General Doʻstum tan qoʻriqchilarini topshirdi

General Doʻstum Image copyright COURTESY

Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti idorasining bildirishicha, general Abdulrashid Doʻstum siyosiy muxolifi va Jauzjon viloyati sobiq hokimi iddaolari bilan bogʻliq tergov jarayoniga koʻngilli ravishda hamkorlik qilishmoqchi.

Poytaxt Kobuldan olingan xabarlarga koʻra, general Abdulrashid Doʻstum oʻz xavfsizlik xizmati boshligʻi general Sattor doxil yetti nafar tan qoʻriqchisini masʼullar qoʻliga topshirgan.

Afgʻoniston Ichki ishlar vazirligi matbuot voizining bildirishicha, yettovlon kecha - chorshanba kuni mamlakat Bosh prokuratura idorasi qarshisida hozir boʻlishgan.

Siddiq Siddiqiyga koʻra, ularning ustidan rasman tergov jarayoni ham boshlangan.

Afgʻoniston birinchi vitse-prezidentining jaʼmi toʻqqiz nafar tan qoʻriqchisi Ahmad Ishchini zoʻr bilan olib qochish va unga nisbatan nomaqbul munosabatda boʻlishda ayblanishmoqda.

Voqealarning soʻnggi rivoji dushanba kuni tunda Abdulrashid Doʻstumning poytaxt Kobuldagi uyi atrofiga yuzlab xavfsizlik kuchlari va tanklar joylashtirilishi, hovlisiga eltuvchi aksariyat yoʻllar toʻsib qoʻyilishi ortidan kuzatilmoqda.

Seshanba kuni mahalliy vaqt bilan shomga qadar bu harbiylar aksariyati hududni tark etishgani, ikkitasidan tashqari qolgan yoʻllarning barchasi ochilgani aytilgan esa-da, kecha-chorshanba kuni ham Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti uyi atrofida oz sondagi xavfsizlik kuchlari va tanklar koʻzga tashlanishiga oid xabarlar olingandi.

General Abdulrashid Doʻstum soʻnggi qarorining bu kabi harbiy safarbarlikka biror bir aloqasi bor-yoʻqligi maʼlum emas.

"Qurshov"

Dushanba tunidan boshlab, mahalliy vaqt bilan chorshanba kuni asrga qadar Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti uyining nega qurshab olingani sababi va undan koʻzlangan maqsad borasida biror bir rasmiy izoh berilmagan.

Orada kechgan vaqt davomida BBCning Argdagi manbalari bergan maʼlumotlar ham bir necha bor oʻzgargan.

Dastlab bu kabi harbiy safarbarlik sababi Afgʻoniston birinchi vitse-prezidentining bir necha oylik tanaffus ortidan oʻz idorasiga katta sondagi qurollangan tan qoʻriqchilari bilan qaytgani bilan izohlangan.

Keyin buning omili qilib general Abdulrashid Doʻstumning prezident Muhammad Ashraf Gʻaniyning idorasiga qaytmay turishiga oid buyrugʻiga boʻyinsunmagani keltirilgan.

Faqat chorshanba kuniga kelib, BBCning Argdagi manbalari general Doʻstumning Ahmad Ishchiga nisbatan nomaqbul munosabatda boʻlganliklari iddao qilinayotgan tan qoʻriqchilarini masʼullar qoʻliga topshirishga undash uchun uning uyi atrofiga yuzlab harbiylar va tanklar safarbar etilganini aytishgandi.

Ammo, taʼkidlash joiz, seshanba kuni mahalliy vaqt bilan kechga yaqin shaxsiy "Oina" televizion kanali orqali chiqish qilgan Afgʻoniston birinchi vitse-prezidentining oʻzi ham "hech bir rasmiy manba, hech bir rasmiy idora va hech bir rasmiy shaxs bu kabi harbiy safarbarlik sababini oʻzlariga rasman ochiqlamagani"ini bildirgandi.

Daʼvolar va ayblovlar

Oʻtgan yil oxirida siyosiy raqibi va Jauzjon viloyati sobiq hokimi Ahmad Ishchi Afgʻoniston birinchi vitse-prezidentiga nisbatan jiddiy daʼvolar bilan chiqqan.

General Abdulrashid Doʻstumning buyrugʻi bilan oʻzining zoʻr bilan olib qochilganligi va nomaqbul munosabatda boʻlinganini iddao qilgan.

Afgʻoniston birinchi vitse-prezidentining shaxsan oʻzi va idorasi bu kabi ayblovlarni keskin rad qilgan va bularning barchasi "igʻvogarlik amali" ekanini bayon qilgan, Ahmad Ishchini ular emas, balki Afgʻoniston xavfsizlik kuchlari ushlaganliklarini aytgandi.

Afgʻoniston Prezidenti Muhammad Ashraf Gʻaniy Ahmad Ishchining daʼvolarini sinchkovlik bilan oʻrganishga vaʼda bergan, oʻtgan oy oxirida mamlakat Bosh prokuratura idorasi general Abdulrashid Doʻstum 9 nafar tan qoʻriqchisini hibsga olishga buyruq bergan.

Ularni uch bor soʻroq berish uchun oʻz huzurlariga chaqirgani, ammo bu xususdagi soʻrovlari bejavob qolganidan shikoyat qilib chiqqan.

Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti devoni rahbari Inoyatulloh Farahmandning BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha esa, general Abdulrashid Doʻstum toʻqqiz tan qoʻriqchisidan ikki nafari ustidan tekshiruv jarayonlari bundan ancha avval boshlangan.

Poytaxt Kobuldan olingan eng soʻnggi xabarlarga koʻra, Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti uyiga eltuvchi barcha yoʻllar ochilgan va harbiylar ham hududni tark etib boʻlishgan.

Devoni rahbarining bildirishicha, general Abdulrashid Doʻstum hozir Shirpurdagi uyida va "bundan avval ham BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida bayon qilganidek, Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti "oʻz ishini odatiy ravishda davom etdiradi".

"General Abdulrashid Doʻstum bu maqomga xalqning raʼyi bilan kelgan, uning oʻz vazifasi ijrosini davom etdirishi biror bir qonunga zid emas".

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring