"Tohir Yoʻldoshning oʻgʻli Darzobga kelgan"

Tohir Yoʻldosh
Image caption Tohir Yoʻldosh

Bunday bayonot bilan qoʻshni Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti general Abdulrashid Doʻstum chiqqan.

General Doʻstum seshanba kungi televizion chiqishida Oʻzbekiston Islomiy harakati marhum rahbarining oʻgʻli Afgʻonistonning Turkmanistonga bevosita chegaradosh shimoliy Jauzjon viloyatining bu tumaniga oʻtganini aytgan.

Afgʻoniston birinchi vitse-prezidentining soʻzlaridan maʼlum boʻlishicha, marhum Tohir Yoʻldoshning oʻgʻliga oilasi bilan birga boʻlgan qator jangarilar ham hamkorlik qilishgan.

Ammo general Doʻstum na-da ularning qachon, qanday maqsad bilan Darzobga kelishgani va na-da Oʻzbekiston Islomiy harakati marhum hamasoschisi oʻgʻlining maqomi, yoshi, ism-sharifiga toʻxtalgan.

Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti bu kabi holat IShID jangarilariga qarshi kurash masalasiga jiddiy eʼtibor qaratish lozimligini anglatishini aytish bilan kifoyalangan, xolos.

Ammo

Marhum Tohir Yoʻldosh oʻgʻlining Afgʻoniston shimolida ekaniga oid xabarlar matbuotda bundan bir necha hafta burun paydo boʻlgan.

Xabarlarda uning IShID guruhi nomi ostida Jauzjonga bevosita chegaradosh Afgʻonistonning boshqa bir shimoliy viloyati - Saripulning Sayyod tumaniga kelib joylashib olgani va afgʻon hukumatiga qarshi jang boshlayotgani haqida aytilgan.

Saripullik masʼullar, oʻz taʼbirlarida, Oʻzbekiston Islomiy harakati marhum rahbarining oʻgʻli Saripul va Jauzjon viloyati oʻrtasidagi mintaqalarda katta moliyaviy imkoniyat bilan faoliyat boshlaganidan jiddiy tashvishlarini izhor etishgan.

Saripul viloyat hokimi matbuot voizi Zabiulloh Omoniyning BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, Tohir Yoʻldoshning oʻgʻli oʻzbekistonlik bir qancha oila bilan birga bundan uch oycha burun Sayyod tumanining Shotut mintaqasiga kelib joylashib olgan.

Unga koʻra, bunga oʻzlariga imkonli boʻlgan josuslik maʼlumotlari dalolat qilgan.

"Bu jangarilar IShID guruhi faoliyatini kengaytirishga urinib, mahalliy aholi orasidan oʻzlariga yangi aʼzolar yollashga harakat qilishmoqda va biz bundan tashvishdamiz", - deb aytgan matbuot voizi.

Suhbatdoshimizga koʻra, bundan avval Afgʻoniston Tolibon harakati saflarida jang qilgan jangarilar hozir IShID guruhi bayrogʻi ostida jang qilishmoqda.

Xavotirlar

Xuddi shu manzarada Saripulga qoʻshni Jauzjon viloyati masʼullari ham chekka mintaqalarda IShID guruhi faoliyati kuchayib borayotganidan oʻz xavotirlarini izhor etishgan.

Jauzjon viloyati hokimi matbuot voizi Muhammad Rizo Gʻafuriy BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, IShID guruhi aʼzolari viloyatning chegara tumanlarida, hatto, mahalliy aholi ustidan mahkama oʻtkazishgacha borishmoqda. Masjidlardan birini oʻz zindonlariga ham aylantirishga ulgurishgan.

Xuddi shu manzarada har ikki viloyat masʼullari markaziy hukumatdan mavjud vaziyatga jadallik bilan eʼtibor qaratish, IShID guruhi faoliyatining oldini olish va ularni yoʻq qilishni ham soʻrashgan.

Ular, aks-holda, Afgʻonistonning shimoliy mintaqalari Tolibon oʻrniga IShID guruhining faoliyati kengayishi mumkinligi bilan ogohlantirishgandi.

Bu kabi xabarlar mahalliy aholining jiddiy tashvishlariga ham sabab boʻlmay qolmagan.

Ulardan ayrimlari BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida IShID ga aloqador ayrim guruhlarning tumanga kelib joylashib olishgani, odamlardan ushur va zakot olishayotganini aytishgandi.

Ammo bu ikki viloyat masʼullari ham marhum Tohir Yoʻldosh oʻgʻlining IShID saflarida qanday maqomda ekani, jangarilarining soni va ularning aynan qay bir davlat fuqarolaridan iborat ekanliklari doxil unga oid biror bir shaxsiy maʼlumotni ochiqlashmagandi.

Tohir Yoʻldosh va oʻgʻli

Image copyright COURTESY

Oʻgʻlining IShID guruhi nomi ostida Afgʻonistonning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh shimoliy viloyatlarida faollashish harakatida ekaniga oid xabarlar otasi - Tohir Yoʻldosh oʻlimidan qariyb oʻn yilcha oʻtib oʻrtaga chiqmoqda.

Oʻzbekiston Islomiy harakatining hamasoschisi va dastlabki yetakchisi 2009 yilning avgust oyida Afgʻonistonga bevosita qoʻshni Pokiston shimoli-gʻarbida amerikaliklarning dron hujumlarida oʻldirilgan.

Tohir Yoʻldoshning oʻrniga harakat rahbari etib kuyovi Usmon Odil tayinlangani xabar berilgan, ammo oradan uch yil oʻtib, uning ham xuddi shu tariqa oʻlim topgani maʼlum boʻlgandi.

Oʻshandan buyon Oʻzbekiston Islomiy harakatiga Usmon Gʻoziy ismli shaxsning yetakchilik qilib kelayotgani aytilgan esa-da, uning marhum Tohir Yoʻldoshga biror bir aloqasi bor-yoʻqligi maʼlum emas.

Xuddi shuningdek, Oʻzbekiston Islomi harakati marhum rahbarining oilasi va Tohir Yoʻldosh oʻlimi ortidan, ularning keyingi taqdiri nima boʻlganiga oid ishonchli maʼlumotlar ham shu kungacha imkonli emas.

Oʻzbekiston Islomiy harakatining ayrim tahlilchilarga koʻra, asosiy guruhi esa, 2015 yilning avgust oyida anʼanaviy ittifoqchilaridan biri boʻlgan Afgʻoniston Tolibon harakatidan yuz oʻgirib, rasman toʻligʻicha Yaqin Sharqdagi IShID guruhi va ularning islomiy xalifati xalifiga bayʼat keltirgandi.

Ammo...

Image copyright COURTESY

Oʻtgan yil iyun oyida Oʻzbekiston Islomiy harakati saflaridan IShID dan mustaqil yangi guruh alohida ajralib chiqqani maʼlum boʻlgan.

Bu haqda "The Long War Journal" internet nashri xabar tarqatgan.

Nashrning yozishicha, yangi paydo boʻlgan guruh allaqachon oʻzining "al-Qoida" tarmogʻi, Tolibon harakati va yillarki, mintaqada faoliyat yuritib kelgan boshqa jihodiy guruhlarga moyil ekaniga ishora qilgan.

Harakat 2000-yillar boshlarida Afgʻonistonda faol boʻlgan "al-Qoida" tarmogʻining ham yaqin ittifoqchisi sifatida koʻrilgan.

AQSh boshchiligidagi ittifoq qoʻshinlarining 2001 yilgi harbiy amaliyotlari ortidan Afgʻonistondan qochib, Pokistondan panoh topgan.

Yaqin Sharqdagi IShID guruhi va uning xalifi Abu Bakr al-Bagʻdodiyga bayʼat keltirishidan qisqa vaqt oʻtmay esa, Oʻzbekiston Islomiy harakati yana toʻligʻicha Afgʻonistonga qaytganliklarini rasman bayon qilgandi.

Guruhning ingliz va arab tillarida bitilgan bayonoti tafsilotlariga tayanilsa, harakat saflaridagi parchalanish lideri Usmon Gʻoziyning aynan IShIDga bayʼat keltirish qarori ortidan, 2015 yilda yuz bergan.

IShIDga bayʼat keltirib, uning Afgʻonistondagi Xuroson qanotiga qoʻshilishidan soʻng Oʻzbekiston Islomiy harakati Afgʻonistonning, ayniqsa, janubiy Zobul va sharqiy Gʻazniy viloyatlarida anchayin faol boʻlgan.

Harakat shov-shuvli odam oʻgʻirlash hollariga qoʻl urgan, ulardan birining boshini tanasidan juda etgani aks etgan videolavhasini oshkor qilishi ortidan, shundoqqina Markaziy Osiyoning biqinidagi Afgʻonistonga Yaqin Sharqdagi IShID guruhining shafqatsiz jang olib borish usullari kirib kelayotganiga oid jiddiy xavotirlarga ham asos bergandi.

Usmon Gʻoziy?..

Image copyright COURTESY

Buning ortidan, afgʻon hukumati ularga qarshi keng koʻlamli qator harbiy amaliyotlarga qoʻl urgan, orada Oʻzbekiston Islomiy harakati va Tolibon oʻrtasida qaqshatqich janglar kechganiga oid xabarlar ham olingan.

"The Long War Journal"ning yozishicha, liderining mintaqadagi anʼanaviy ittifoqchilaridan voz kechish qarori uning tarafdorlari uchun halokatli boʻlgan.

Oʻshandan buyon harakat rahbari Usmon Gʻoziyning taqdiri ham noayonligicha qolmoqda.

Ammo, "The Long War Journal"ning yozishicha, bu guruh oʻzining yangi lideri nomini oshkor qilmagan.

Nashr nazdida bunga xavfsizlik bilan bogʻliq omillar sabab boʻlgan boʻlishi mumkin.

Yangi Oʻzbekiston Islomiy harakatining oʻzi esa, bayonotining yakunida bundan avvalgi ikki amirlari: Tohir Yoʻldoshev va Usmon Odil "salbchi raqiblarining uchuvchisiz uchogʻi tomonidan xiyonatkorona hujumga tutilib", oʻldirilganini aytgan.

Soʻnggi oylarda olinayotgan xabarlardan esa, Oʻzbekiston Islomiy Harakati aʼzolarining Afgʻoniston shimolidan tortib, janubiga qadar faollashishga muvaffaq boʻlishayotgani aytiladi.

Afgʻonistonlik masʼullar oʻtgan yil oʻrtalarida birgina Zobul va Gʻazniydagi Oʻzbekiston Islomiy Harakati aʼzolari boʻlgan aksariyati markaziy osiyolik jangarilar oilalar sonining oʻzi olti yuzlar atrofida ekanini taxmin etishgandi.

Masʼullarga koʻra, bu jangarilarning ayollari ham jang olib borish sanʼatini puxta egallashgan, bundan tashqari, ular turli portlovchi moddalar yasash, josuslik maʼlumotlari yigʻish va mahalliy aholini urushga targʻib etish bilan ham shugʻullanishadi.

Pokiston Qurolli kuchlarining Afgʻoniston bilan bevosita chegaradosh Shimoliy Vaziriston mintaqasida oʻtgan yil yozidan buyon olib borayotgan keng koʻlamli harbiy amaliyotlari ortidan, harakat aʼzolarining bugungi soni maʼlum emas.

Ammo afgʻonistonlik masʼullarning soʻnggi oylardagi chiqishlaridan ular jangarilarining soni yuzlab ekani anglashiladi.

Oʻzbekiston Islomiy harakati va IShID

Image copyright COURTESY

Oʻzbekiston Islomiy Harakati dastlab Oʻzbekistondagi mavjud tuzumni agʻdarib, oʻrniga islomiy xalifat barpo etish niyati bilan dunyoga kelgan.

Ikki yilcha burun markaziy osiyolik katta sondagi xorijiy jangarilar Tolibon saflarida Afgʻonistonning Tojikistonga bevosita qoʻshni shimoliy-sharqiy Qunduz viloyatida ilk bor keng koʻlamli hujumlarga qoʻl urishgan, bundan tashqari, ularning toliblarni yanada yirik va zamonaviy urushlarga tayyorlashayotgani ham maʼlum boʻlgandi.

Afgʻonistonlik masʼullar esa, aksariyati markaziy osiyolik boʻlgan bu xorijiy jangarilarni oʻshanda IShID guruhi aʼzolariga nisbat berishgandi.

Xalqaro harbiy tahlilchilarga koʻra, birgina Qunduzning misoli Oʻzbekiston Islomiy Harakati va Afgʻonistondagi unga aloqador guruhlarning qanchalik jiddiy tahdidga aylanishlari mumkinligini amalda koʻrsatib qoʻygan.

Afgʻonistonning qator shimoliy viloyatlarida IShID guruhining faollashish harakatida ekaniga oid xabarlar mamlakat birinchi vitse-prezidenti general Abdulrashid Doʻstumning shu xususdagi jiddiy ogohlantirishidan bor-yoʻgʻi sanoqli oylar oʻtib oʻrtaga chiqqan.

Jangarilarga qarshi keng koʻlamli harbiy amaliyotlarga shaxsan boshchilik qilish uchun Afgʻoniston shimolida ekan, general Doʻstum Yaqin Sharqdagi IShID guruhi Markaziy Osiyo davlatlarini koʻzlab, mintaqaga oʻn mingga yaqin jangarisini sizdirish niyatida ekanini aytgandi.

Afgʻoniston birinchi vitse-prezidentining ayni shu ogohligi manzarasida aynan shimoliy Jauzjon viloyatida IShID guruhi aʼzolari bir necha kunning oʻzida oʻnga yaqin odamni oʻldirishgan.

Katta sondagi Gʻarb boshchiligidagi ittifoq qoʻshinlarining ommaviy safarbarliklari ortidan kechgan ikki yil vaqt davomida bu mintaqalarda vaziyat jiddiy izdan chiqqani, bu yerlarga IShID jangarilari ham sizib kirish harakatida ekanliklari aytilsa-da, ularning buncha sondagi tinch fuqaroning umriga zomin boʻlganliklari shu paytgacha kuzatilmagan.

Ammo, boshqa tomondan, Jauzjon masʼullarining ayni mazmundagi bayonotlariga IShID jangarilari orada kechgan vaqt davomida biror bir munosabat bildirishmagan. Darzobdagi qotilliklarga rasman masʼuliyatni oʻz zimmalariga ham olib chiqishmagandi.

Darzob va IShID

Image copyright COURTESY

Agar, viloyat masʼullarining hisob-kitoblariga tayanilsa, Jauzjondagi IShID jangarilarining soni 70 ga yetadi.

Bu jangarilar Oʻzbekiston Islomiy harakati aʼzolaridan tashqari, sobiq toliblardan ham iborat.

Taʼkidlash joiz, aynan Darzob Jauzjonning, yillarki, Tolibon faol va eng beqaror ikkita tumanidan bittasi boʻlib kelgan.

Tuman soʻnggi yillarda shaxsan Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti general Abdulrashid Doʻstum boshchiligi ostidagi ustma-ust harbiy amaliyotlarga ham sahna boʻlgan.

Mahalliy kuzatuvchilarga koʻra, viloyat markazi Shibirgʻonga yaqin va Afgʻonistonning boshqa yana ikki shimoliy viloyati - Faryob va Saripulga yoʻl ochgani bois ham, jangarilar, yillarki, Darzobga koʻz tikib kelishgan.

Ammo, rasmiy xabarlardan ayon boʻlishicha, Darzobdagi IShID jangarilariga asli darzoblik, yoshi 30 lardan oshgan, oʻz vaqtida Tolibon saflarida jang qilgan Qori Hikmat ismli shaxs boshchilik qiladi.

Darzob Jauzjon viloyatining asosan oʻzbeklar istiqomat qiluvchi tumanlaridan biri boʻladi. Tuman aholisining soni esa, 20 mingdan ortadi.

Bu tuman, oʻz navbatida, viloyatning Turkmanistonga bevosita chegaradosh va eng beqaror ikkita tumanidan bittasi Qoʻsh Tepaning shundoqqina biqinida joylashgan.

Afgʻonistonning shimoliy Jauzjon viloyati esa, aynan general Abdulrashid Doʻstumning ona viloyati boʻladi.

Agar, Afgʻoniston Mudofaa vazirligi eʼlon qilgan eng soʻnggi rasmiy maʼlumotlarga tayanilsa, oʻtgan yilgi harbiy amaliyotlar chogʻida IShID guruhining 2000 ga yaqin jangarisi oʻldirilgan.

Vazirlikning rasman bildirishicha, ularning orasida Oʻzbekiston, Tojikiston, Checheniston va Xitoy fuqarolari ham boʻlishgan.

Eng soʻnggida alohida taʼkidlash joiz, Afgʻoniston markaziy hukumati soʻnggi yillarda IShID guruhi ogʻir zarba koʻrganini aytsa-da, poytaxt Kobul va mamlakatning qator viloyatlarida yaqinda uyushtirilgan qonli hujumlarga masʼuliyatni ayni shu guruh oʻz zimmasiga olib chiqqan.

Afgʻoniston shimolida mahalliy yoshlarni oʻz saflariga yollash ishlarini kuchaytirgan.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring