Mirziyoyev yana yuzga yaqin shaxsga fuqarolik berdi

Pasport Image copyright Social
Image caption Pasport

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 fevral kuni 94 kishiga fuqarolik berish toʻgʻrisida navbatdagi farmonni imzolagan. Kuzatuvchilar bu kabi farmonlar yana chiqishini, koʻplab odamlar fuqarolik olish uchun kerakli hujjatlarni toʻplayotganini aytishadi.

Mirziyoyev 2016 yilning dekabr oyida imzolagan farmon bilan 179 shaxsga fuqarolik bergan edi.

Prezidentning matbuot xizmati yozishicha, "Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish toʻgʻrisida"gi farmonga koʻra Oʻzbekistonning turli hududlarida istiqomat qiluvchi 94 kishiga fuqarolik berilgan. Farmonda ularning qayerda tugʻilganligi va hozir qayerda yashashi doxil, yoshlarigacha oid maʼlumot bor.

Hujjatda aytilishicha, Oʻzbekiston fuqarolikka qabul qilish borasida ham qonuniylik, insonparvarlik va ijtimoiy bagʻrikenglik tamoyillariga asoslangan holda inson manfaatlariga rioya qilinishini taʼminlash chora-tadbirlarini tizimli ravishda amalga oshirib boradi.

Kuzatuvchilar ushbu soʻzlar fuqarolikka qabul qilish bundan soʻng ham davom etishi mumkinligidan darak berishini aytadi.

BBC bilan suhbatlashgan oʻzbekistonlikning aytishicha, u yashaydigan tumandagi fuqaroligi yoʻq shaxslarni tuman hokimi va viloyat pasport idorasining rahbari qabul qilgan.

"Hammalaringizning muammoingizni shu yerda oʻzimiz hal qilamiz, asosiysi portalga shikoyat qilib yozmanglar. Fuqarolik uchun kerakli hujjatlarni toʻplang va biz yuqoriga uzatamiz. Fuqarolik olasizlar deb aytgan" - deydi suhbatdoshimiz.

Dekabr oyida imzolangan fuqarolikka qabul qilish toʻgʻrisidagi farmonda fuqarolikka turli sharoitlar tufayli Oʻzbekistondan tashqarida boʻlgan va boshqa mamlakatda tugʻilib oʻsgan Oʻzbekistonda yashayotgan shaxslar qabul qilinishi aytilgan.

"Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida"gi Qonun kuchga kirgan vaqtda turli obʼektiv va boshqa hayotiy sharoitlarga koʻra mamlakat tashqarisida boʻlgan mahalliy aholi, shuningdek, boshqa mamlakatlarda tugʻilib-oʻsib, Oʻzbekistonni oʻz Vatani sifatida dildan tan olgan, uning taraqqiy etishi va gullab-yashnashi uchun munosib hissa qoʻshganlar qabul qilinishi mumkin".

1992 yili qabul qilingan "Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida"gi qonunda aytilishicha, chet el fuqaroligidan voz kechgan va soʻnggi 5 yil davomida Oʻzbekiston hududida yashagan shaxslar fuqarolik olishlari mumkin.

Fuqarolik olish toʻgʻrisida prezidentning farmoni chiqishi kerak boʻladi.

Biroq marhum prezident Islom Karimov Oʻzbekiston hududida koʻplab yillardan beri yashayotgan shaxslarga fuqarolik berishga ishtiyoqi boʻlmagani aytiladi.

20-25 yildan beri Oʻzbekiston hududida yashagan koʻplab odamlarning hukumatga qilgan sanoqsiz murojaatlari eʼtiborsiz qoldirilgan.

Biroq hukumat tepasiga Shavkat Mirziyoyev kelganidan buyon bu borada ijobiy oʻzgarishlar boʻlayotgani aytiladi. 300 ga yaqin shaxsga fuqarolik berilishi va bu jarayonning davom etishi shundan darak beradi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring