Kimni oldin mustaqil qilsak - mahkamani yo matbuotni?

Prezident Shavkat Mirziyoyev Image copyright uza.uz
Image caption Shavkat Mirziyoyev sudlarni mustaqilligi uchun oldin matbuotni mustaqil qilishi kerakmi?

Prezident Mirziyoyev 21 fevral kuni "Oʻzbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirishchora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmonga imzo chekarkan, bu mamlakatdagi muhim islohotlardan biri, deb talqin etila boshland

Darhaqiqat, farmon sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash va tayinlash tartibini yanada takomillashtirishni koʻzda tutadi.

Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish boʻyicha oliy malaka komissiyasi aniq huquqiy maqomga ega emas, oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi va cheklangan vakolatlarga ega.

"Bundan tashqari, sud hokimiyatining ikki oliy organi - Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudining mavjudligi sud tizimini boshqarish vazifalarining takrorlanishiga, yagona sud amaliyoti taʼminlanmasligiga olib kelmoqda", - deyiladi unda.

Harbiy sud sudyalarining Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiritilganligi, adliya organlari tomonidan umumiy yurisdiktsiya sudlari faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash tartibi sud hokimiyatining mustaqilligi tamoyiliga muvofiq kelmayotganligi taʼkidlangan.

Qarordan anglashilishicha, Oliy va Oliy xoʻjalik sudi birlashtiriladi va sud hokimiyatining yagona oliy organi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tashkil qilinadi. Harbiy sud Oliy sud tarkibiga kiritiladi.

Toshkentdan huquqshunos Ruhiddin Komilovning BBCga aytishicha, farmon sud tizimini isloh qilish uchun qoʻyilgan muhim qadamdir.

"Ilgari bitta qonun ostida ishlaydigan ikkita Oliy sud bor edi. Farmonga asosan ikkalasi birlashtiriladi. Nimagaki bitta respublikada ikkita Oliy sud boʻlishi mumkin emas edi. Oldin bitta edi, keyin ikkita qilishdi. Oʻsha xatoni toʻgʻrilab yana bitta qilishyapti. Bu yagona sud va yagona rahbarlik tizimini amalga oshirish uchun kerak boʻlgan elementlardan biri", - deydi Ruhiddin Komilov.

Huquqshunosga koʻra, hakamlarni tayinlash uchun tuzilayotgan kengash va unga jamoatchilik vakillarining kiritilishi toʻgʻrisidagi tashabbus yangilik hamda u biroz boʻlsada shaffoflik, oshkoralikni taʼminlashga xizmat qiladi.

"Biroq sudlarning toʻla maʼnoda mustaqilligini taʼminlash uchun Prezident chiqarayotgan farmonlar yetarli emas. Buning uchun matbuot mustaqil va hukumatga tom maʼnoda yordam beradigan sogʻlom muxolifat boʻlishi kerak. Jamoat nazoratini oʻrnatish orqaliginiga sudlarning mustaqlligi va shaffofligini taʼminlash mumkin", - deydi Ruhiddin Komilov.

Prezident farmoni Konstitutsiyaga zidmi?

Farmon ijtimoiy tarmoqlardagi oʻzbekistonliklarning ham eʼtiborini tortgan. Fikr bildiruvchilardan biri farmon Konstitutsiyaning 107 chi moddasiga toʻgʻridan toʻgʻri zid ekanligini yozdi.

"Hech kim eʼtibor bermadiki, kechagi sudlarni birlashtirish toʻgʻrisidagi farmon Konstitutsiyaning 107- moddasiga toʻgʻridan-toʻgʻri zid. Avval Konstitutsiyadan sud tizimi tarkibi borasidagi normalarni oʻzgartirib keyin istalgan Farmon chiqaravermaydimi".

Konstitutsiyaning ushbu moddasida sudlar tarkibi yozib oʻtilgan va unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi ham koʻrsatilgan.

Huquqshunos Ruhiddin Komilov farmon Konstitutsiyaga zid emasligini, Prezidentga qonunchilik tashabbusi berilganini va chiqarilgan farmon hamda qarorlar asosida Konstitutsiyaga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkinligini aytadi.

Prezident Farmoniga berilgan sharhda ham ushbu holatga alohida toʻxtab oʻtilgan.

"Taʼkidlash joizki, Farmonda nazarda tutilgan talablarni amalga oshirish bir qator normativ-huquqiy hujjatlarga, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Xoʻjalik protsessual, Fuqarolik protsessual kodekslariga, "Sudlar toʻgʻrisida"gi Qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni talab etadi".

BBC Oʻzbek xizmatining videolarini www.bbcuzbek.com da ham koʻrishingiz mumkin.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq