzbek hukumati talabi bilan vataniga ekstraditsiya qilingan.

Olti oy oʻtgach, ularga taqiqlangan gazeta va materiallar chop etish va tarqatish, taqiqlangan siyosiy namoyishlarda qatnashish hamda hukumatni agʻdarishga urinish kabi ayblovlar qoʻyilgan.

Mahkama jarayonida Bekjonov va Roʻzimurodov oʻzlariga qoʻyilgan ayblarni rad etib, qiynoqqa solinganlarini aytishgan.

Mahkama Muhammad Bekjonni 15 yilga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqargan, 2003 yilda uning jazo muddati 3 yil 8 oyga qisqartirilgan edi.

2012 yil yanvarda jazo muddati nihoyasiga yetishidan oldin Oʻzbek mahkamasi Bekjonovni qamoqxona tartibini buzganlikda ayblab, uning jazo muddatini yana besh yilga choʻzgan.

Shu yil mart oyida Navoiydagi qamoqxonada turmush oʻrtogʻini borib koʻrgan Muhammad Bekjonning ayoli Nina Bekjonova uning salomatligi juda yomonlashganiga guvoh boʻlgan.

Oʻshanda Nina Bekjonovaning aytishicha, turmush oʻrtogʻi sil kasalligidan azob chekmoqda, grijasini olib tashlash uchun jarrohlik amaliyoti zarur.

Muhammad Bekjon muxolifatdagi "Erk" partiyasining rahbari, Oʻzbekiston Xalq Harakatining yetakchisi Muhammad Solihning ukasidir.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring