Fargʻonada portlash: Qurbonlar bor

"Fargʻonaazot" Image copyright Sputnik
Image caption "Fargʻonaazot" - Oʻzbekistondagi eng yirik kimyo korxonalaridan

Fargʻona shahridagi mashhur "Fargʻonaazot" kimyo zavodida sodir boʻlgan portlashda insoniy talofotlar berilgan.

Oʻzbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi vebsahifasidagi xabar qurbonlar haqida boshqa maʼlumot bermaydi.

BBC "Fargʻonaazot" zavodi rahbariyati bilan bogʻlandi, ammo suhbatdosh qurbonlar soni haqida maʼlumot berishdan bosh tortdi va "hozirda tergov olib borayotgan komissiya xulosasi"ni kutishni tavsiya qildi.

Rasmiy xabarga koʻra, portlash 23 fevral tushdan keyingi soat 4 yarimda yuz bergan.

Hodisa sabablari va miqyosi haqida ham boshqa maʼlumotlar yoʻq.

Biroq portlash taʼmir-montaj ishlari oʻtkazilayotgan ammiak tsexida roʻy bergani bildirilmoqda.

Oʻzbekiston hukumati hozir voqea sabablarini oʻrganish uchun maxsus komissiya tuzgan.

Shuningdek, jabrlanganlarning oilalariga yordam berishmoqchi.

Ammo qancha odam va qanday talafotlar berilgan - hozircha nomaʼlum.

Muhim korxona

"Fargʻonaazot" - Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi uchun eng muhim kimyoviy oʻgʻitlar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaradigan yirik korxonalardan biri.

Bu yerda muhim iqtisodiy va ziroat ahamiyatiga molik ashyolar: ammiakli selitra, ammiak, defoliant, atsetatli tola, karbamid-ammiak qorishmasi, bikarbonat natriy va yana qator murakkkab tarkibli kimyoviy mahsulotlar hamda oʻgʻitlar ishlab chiqaradi.

Ishlab chiqarish jarayonida esa tabiiy gaz, oltingugurt va tuz kislotalari, xlorli magniy kabi moddalar ishlatilishi aytiladi.

Sovet Ittifoqi qulashi ortidan Oʻzbekistondagi qator yirik korxonalar kasodga uchragan yoki yopilib ketgan boʻlsa-da, dehqonchilik uchun muhim boʻlgan Fargʻona va Navoiydagi kimyoviy korxonalar ishlashda davom etgan.

Ularning mahsulotlari nafaqat mamlakat ichkarisida ishlatiladi, balki Rossiya, Eron, Xitoy hamda Markaziy Osiyodagi qoʻshnilarga ham sotiladi.

Korxona oʻz vebahifasida zamonaviylashgani haqida qanchalik yozmasin, bugungi kun talab va xavfsizlik qoidalariga qanchalik javob berishi maʼlum emas.

Sobiq Sovet Ittifoqining koʻplab davlatlarida eski korxona yo omborlarda baxtsiz hodisalar tez-tez uchrab turadi.

Bir necha yil oldin Buxoroga yaqin Kogon shahrida SSSRdan qolgan ulkan oʻq-dori ombori portlab ketgandi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq