136 turk diplomatlari Germaniyadan boshpana soʻragan

Prezident Rajab Toyib Erdoʻgʻan Image copyright Getty Images
Image caption Prezident Rajab Toyib Erdoʻgʻan oʻziga qarshi amalga oshmay qolgan davlat toʻntarishi harakati ishtirokchilarini jazolashni davom ettirmoqda

Germaniyaning bildirishicha, oʻtgan iyulda Turkiyada yuz bergan davlat toʻntarishi harakatidan beri 136 turk diplomatik pasportiga ega shaxs Germaniyadan siyosiy boshpana soʻragan.

Turkiya Germaniyadan harbiy zobitlarga boshpana bermaslikni soʻragan.

Boshpana soʻraganlar ichida Germaniyadagi NATO bazalarida joylashgan turk zobitlari bor.

Gretsiyada ham ikki turk askarlari boshpana soʻrashgan.

Desant ekani xabar qilinayotgan ikki askar Prezident Rajab Toyib Erdoʻgʻanga qarshi amalga oshmay qolgan davlat toʻntarishi harakatida ishtirok etganlari ishoniladi.

Ular oʻtgan hafta turk-grek chegarasidagi Orestiada shahrida boshpana soʻraganlaridan beri Gretsiya politsiyasi qoʻlida ushlab turilibdi.

Oʻtgan oy Gretsiya sudi davlat toʻntarishi harakati ortidan qochib kelgan sakkiz turk askarini vataniga qaytarish boʻyicha Turkiya talabini rad qildi.

Turkiya mazkur qarorga qarshi shikoyat qilgan.

Germaniya ichki ishlar vaziri boshpana soʻragan 136 turkning ism-shariflarini oshkor qilmadi.

Diplomatik pasportlar nafaqat diplomatlar, balki ularning turmush oʻrtoqlari va farzandlarida ham bor.

Ularning arizasi qondirilgani yo qondirilmagani hozircha nomaʼlum.

Qochqin askarlar Turkiyada adolatli mahkamaga tortilishlariga ishonmasliklarini aytganlar.

Turkiya hukumati ayni damda 100 ming davlat idoralari xodimlari, jumladan oʻqituvchilar, politsiya zobitlari va adliya xodimlarini ishdan boʻshatgan.

Oʻn minglab odamlar hibsga olingan.

Turkiya hukumati uni toʻntarishga uringanlar AQShda quvgʻinda yashovchi ruhoniy Fathullo Gulanning tarafdorlari ekaniga ishonadi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring