Muhammad Bekjon: Darvozadan chiqquncha ozod boʻlganimga ishonmadim

Muhammad Bekjon: Darvozadan chiqquncha ozod boʻlganimga ishonmadim Image copyright Social media
Image caption Muhammad Bekjon: Darvozadan chiqquncha ozod boʻlganimga ishonmadim

Qariyb 18 yil Oʻzbekiston qamoqxonalarida oʻtirgan jurnalist Muhammad Bekjon ochiqlikka chiqqanidan soʻng 2 kun oʻtsa ham koʻziga uyqu kelmayotganini aytdi. "Erk" gazetasi sobiq muharriri Bekjonning bildirishicha, qamoqxona eshigidan tashqariga qadam qoʻymaguncha ozod boʻlishiga shubha bilan qaragan.

Jurnalist soʻnggi besh yilni Zarafshondagi 48 - sonli jazoni ijro etish muassasasida oʻtkazgan.

"Chiqishimdan ikki kun oldin oʻzini boshqarmadanman, deb tanishtirgan bir xodim kelib men bilan suhbatlashdi. Bir soatlarcha suhbatlashib oʻtirganimizda, mabodo chiqib qolsangiz yuqoriga qanday iltimoslaringiz bor, deb soʻradi. Men Toshkentdagi uyimni qaytarib berishlarini va shu paytgacha Oʻzbekistonga kelishiga viza berilmayotgan Amerikadagi bolalarimga viza berishlari haqida aytdim. Oʻshanda ozodlikka chiqishimni bildim".

Boshqarmadan kelgan xodim oʻzini va qaysi idoradan kelgani haqida maʼlumot bermagan. Ammo u kelib ketganidan soʻng Muhammad Bekjonga soch oʻstirish uchun ruxsat berishgan.

"Soch oʻstirishga ruxsat berishgandan soʻng, chiqarishar ekan, deb oʻylay boshladim. Ammo yana shubha uygʻona boshladi. Yana oldingi safargidek boʻlmasmikan degan xayollarga bordim. Oʻtgan safar ham Kosondaligim vaqti 2011 yilning dekabr oyida ketishim kerak edi. Sochimni oʻstirishga ruxsat berishib, hatto suddan ham oʻtgandim, lekin yana besh yilga uzaytirishdi".

- Chiqadigan kunim ertalabki tekshiruv vaqti meni olib ketishdi. Kiyintirish xonasiga olib kelib kiyimlarni berdi. Ozodlikka chiqadigan boshqalar bilan birga soat 12 gacha kutib oʻtirdik. Soat 12 da shtabga chaqirishdi. Xodimlar, biz ham sizdan koʻproq kutib oʻtiribmiz, javob kelsa ketasiz. Agar mabodo javob kelmasa, oʻzingizni yoʻqotib qoʻymang, deb tayyorlashdi, deydi Muhammad Bekjon.

Bir soatning ichida ozodlikka chiqish toʻgʻrisida uzoq kutilgan javob kelgan. Shundan soʻng jurnalistni ozodlikka chiqarish rasmiyatchiliklari boshlangan. Hujjatlar toʻldirilgan va ozodlikda sarflash uchun davlat tomonidan belgilangan yordam pullarini olgan.

"Qamoqxona maʼmurlari darvozadan chiqquncha meni kuzatib qoʻyishdi, videolarga olishdi. Darvozadan chiqqanimdan keyin ozodlikka chiqqanimga ishondim".

Tashqarida jurnalistning yaqinlari kutib olishgan. Qamoqxona tomonidan biriktirilgan xodim ularni Xorazmdagi militsiya punktiga kelguncha kuzatib kelgan. Militsiya idorasida yana hujjatlar toʻldirilgan va jurnalist yaqinlari bilan uyiga ketgan.

Uning aytishicha, Zarafshondagi qamoqxona nozirlari unga yaxshi munosabatda boʻlgan.

"Qattiq hayojonda boʻlganim uchun ikki kundan beri uxlamayapman.Hozircha hech qanday rejam yoʻq, ikki-uch kun dam olib keyin oʻylab koʻramiz".

Muhammad Bekjon uyini qaytarish va farzandlarining Oʻzbekistonga kelishiga izn berish borasida hukumatdan soʻragan iltimosiga hanuz javob olmaganini aytdi.

U Amerikaga bolalari oldiga borishdan koʻra, ularning Oʻzbekistonga kelishini koʻproq istayotganini bildirdi.

"Menda hali Oʻzbekiston pasporti ham yoʻq. Jinoiy ishimda Qirgʻizistonning chetga chiqish pasportini qoldirishgan. Ichki ishlar vazirligida mening Sovet pasportim bor edi, Toshkent propiskasi bilan. Uni olib qolishib, Qirgʻiziston pasportini qoldirishgan".

Jurnalist 2002 yilgacha qiynoqqa tutilganini aytadi.

"2002 yilgacha qiynoqlarning barcha turini qoʻllashdi. Oʻsha yili Jasliqda oyogʻim singan. Quloqlarim hozir ham yaxshi eshitmaydi. 2002 yildan keyin qiynoqlarni toʻxtatishgan".

Toshkentdagi AQSh elchixonasi jurnalist Muhammad Bekjonning 18 yildan soʻng ozodlikka chiqqanini olqishlagan.

"Uning oilasi bagʻriga qaytganini koʻrishdan xursandmiz. Muhammad Bekjonning ozodlikka chiqarilishini Oʻzbekiston hukumati tomonidan qoʻyilgan ijobiy qadam deya baholaymiz. Oʻzbekistonni uzoq muddatdan beri qamoqxonalarda qolayotgan boshqa jurnalist, faol va diniy mahkumlarni ozod qilib, ushbu ruhda davom etishga chaqiramiz", - deyiladi elchixona tomonidan tarqatilgan xabarda.

Jahondagi tutqinlikda eng uzoq saqlangan jurnalist

Parijdagi "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotiga koʻra, 62 yoshli Muhammad Bekjon dunyodagi eng uzoq muddat qamoqda qolayotgan jurnalist hisoblanadi.

U muxolifatdagi "Erk" demokratik partiyasi rahbari Muhammad Solihning ukasi va "Erk" roʻznomasining sobiq bosh muharriridir.

Oʻzbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov vafotidan soʻng hukumat tepasiga Shavkat Mirziyoyevning kelishi jamoatchilikda siyosiy ayblovlar bilan qamalgan mahkumlar nisbatan oʻzgacha munosabat boʻlishi kutilayotgan edi.

AQSh elchixonasi 2016 yilning 3 oktyabr kuni Muhammad Bekjonning tugʻilgan kuni bilan tabriklagan va uni "shubhali ayblovlar bilan qamoqqa tashlanganini" bildirgandi.

Jurnalistlarning xalqaro tashkiloti ushbu roʻznoma ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muammolarni yoritgan mustaqil Oʻzbekistondagi ilk nashrlardan biri boʻlganini qayd etgan.

1999 yilgi Toshkent portlashlaridan Oʻzbek rejimi oʻz tanqidchilari ovozini oʻchirish maqsadida foydalandi va qiynoqlar ostida Muhammad Bekjon terrorizmga aloqadorligini tan olishga majbur boʻldi, deyiladi "Chegara bilmas muxbirlar" bayonotida.

Muhammad Bekjon va yana bir oʻzbekistonlik jurnalist Yusuf Roʻzimurodov 1999 yil Toshkent portlashlaridan keyin Ukrainada qoʻlga olinib, Oʻzbek hukumati talabi bilan vataniga ekstraditsiya qilingan.

Olti oy oʻtgach, ularga taqiqlangan gazeta va materiallar chop etish va tarqatish, taqiqlangan siyosiy namoyishlarda qatnashish hamda hukumatni agʻdarishga urinish kabi ayblovlar qoʻyilgan.

Mahkama jarayonida Bekjonov va Roʻzimurodov oʻzlariga qoʻyilgan ayblarni rad etib, qiynoqqa solinganlarini aytishgan.

Mahkama Muhammad Bekjonni 15 yilga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqargan, 2003 yilda uning jazo muddati 3 yil 8 oyga qisqartirilgan edi.

2012 yil yanvarda jazo muddati nihoyasiga yetishidan oldin Oʻzbek mahkamasi Bekjonovni qamoqxona tartibini buzganlikda ayblab, uning jazo muddatini yana besh yilga choʻzgan.

Shu yil mart oyida Navoiydagi qamoqxonada turmush oʻrtogʻini borib koʻrgan Muhammad Bekjonning ayoli Nina Bekjonova uning salomatligi juda yomonlashganiga guvoh boʻlgan.

Oʻshanda Nina Bekjonovaning aytishicha, turmush oʻrtogʻi sil kasalligidan azob chekmoqda, grijasini olib tashlash uchun jarrohlik amaliyoti zarur.

Muhammad Bekjon muxolifatdagi "Erk" partiyasining rahbari, Oʻzbekiston Xalq Harakatining yetakchisi Muhammad Solihning ukasidir.

•BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring